AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushi O‘zbekistonga qanday ta’sir qiladi?
Tramp 2018 yilda Xitoy tovarlariga bojlar kiritgani sabab 2019 yilda O‘zbekistonning Xitoyga eksporti 22 foizga kamaygan, Xitoydan import esa 34 foizga oshgan edi, deya ma’lum qildi O‘zbekiston Markaziy banki rasmiysi. Shu bilan birga, Amerika siyosatidagi o‘zgarishlar fonida oltin narxining qimmatlashishi O‘zbekistonning umumiy eksporti oshishiga xizmat qiladi.

Foto: Kun.uz
12 fevral kuni Markaziy bankda “O‘zbekiston to‘lov balansi, xalqaro investitsiyaviy mavqeyi va tashqi qarzi hamda valuta almashuv kursiga oid masalalar” mavzusida mediamuloqot bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ishtirok etgan Markaziy bank Valutani tartibga solish va to‘lov balansi departamenti direktori Otabek Tojiddinovning ma’lum qilishicha, 2025 yilda O‘zbekistonning eksporti 9-10 foiz atrofida o‘sishi prognoz qilinyapti.
Tadbirda Kun.uz muxbiri AQSh va Xitoy o‘rtasida boshlangan savdo urushining yangi davri O‘zbekiston tashqi savdosiga qanday ta’sir qilishi haqidagi savol bilan rasmiylarga yuzlandi.
Otabek Tojiddinovning aytishicha, 2018 yilda (Trampning birinchi prezidentlik muddatida) AQShda Xitoy tovarlariga to‘siqlar kiritilishi 2019 yilda O‘zbekistondan Xitoyga eksport hajmining 22 foizga qisqarishiga, import hajmining esa 34 foizga oshishiga olib kelgan.
“Bu O‘zbekistonga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaydi. Xitoy bizning asosiy savdo hamkorimiz. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida Xitoyning ulushi 18,9 foizni tashkil qilgan. Shu jihatdan, eksportda kamayish, importda esa o‘sish vujudga kelishi mumkin. Trampning bunday xatti-harakati ilk marta sodir bo‘lmayapti. Birinchi muddatga saylangan payti ham, 2018 yilda cheklovlar kiritgandi. Natijada 2019 yilda O‘zbekistondan Xitoyga eksport hajmi 22 foizga qisqargan bo‘lsa, import hajmi 34 foizga oshgandi. Bundan ko‘rinib turibdiki, Xitoy Qo‘shma Shtatlarga eksportining qisqarishini boshqa muqobil bozorlar hisobiga qoplashga harakat qiladi. Bunday bozorlardan biri – O‘zbekiston.
O‘z navbatida, Markaziy Osiyo mamlakatlari orqali Xitoy eksportining oshishi ushbu hududlardagi transport va logistika koridorlaridan keng foydalanishga yo‘l ochadi. Natijada xizmatlar eksportimiz oshadi.
Ayni paytda AQShda Xitoy mahsulotlari uchun 10 foizlik tariflarning kiritilishi O‘zbekistonga qanday ta’sir qilishi bo‘yicha aniq hisob-kitoblarimiz yo‘q. Bu jarayonni uzoqroq muddat, hech bo‘lmaganda bir chorak kuzatib borsak, keyin raqamlarni keltirsak bo‘ladi”, dedi MB rasmiysi.
Markaziy bank Pul-kredit siyosati departamenti direktori Samig‘jon Inog‘omovga ko‘ra, Amerika siyosatidagi keskin o‘zgarishlar fonida O‘zbekistonning asosiy eksport tovari bo‘lgan oltin narxi qimmatlashib boryapti.
“Joriy yilda O‘zbekiston eksportining 9-10 foizga o‘sishi haqidagi raqam – konservativ prognoz. 2024 yilning yakuni bo‘yicha umumiy eksport 8,4 foizga oshgan. Agar oltinsiz eksportning o‘zini oladigan bo‘lsak, bu ko‘rsatkich – 16,6 foiz. Aytmoqchi bo‘lganim, 9-10 foiz juda ham yuqori qo‘yilgan prognoz emas.
