O‘zbekiston | 21:32 / 05.12.2024
5652
6 daqiqa o‘qiladi

5 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Talabalar uchun qishki ta’til muddati, parlament 9 daqiqada tasdiqlagan qo‘shimcha 10 trln xarajat, prezident maslahatchilari tarkibidagi yangilanishlar, xalqaro mukofotga sazovor bo‘lgan «Ezgulik» jamiyati — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Talabalar uchun qishki ta’til qachon?

Ko‘rsatuvimizni barcha talaba yoshlarni qiziqtirgan xabar bilan boshlaymiz.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining buyrug‘iga ko‘ra, 2024-2025 o‘quv yilining qishki ta’tili 25 dekabrda boshlanadi.

Qishki ta’til 2025 yil 7 yanvar kunigacha (shu kun ham) davom etadi. Ta’til barcha oliy ta’lim tashkilotlari, texnikum, kollej, kasb-hunar maktablari va akademik litsey o‘quvchilari uchun belgilandi.

Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, bu qaror ta’lim jarayonlarini samarali tashkil etish maqsadida qabul qilingan.

Demak, oliy va o‘rta maxsus ta’lim maskanlarida qishki ta’tildan so‘ng o‘qish 2025 yilning 8 yanvar kuni boshlanadi.

Hukumat 10 trln so‘m ortiqcha sarfladi

2024 yil uchun davlat budjeti xarajatlari 10 trln so‘mga ko‘payib, 265,4 trln so‘mga yetdi.

E’tiborlisi, yangidan shakllantirilgan Qonunchilik palatasi o‘zgarishlarni 9 daqiqa ichida tasdiqladi, qarshi ovoz berilmadi. Hech bir deputat nega bunday xarajatlar kelib chiqqani yuzasidan savol ham bermagan.

Budjetning ortiqcha xarajatlari ta’lim, madaniyat, infratuzilma va ijtimoiy dasturlarga qayta taqsimlangan.

Qo‘shimcha xarajatlar uchun ta’lim kreditlari, ijtimoiy yordamlar va energiya ta’minoti uchun 2 trln so‘m ajratildi. Shu bilan birga, bolalar nafaqalari va moddiy yordamlar 2 trln so‘mga qisqartirildi. Madaniyat va infratuzilma uchun 1,7 trln so‘m tejalgan mablag‘ qayta taqsimlandi.

Spiker Nuriddin Ismoilovning ta’kidlashicha, qonun 4 moddadan iborat bo‘lib, qo‘mitalarda muhokama qilingan va shu kunning o‘zidayoq qabul qilingan. Qonun Senatga yuborildi.

Prezident maslahatchilari tarkibi yangilandi

O‘zbekiston prezidentining ijtimoiy-siyosiy, diniy-ma’rifiy va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga Ruslanbek Davletov tayinlandi. Shu munosabat bilan u ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimidan ozod etildi.

Yaqindagina ishdan olingan DXXning sobiq raisi Abdusalom Azizov yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. U Davlat xavfsizlik xizmatiga rais bo‘lishidan avval IIV, mudofaa vazirligida faoliyat yuritgan, general-leytenant harbiy unvoniga ega.

Suxrob Yusupov va Adham Turdiyev ham maslahatchining o‘rinbosarlari etib tayinlanishdi. Ular muqaddam Adliya vazirligida turli lavozimlarda ishlagan.

Muzaffar Komilov va Olim Saliyev din va millatlararo munosabatlar bo‘yicha maslahatchi va uning o‘rinbosari lavozimlaridan ozod etildi.

Xalqaro mukofotga sazovor «Ezgulik»

O‘zbekistonning «Ezgulik» inson huquqlari jamiyati Fransiya Respublikasining «Ozodlik, tenglik, birodarlik» xalqaro mukofoti bilan taqdirlandi. Bu haqda Fransiya Inson huquqlari bo‘yicha Milliy maslahat komissiyasi xabar berdi.

«Ezgulik» O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan yagona mustaqil inson huquqlari tashkiloti sifatida tan olingan. Mukofot ularning Rossiyada istiqomat qilayotgan o‘zbek ishchilari va mahbuslarining armiyaga majburiy jalb etilishiga qarshi xabardorlikni oshirish bo‘yicha loyihasi uchun berildi.

Mukofot 10 dekabr – Inson huquqlari kunida Parijda o‘tkaziladigan marosimda jamiyat rahbari Abdurahmon Tashanovga Fransiya Bosh vaziri tomonidan topshiriladi.

Shuningdek, g‘oliblar orasida Kamerun, Haiti, Kolumbiya va Suriyadan tashkilotlar ham bor.

Xorijdagi mahkumlarni qabul qilish tartibi

Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan xorijdagi o‘zbekistonliklarning huquq va erkinliklarini himoya qilish kuchaytirildi.

Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar xorijda jazo o‘tayotgan yoki majburiy davolanishda bo‘lgan fuqarolarni O‘zbekistonga qabul qilish tartibini belgiladi.

Qonun yangi bob orqali xorijiy sud qarori ijrosi, mahkumlarni qabul qilish, jazo yoki davolashni davom ettirish tartibini qamrab oladi. Shuningdek, sud jarayoni ishtirokchilari uchun aniq protsessual maqom belgilashga qaratilgan.

Mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi. Oktyabr oyida Senat yalpi majlisida ma’qullangan ushbu qonun o‘zbekistonlik fuqarolar huquqlarini himoya qilishda muhim qadam bo‘ldi.

Parlament saylovlari xorijlik ekspertlar nigohida

5 dekabr kuni Toshkentda xalqaro konferensiyada 2024 yil oktyabr oyidagi parlament saylovlari natijalari muhokama qilindi. Progressiv islohotlar markazi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda siyosatchilar, fuqarolik jamiyati yetakchilari va xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

Konferensiyada yoshlar ishtiroki kengaygani, parlamentda ayollar ulushi oshgani va raqamli texnologiyalarning joriy qilinishi inson omilini kamaytirgani qayd etildi.

«e-saylov tizimi inson omilini qisqartirib, demokratik jarayonlarga qulaylik yaratdi. Bu tajribani xorijiy kuzatuvchilar ham o‘rganish istagini bildirdi», — dedi Oliy Majlis Senati birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev.

Tadbirda yangi parlamentning islohotlardagi o‘rni va kelgusi istiqbollari muhokama qilindi. Xalqaro ekspertlar saylovlardagi raqamli innovatsiyalarni yuqori baholadi.

Mavzuga oid