O‘zbekiston | 19:51 / 24.03.2025
10378
4 daqiqa o‘qiladi

Azim Ahmadxo‘jayev – AES qurish tendersiz “Rosatom”ga berilgani va referendum o‘tkazilmagani haqida

O‘zbekistonda kichik AESni qurish uchun Rossiyaning suvosti flotida ishlatilgan reaktordan foydalaniladi. Hozirgacha ushbu texnologiya yer ustida ishlatilmagan. “O‘zatom” direktori Azim Ahmadxo‘jayev suvosti va yer yuzida reaktorlarning ishlashida hech qanday farq bo‘lmasligini aytdi. U, shuningdek, loyiha pudratchisi tendersiz tanlangani haqida gapirdi.

RITM-200 reaktori / Foto: atomic-energy.ru

“O‘zatom” direktori Azim Ahmadxo‘jayev O‘zbekistonda AES qurish bo‘yicha nega Qozog‘istondagi kabi referendum o‘tkazilmagani va Rossiya kompaniyasi to‘g‘ridan to‘g‘ri tanlangani haqidagi savolga javob berdi.

Agentlik rahbari 2018 yilda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida hukumatlararo bitim imzolanganini eslatib, keyinchalik atom elektr stansiyasining kam quvvatli variantini qurishga qaror qilinganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kam quvvatli AES qurishga qaror qilinganidan keyin, Rossiya bilan o‘rtada kelishuvlar allaqachon borligi, tanlangan maydonda “tadqiqot qilish bo‘yicha birgalikda katta ishlar” qilib, “katta mablag‘lar” sarflab bo‘lingani uchun, “plan+”ga o‘tilgan.

“Agar endi boshqa texnologiyani qo‘llaydigan bo‘lganimizda, hammasini qaytadan boshlashga to‘g‘ri kelardi”, – dedi Ahmadxo‘jayev.

“Yana bir muhim omil: hozirda Rossiya kichik atom energetikasida referent stansiyaga ega yagona davlat. Qolganlarda sinov ishlari davom etyapti. Ushbu reaktorlar atom kemalarda qo‘llangan. Ha, bunday reaktorlar quruqlikdagi atom elektr stansiyasida ishlatilmagan bo‘lsa ham, shunga moslashtirilgan. O‘zbekistondagi kichik atom elektr stansiyasining asosini RITM-200H suv-suvli yadro reaktori tashkil etadi. Har qanday holatda ham bu texnologiya 60 yildan ortiq vaqtdan beri ishlatib kelinyapti”, – dedi “O‘zatom” direktori.

Mazkur reaktorlardan ilgari yer ustida foydalanilmagani, O‘zbekiston sinov maydonchasi bo‘lishi mumkinligi haqidagi savolga javob berarkan, Ahmadxo‘jayev texnologiyaning suvostida va yer yuzida ishlashida hech qanday farq bo‘lmasligini aytdi.

“Reaktor suvda yoki yerda bo‘lishida nima farq bor? Uning elektr energiyasini ishlab chiqarish jarayoni bir xil. Reaktor buni atom flotida ham, quruqlikda ham amalga oshiradi. Texnologiya allaqachon yer ustida ishlashga moslashtirilgan. Bu yangi texnologiya emas, allaqachon ishlatilgan, shuning uchun uni referent deb atashadi, – dedi u.

Azim Ahmadxo‘jayev AES quruvchi kompaniyaning tendersiz tanlangani haqidagi savolga javob berar ekan, O‘zbekiston Konstitutsiyasida bunday talab yo‘qligini ta’kidladi.

“Konstitutsiyamizda bunday talab yo‘q. Qo‘shimchasiga, prezident – aholining ko‘pchiligi mamlakatni boshqarishni ishonib topshirgan shaxs. U bunday qarorlar qabul qilishga haqli deb o‘ylayman. Keyin bu birdaniga bo‘lgani yo‘q, barcha qarorlar chuqur tahlildan so‘ng qabul qilinadi”, – dedi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi direktori.

Mavzuga oid