Amerika siyosatidagi keskin o‘zgarishlar oltin bahosining oshishini qo‘llab-quvvatlayapti. Narxlar deyarli 3000 dollargacha ko‘tarildi. Bu esa bizning eng asosiy eksport tovarimiz bo‘lgan qimmatbaho metall eksporti uchun ahamiyatli.
Bundan tashqari, yashil energetikaning ko‘lami ham butun dunyoda kengayib boryapti. Masalan, Xitoy bu borada juda katta ishlarni amalga oshiryapti. Bu esa birinchi navbatda misga bo‘lgan talabni rag‘batlantiradi. O‘zbekiston esa mis eksporti bo‘yicha eng yirik eksportyorlardan biri hisoblanadi. Yoshlik koni yangi qismlarining ishga tushirilishi ham belgilangan. Bu ham mis eksportini ko‘paytirishga yordam beradi.
Rossiyaga qo‘llanayotgan sanksiyalar O‘zbekistondan yuboriladigan oziq-ovqat mahsulotlariga talabni oshiryapti. Shularni inobatga olib, eksport hajmining o‘sishi 9-10 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinyapti”, dedi Samig‘jon Inog‘omov.
Xitoyga eksport qisqarib boryapti
Statistika agentligi hisobotiga ko‘ra, 2024 yilda O‘zbekistonning Xitoyga eksporti 2 mlrd dollarni, import hajmi esa 10,4 mlrd dollarni tashkil etgan. Oxirgi yillarda Xitoyga eksport hajmi quyidagicha bo‘lgan:
- 2021 yil – 2 mlrd 518,8 mln dollar;
- 2022 yil – 2 mlrd 632 mln dollar;
- 2023 yil – 2 mlrd 486,6 mln dollar;
- 2024 yil – 2 mlrd 54,9 mln dollar.
Xitoydan import qilish ko‘rsatkichlari quyidagicha o‘zgargan:
- 2021 yil – 4 mlrd 922,1 mln dollar;
- 2022 yil – 6 mlrd 427,7 mln dollar;
- 2023 yil – 11 mlrd 339,1 mln dollar;
- 2024 yil – 10 mlrd 431,8 mln dollar.
2021-2024 yillar oralig‘ida O‘zbekistonning Xitoyga eksporti 18,4 foizga kamaygan bo‘lsa, import hajmi 2,1 barobarga o‘sgan.
Tavsiya etamiz
Magic City'ning egasi yana o‘zgaradi
O‘zbekiston | 21:22 / 17.03.2025
«Balki uddalarmiz, balki yo‘q». Tramp ertaga Putin bilan gaplashishga va’da berdi
Jahon | 20:36 / 17.03.2025
Emmanuel Makron Yevropaga «yadroviy qalqon» taklif etdi
Jahon | 12:00 / 16.03.2025
AQSh 43 davlat, jumladan Rossiya va Belarus fuqarolarining kirishini cheklashi mumkin
Jahon | 17:13 / 15.03.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Tramp Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Suhbat ikki soatdan ortiq davom etdi
Jahon | 22:06
-
Xitoy urushdan keyin Ukrainani tiklashga yordam berishga tayyorligini ma’lum qildi
Jahon | 22:02
-
Latviya Rossiya va Belarus chegarasidagi uchta nazorat-o‘tkazish punktini piyodalar uchun yopdi
Jahon | 21:42
-
Xitoyda tug‘ilish darajasini oshirish maqsadida oilalarga katta miqdorda pul mukofotlari taklif qilinmoqda
Jahon | 21:40
Mavzuga oid

22:02
Xitoy urushdan keyin Ukrainani tiklashga yordam berishga tayyorligini ma’lum qildi

21:40
Xitoyda tug‘ilish darajasini oshirish maqsadida oilalarga katta miqdorda pul mukofotlari taklif qilinmoqda

14:13 / 17.03.2025
Tabiiy gazdan go‘shtgacha – 86 turdagi tovarlarga eksport boji joriy etildi

09:51 / 17.03.2025