Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tashkil qilinayotgan yangi agentlik, zapravkalarda navbatdagi portlash va 9,5 mlrd so‘mni o‘zlashtirgan yollanma xodim – mahalliy dayjest
To‘qimachilik, charm va ipak sanoatiga mas’ul bo‘ladigan Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil qilinadi. Xalq bankida yollanma xodim 9,5 mlrd so‘m mablag‘ni o‘zlashtirib yubordi. Pop tumanidagi o‘rmonda yong‘in yuz berdi, Sho‘rchi tumanida esa propan zapravka portladi. Kun.uz yoritgan ushbu muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
Yangi agentlik tashkil qilinadi
Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil qilinadi. Agentlik to‘qimachilik, charm va ipak sanoatiga mas’ul bo‘ladi. Unga investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Nozimjon Xolmurodov rahbarlik qiladi.
Agentlik qoshida tajribali tadbirkorlardan iborat kengash tashkil qilinadi. Agentlikning alohida jamg‘armasi bo‘ladi, davlat ko‘magi, shuningdek to‘qimachilik korxonalariga arzon aylanma mablag‘ shu jamg‘arma orqali beriladi. Jamg‘armaga 200 million dollar ajratiladi.
Yangi agentlikka kengash bilan birgalikda tadbirkorlar bilan muloqot qilib, tannarx, ishlab chiqarish va eksport bo‘yicha yechimlar ishlab chiqish, «bojxona hududida qayta ishlash» rejimi orqali tayyor mahsulot eksportini 2 barobarga oshirish, kooperatsiyani kuchaytirib, past quvvatda ishlayotgan korxonalarni sog‘lomlashtirish choralarini ko‘rish topshirildi. Shuningdek, Xalqaro konsultantlar bilan birgalikda to‘qimachilikni 2030 yilga qadar rivojlantirish dasturini ishlab chiqish hamda charm, ipak va gilamchilik sanoatini rivojlantirish bo‘yicha ham takliflarni kiritish vazifasi qo‘yildi.
Zapravkalarda navbatdagi portlash
Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanidagi propan zapravkada portlash va yong‘in sodir bo‘ldi. Avvaliga olovli portlash ro‘y bergan, keyin osmonga quyuq tutun ko‘tarilgan, atrofdagi katta yoshlilar va bolalar har tomonga qochgan.
FVV matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Oqqo‘rg‘on mahallasi Jarqishloq hududida joylashgan zapravkada avtosisternadan yoqilg‘i saqlash rezervuariga yoqilg‘i to‘kish vaqtida texnologik jarayonning buzilishi natijasida chaqnash ro‘y bergan va yong‘in kelib chiqqan. 8 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji hodisa joyiga yetib borgan hamda yong‘in 9 daqiqada o‘chirilgan.
Bu so‘nggi bir oyda O‘zbekiston hududidagi avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida ro‘y bergan beshinchi favqulodda holatdir.
Yana o‘rmon yondi
Zapravkalar portlayotgan bir paytda o‘rmon yong‘inlari ham takrorlanmoqda. Oldinroq Sherobod va Bo‘stonliqda o‘rmon yong‘inlari kuzatilgandi. 12 avgust kuni esa Namangan viloyati, Pop tumani, Guliston mahallasida joylashgan Ibn-Sino o‘rmon xo‘jaligiga qarashli qir-adirlikda yong‘in sodir bo‘ldi.
FVB ma’lumotiga ko‘ra, 12 avgust kuni soat 15:14 da yong‘in haqidagi xabar kelib tushgan. Shunga ko‘ra, FVB 20 nafar xodimi, 2 ta texnikasi, O‘rmon xo‘jaligining 20 nafar xodimi va 1 ta texnikasi yong‘in hududiga yetib borgan. Yong‘in o‘rab olinganidan so‘ng 25 daqiqada o‘chirilgan. Taxminan 70 sotix maydonda quruq o‘t (shox-shabba) yongan. Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.
Bankni “chuv tushirgan” yollanma xodim
Namangan viloyati Xalq banki Yangiqo‘rg‘on tumani bank xizmatlari markazida aniqlangan huquqbuzarliklar tafsilotlari ma’lum qilindi.
Namangan viloyati Mintaqaviy markazi yollanma xodimi tomonidan bankning dasturiy ta’minotiga noqonuniy kirgan holda, 9,5 mlrd so‘m pul mablag‘lari o‘zlashtirilgan. Bu joriy yilning aprel oyida bankning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari tomonidan aniqlanib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilingan.
Hozirda ushbu ishga aloqador bo‘lgan shaxslarga Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qalbaki pulli “boy” ushlandi
Pul bilan bog‘liq yana bir xabar: Qo‘qonda qalbaki pullarni muomalaga kiritmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi. Tezkor tadbirda ushbu shaxs 50 mln so‘m miqdoridagi qalbaki pullarni shartli xaridorga 8 mln so‘m evaziga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Uning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda 50 ming, 100 ming va 200 ming so‘mlik jami 315,5 mln so‘m miqdoridagi qalbaki kupyuralar hamda 100 AQSh dollarilik jami 120 ming AQSh dollari miqdoridagi qalbaki kupyuralar borligi ma’lum bo‘lgan va tegishli tartibda olib qo‘yilgan.
Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qalbaki pul mablag‘larini unga yetkazib bergan fuqarolarning shaxsiga aniqlik kiritish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha test sinovlari sanasi belgilandi
Talabalar o‘qishini xorijiy davlatlardagi oliygohlardan, shuningdek, O‘zbekistondagi xorijiy va nodavlat oliygohlaridan davlat oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirish bo‘yicha test sinovlari 18-19 avgust kunlari bo‘lib o‘tadi.
Test sinovlari ikki smenada tashkil etiladi va 1-smenada 8:00 dan 11:00 ga qadar, 2-smenada 15:00 dan 18:00 ga qadar bo‘lib o‘tadi. Test sinovlari 2 ta mutaxassislik va 3 ta majburiy fan bo‘yicha o‘tkaziladi hamda talabgorlarga mutaxassislik fanlarida 30 tadan, majburiy fanlarda 10 tadan - jami 90 ta test topshirig‘i va ularni ishlash hamda javoblar varaqasiga ko‘chirish uchun 3 soat vaqt beriladi.
Talabgorlar test sinovida ishtirok etish uchun ruxsatnomani Bilimni baholash agentligining my.uzbmb.uz saytidan olishi mumkin.
Mavzuga oid
22:46 / 05.12.2025
Yangi energetika quvvatlari va Gulistondagi portlashdan so‘ng qamoqqa olinganlar - mahalliy dayjest
22:47 / 04.12.2025
Prezident gaz portlashida jabrlanganlar bilan uchrashdi va 4,5 mln tonnalik paxta rejasi – mahalliy dayjest
22:05 / 03.12.2025
Toshkentda tungi ekoreydlar va Guliston bozoridagi fojia – mahalliy dayjest
23:11 / 02.12.2025