Jahon | 21:45 / 09.01.2025
1649
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Oqtov yaqinidagi aviahalokatning xolisona tergov qilinishidan manfaatdor - Peskov

Tergov organlariga zarur topshiriqlar berildi, dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi.

Foto: RIA Novosti

Rossiya Azerbaijan Airlines (AZAL) aviakompaniyasi samolyotining Oqtov shahri yaqinida halokatga uchrashi yuzasidan mutlaqo obektiv va xolis tergov o‘tkazilishidan manfaatdor. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.

«Tergov idoralariga kerakli ko‘rsatmalar berildi <…> Biz ushbu halokat sabablarini aniqlash uchun mutlaqo obektiv va xolis tergov o‘tkazilishidan manfaatdormiz», dedi Kreml vakili jurnalistlarga.

Peskov aviahalokatdan so‘ng Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev ikki marta telefon orqali gaplashganini, Rossiya rahbari uzr so‘rab, taassuf so‘zlarini aytganini eslatdi. «Ushbu halokat sabablarini o‘rganishda barcha zarur yordam va hamkorlik ko‘rsatilmoqda», dedi Kreml vakili.

29 dekabr kuni Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Ozarboyjon televideniyesiga intervyu berib, Rossiya AZAL samolyotining Oqtovda qulashi sabablarini «bosti-bosti» qilmoqchi bo‘lganidan afsusda ekanini aytdi. Uning ta’kidlashicha, «samolyot ataylab urib tushirilmagani aniq», lekin Rossiya tomoni voqeadagi aybini zudlik bilan tan olib, Ozarboyjondan kechirim so‘rashi kerak edi. «Afsuski, dastlabki uch kun davomida biz Rossiyadan uydirma versiyalardan boshqa hech narsa eshitmadik», deb xulosa qildi Aliyev.

7 yanvar kuni Ozarboyjon rahbari Moskvadan aybni rasman o‘z zimmasiga olishni, aybdorlarni jazolashni hamda tovon puli to‘lashni talab qilayotganini yana bir bor ta’kidladi.

 

Mavzuga oid