Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 3 dekabr kungi majlisida 2024 yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartishlar kiritildi. Unda davlat xarajatlarini ko‘paytirish nazar tutilgan.
O‘zgarishlarga ko‘ra, davlat organlarining xarajatlari qo‘shimcha ravishda 9,98 trln so‘mga oshiriladi. Natijada davlat budjeti xarajatlari amalda tasdiqlangan 255,4 trln so‘mdan 265,4 trln so‘mga ko‘paytiriladi.
Majlisga yig‘ilgan deputatlarning barchasi o‘zgarishlarni yoqlab ovoz berdi. Tuzatishlarni ko‘rib chiqish palata yalpi majlisida jami 9 daqiqa davom etdi. Shundan 5 daqiqasi iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari Ahadbek Haydarovning nutqiga sarflandi.
“Talab yuqoriligi sababli ta’lim kreditlarini moliyalashtirish jamg‘armasiga ajratiladigan transfertlar miqdori 841 mlrd so‘mga oshirilyapti. Prezident qaroriga asosan, allergik va ikkilamchi immunitet tanqisligi kasalliklariga chalingan Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan bemorlar uchun ingalyatsion dorilarni bepul tarqatish bilan bog‘liq xarajatlar uchun qo‘shimcha 30 mlrd so‘m ajratilyapti. Shuningdek, madaniyat va san’atni rivojlantirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shuningdek, Madaniyat vazirligining markaziy apparati va hududiy bo‘linmalarini moddiy rag‘batlantirish uchun qo‘shimcha 100 mlrd so‘m, isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga bir martalik yordam to‘lovlari va elektr energiyasi va gaz narxlarining bazaviy me’yoridan oshganligi o‘rtasidagi farqning o‘rnini qoplashga kompensatsiya uchun 592 mlrd so‘m, mahallalardagi eng dolzarb infratuzilma masalalarini hal etish uchun esa 1 trln 344 mlrd so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratilgan”, – dedi vazir o‘rinbosari.
Haydarovning qo‘shimcha qilishicha, budjet tashkilotlaridagi vakant lavozimlar va samarasiz yoki bir-birini takrorlovchi shtat birliklarini qisqartirish hisobiga 1 trln so‘m miqdoridagi xarajatlarni maqbullashtirish taklif etilyapti.
O‘rnatilgan mezonlarni qayta ko‘rib chiqish natijasida bolalar nafaqalari va moddiy yordamdan 2 trln so‘m tejalishi ko‘zda tutilgan.










