Ruslanbek Quroltayyevich Davletov O‘zbekiston prezidentining ijtimoiy-siyosiy, diniy-ma’rifiy va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi. U shu munosabat bilan O‘zbekiston prezidentining ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimidan ozod etildi.

Ruslanbek Davletov 2017 yildan O‘zbekiston Adliya vazirligini boshqargan, 2022 yil noyabrida prezidentning ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga o‘tkazilgandi.

Prezident matbuot xizmati xabar berishicha, DXX sobiq raisi Abdusalom Abdumavlonovich Azizov Davletovning yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangan.

Azizov 2017 yil yanvar–sentabr oylarida ichki ishlar vaziri, 2017 yil sentabrdan 2019 yil fevralgacha mudofaa vaziri lavozimlarida faoliyat yuritgan, shundan keyin besh yil davomida Davlat xavfsizlik xizmatiga rahbarlik qilgan, 2024 yil noyabr oyi oxirida Komil Allamjonovga suiqasd bo‘yicha ish doirasida ishdan olingandi.

Suxrob Jo‘raqulovich Yusupov ham O‘zbekiston prezidentining ijtimoiy-siyosiy, diniy-ma’rifiy va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. U shu munosabat bilan O‘zbekiston prezidentining ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.

Adham Muratovich Turdiyev O‘zbekiston prezidentining ijtimoiy-siyosiy, diniy-ma’rifiy va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. U bungacha O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi shu’basi mudiri lavozimida ishlayotgandi.

Yusupov va Turdiyev muqaddam Adliya vazirligi tizimida turli lavozimlarda ishlagan.

Shuningdek, Muzaffar Murotovich Komilov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan O‘zbekiston prezidentining din va millatlararo munosabatlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimidan ozod etildi.