Jahon | 22:45 / 24.02.2025
19594
8 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Ukrainani mag‘lub eta olmadi. Urushning uchinchi yilidan xulosalar

Ukraina zaminiga Rossiya tajovuzining o‘n ikkinchi, keng ko‘lamli bosqinning esa to‘rtinchi yili boshlanmoqda.

2022 yil 24 fevral tongini butun dunyo, ayniqsa ukrain xalqi juda yaxshi eslaydi. Kiyev, Xarkiv, Odessa, Dnepr va boshqa shaharlarda millionlab tinch aholi o‘sha kuni odatdagidek budilnik jiringlashidan emas, havo hujumi sirenalari va portlash ovozlaridan uyg‘ondi. Kiyev vaqti bilan taxminan soat 5 larda Rossiya armiyasi oliy bosh qo‘mondon Vladimir Putinning buyrug‘iga binoan Ukrainani borbardimon qila boshladi, rus harbiylari qo‘shni mamlakat hududiga birvarakayiga uch tomondan: shimol, janub va sharqdan bostirib kirdi.

Keng ko‘lamli bosqinning dastlabki kunlarida shokka tushgan global hamjamiyat Kiyevdagi hokimiyat ag‘darilishidan xavotirda edi. Shunday bo‘lgan taqdirda, ehtimol, Ukrainada Viktor Yanukovich boshchiligida qo‘g‘irchoq hukumat o‘rnatilgan, shu tariqa Rossiya, Belarus, Ukraina, “Donetsk va Luhansk respublikalari”, Dnestrbo‘yi, Janubiy Osetiya va Abxaziyani o‘z ichiga olgan “ikkinchi SSSR”ni e’lon qilish uchun sharoit hozirlangan bo‘lardi. Voqealarning bunday rivoji keyingi navbatda avvalo Markaziy Osiyo uchun mudhish oqibatlarga ega bo‘lishi shubhasiz edi.

Ammo bosqin boshlanganidan bir necha hafta o‘tib, Ukraina harbiy rahbariyati bu urushga yetarlicha tayyorgarlik ko‘rib qo‘ygani oydinlashdi. Natijada Kremlning yashin tezligida g‘alaba qozonish rejasi chippakka chiqdi. Uch yildirki davom etayotgan urush global maydonda geosiyosiy muvozanatni tubdan silkitib yubordi va bu silkinishlar hamon davom etmoqda. Urush cho‘zilib borarkan, ozodlik va erkinlik uchun kurashda Ukrainani qo‘llayotgan G‘arbning birdamligi borgan sari ko‘proq savol ostida qolmoqda. Donald Tramp AQSh prezidentligiga qaytishi bilanoq biron marta bosqinchi Rossiyani tanqid qilmasdan faqat Ukrainaga tashlanayotgani urushda butunlay yangi bosqich boshlanganidan darak beryapti.

Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida Rossiya–Ukraina urushining uchinchi yili bilan bog‘liq xulosalar va istiqboldagi kutilmalar haqida so‘z yuritiladi.

G‘arb qurollarining frontdagi ahamiyati

G‘arb davlatlari Ukrainaga uzoq masofali qurollardan foydalanishga ruxsat berish masalasini 2024 yilning kuzida faol muhokama qila boshladi. 17 noyabr kuni AQShning endilikda sobiq prezidenti Jo Bayden Ukrainaga ATACMS uzoq masofali raketalari bilan Rossiya hududiga zarba yo‘llashga ruxsat berdi. 20 noyabrda Buyuk Britaniya ham Storm Shadow raketalaridan Rossiyaga zarba berish cheklovlarini olib tashladi. Bu qarorlar Rossiyaning Shimoliy Koreya qo‘shinlarini jangovar harakatlarga jalb qilishi ortidan qabul qilingan edi.

G‘arb qurollari orasidan HIMARS raketa tizimlarini alohida ta’kidlash lozim. AQSh taqdim etgan yuqori mobillikka ega bu artilleriya komplekslari Rossiya qo‘shinlarini ta’minot zanjirini uzoqroqqa surishga majbur qildi, bu bilan hujum operatsiyalarini sekinlashtirdi. Ammo bu qurollar asosan Ukraina mudofaasini mustahkamlashga xizmat qilib, urushni tubdan o‘zgartirish uchun yetarli bo‘lmadi.

“G‘arb haqiqatan ham Ukrainani muhim qurollar bilan ta’minladi va Kiyevga ancha yordam berdi. Lekin Abrams tanklari texnik jihatdan murakkab tuzilgani va armiya tarkibida zararlangan tanklarni doimiy ta’mirlovchi mexaniklar yetishmasligi sabab kutilgandek samara bermadi. Undan tashqari Abrams’larning soni ham atiga 31 ta edi. F-16 qiruvchi samolyotlarini boshqaruvchi uchuvchilar yetishmovchiligi ham uchoqning imkoniyatidan to‘liq foydalanish imkonini bermadi. Shunga qaramay HIMARS, ATASMS kabi uzoq masofaga zarba bera oluvchi raketa tizimlari Ukrainaga front chizig‘ida katta yordam berdi”, – deydi siyosiy fanlar doktori, professor Aktam Jalilov.

Ukraina uchun mas’uliyat Yevropa zimmasiga tushadimi?

Donald Trampning qayta saylanishi bilan AQShda siyosat keskin o‘zgardi. AQShning asosiy e’tibori Xitoy va Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga o‘tayotgan bir paytda, Yevropa Rossiyaga qarshi mustaqil harakat qilishga qodirmi? Siyosatshunos Farhod Tolipovga ko‘ra, ha, Yevropa AQShsiz ham Ukrainani qo‘llashga va o‘z xavfsizligini o‘zi ta’minlashga qodir.

“O‘ylaymanki, Yevropa Rossiyaga qarshi kurasha oladi. Ko‘plab ekspertlarning AQSh Yevropani tark etyapti, degan tahlillariga duch kelyapmiz, balki bu xavfsirash ma’lum darajada asoslidir. Lekin AQSh Yevropani yolg‘iz qoldirib, o‘zining mintaqadagi harbiy bazalarini yopib, qo‘shinlarini butkul olib ketishini tasavvur qilish qiyin. Tramp qanchalik kutilmagan qarorlar qabul qilsa ham, Yevropadan to‘liq yuz o‘girib bo‘lmasligini tushunsa kerak. G‘arbning Ukrainani qo‘llashida Vashingtonni yaqqol ustun deb o‘ylar edik, lekin Zelenskiy aytgan raqamlarga ko‘ra, Yevropa davlatlarining umumiy moliyaviy yordamlari ham salmoqli ekanini ko‘ryapmiz. Shu nuqtayi nazardan yevropaliklar bu yog‘iga ham Kiyevni mustaqil qo‘llay olishsa kerak, deb o‘ylayman”, – deydi u.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, borgan sari Yevroittifoqda tanlash imkoniyati qolmayapti: ittifoq endi o‘z xavfsizligi uchun asosiy mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga majbur.

“Mintaqada avvaldan Fransiya, Germaniya kabi xavfsizlik va geosiyosiy jihatdan AQSh orbitasidan mustaqil siyosat olib borishga intiluvchi davlatlar bor edi. Trampning bosimlari natijasida bu qarash endi kuchayib boradi. Aslida iqtisodiy, harbiy va demografik jihatdan AQShdan zaif deb bo‘lmaydi, lekin siyosiy qadriyatlar jihatidan Vashington shu vaqtgacha Yevropa ittifoqini individual harakat qilishga rag‘batlantirmagan edi. Biroq Trampning oldinga surayotgan shartlari Putin istaklariga hamohang bo‘layotgani sabab, Yevropa Ittifoqi endi mustaqil bo‘lishga majbur”, – deydi u.

Tahlilchi Shuhrat Rasulning fikricha, Yevropa Ukrainaning Rossiyaga yengilmasligini ta’minlay oladi.

Myunxen konferensiyasida AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens Qo‘shma shtatlarning asosiy fokusi Xitoy sabab Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga qaratilishini aytib o‘tdi. Katta ehtimol bilan Vashington Kiyevga harbiy va moliyaviy yordamlarni to‘xtatishi mumkin, demak mas’uliyat Yevropa davlatlariga o‘tadi.

Mintaqada asosiy yordami kutilayotgan davlatlar – Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya va Polsha hamda Boltiqbo‘yi davlatlaridir. Bu davlatlar bergan yordam bilan Ukraina Rossiyani urushda mag‘lub qila oladimi? Yo‘q, lekin Ukraina mag‘lub bo‘lmaydi ham”, – deydi Shuhrat Rasul.

Siyosatshunos Jahongir Akramovga ko‘ra, Yevropada yangi xavfsizlik arxitekturasining bosh mualliflaridan biri Britaniya bo‘lishi mumkin.

“AQSh sabab NATO o‘zining 70 foiz qobiliyatini shubha ostiga qo‘yishi yevropaliklarga o‘zining xavfsizlik tizimini shakllantirishga turtki bo‘ladi. Fikrimcha, bu jarayonlarda Britaniya yetakchi bo‘ladi va shu sabab London keyinchalik Yevropa Ittifoqiga ham qaytishi mumkin”, – deydi u.

Ko‘rsatuvni to‘liq video shaklida, YouTube sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin. Unda ekspertlar 2024 yil Rossiya iqtisodiyoti uchun qanday kechgani, oxirgi o‘zgarishlardan kelib chiqib, istiqbolda voqealar rivoji qanday kechishi mumkinligi kabi masalalarda ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashgan.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid