O‘zbekiston | 23:30 / 21.08.2025
4868
7 daqiqa o‘qiladi

Soliqdan qochuvchi quruvchilar, pora bilan ushlangan Xalq qabulxonasi xodimi va qamalgan tiktoker – mahalliy dayjest

Prezident Yangi Toshkentdagi qurilish ishlari bilan tanishdi, soliqdan qarzi eng ko‘p qurilish kompaniyalari ochiqlandi. Farg‘ona va Surxondaryoda davlat xodimlari pora bilan qo‘lga tushdi. Afg‘onistonda Alisher Navoiy yodgorligi buzildi. Shuningdek, o‘zbekistonliklarni haqorat qilgan tiktokerga sud hukmi o‘qildi. Shu va boshqa muhim xabarlar bilan Kun.uzʼning mahalliy yangiliklar dayjestida tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent qurilishini borib ko‘rdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi bunyodkorlik loyihalari bilan tanishdi. Qurilish 2023 yilda boshlangan bo‘lib, hozir shaharning yerosti muhandislik tarmoqlari – suv, issiqlik, elektr va telekommunikatsiya quvurlari o‘tkazilayotgan kollektorlar qurilmoqda. Shu bilan birga tunnellar va yerosti turargohlari barpo etilishi rejalashtirilgan.

Birinchi bosqichda 6 ming gektar maydonda zamonaviy inshootlar quriladi, 600 ming aholi uchun sharoit yaratiladi. Loyiha to‘liq yakunlanganda esa 2 millionga yaqin aholi yashaydi. Hududda 60 dan ortiq davlat idoralari uchun ma’muriy binolar barpo etiladi va ayni paytda 10 dan ortiq vazirlik va idoralar vaqtinchalik obektlarda faoliyat boshlagan.

Shaharda ekologik toza transport tizimi – metro va elektrobuslar harakati, piyodalar va velosipedchilar uchun qulayliklar, zamonaviy yashil hududlar tashkil etilishi nazarda tutilgan. Mahalliy va xorijiy investorlar qiziqishi yuqori bo‘lib, auksionda sotilgan 13 ta tijoriy lot bo‘yicha 554 mln dollarlik shartnomalar tuzilgan. Qurilish jarayonida 160 ming nafar aholi bandligi ta’minlanadi, kelajakda shaharda innovatsion texnologiyalar va yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratiladi.

Prezident Mirziyoyev loyihalarga investitsiyalar jalb qilish, dam olish va xizmatlar bilan bog‘liq masalalarni samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Mozori Sharifda Alisher Navoiy yodgorligi buzib tashlandi

Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida Alisher Navoiy haykali va u haqida ma’lumotlar yozilgan devorlar mahalliy hokimiyat tomonidan qulatildi. Hodisa “Tolibon” hokimiyatga kelganining 4 yilligini nishonlagan kuni sodir bo‘ldi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi izoh so‘ragan, Afg‘oniston tomoni devor va haykal o‘z o‘rniga munosib emasligi va yangi majmua qurilishi rejalashtirilganini bildirgan. Bo‘lajak yodgorlik Navoiy hayoti va ijodi haqida ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi, maydonga alloma nomi qo‘yiladi.

Afg‘oniston Madaniyat va axborot vazirligi hamda jamoatchilik bilan kelishilmagan bu ishlar yuzasidan afsus bildirgan.

2023 yil haykalning o‘zi ham buzib tashlangan. Mazkur holat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

Xalq qabulxonasi xodimi pora bilan ushlandi

Farg‘ona viloyatida Xalq qabulxonasi yetakchi mutaxassisi 5 mln so‘m pora olayotgan vaqtda DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ushlandi. U kredit qarzdorligi bo‘yicha ijro hujjati bilan tanishib, uni yo‘q qilish evaziga pul talab qilgan.

Shuningdek, Surxondaryoda «Energosavdo» filiali Surxondaryo viloyati, Oltinsoy tuman bo‘limi boshlig‘i ham elektr energiyasidan qarzdor fermerdan 5 mln so‘m talab qilgani uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Hozir bu shaxslarga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi uchun fors hukmdorlar qilichlarining nusxalari tayyorlanmoqda

O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi vakillari Tehrondagi «Saadobod» harbiy muzeyida saqlanayotgan Amir Temur davriga oid ikkita noyob qilichning nusxalarini yaratish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Tig‘ replikalarini Ikkinchi Renessansga bag‘ishlangan zal ekspozitsiyasiga kiritish rejalashtirilgan.

Markaz delegatsiyasi Eronning boshqa shaharlarida ham bo‘lib, Mashhadda XV asrga oid madrasalar, masjidlar va karvonsaroylarni ko‘zdan kechirdi. Alohida e’tibor «Gavharshod» masjidiga qaratildi, uning me’moriy qiyofasi Samarqand va Buxoro yodgorliklari bilan hamohangligi ta’kidlandi. Ekspozitsiyada masjidning 3D modeli yoki maketi ham taqdim etiladi.

Dehqon bozorida tadbirkorlarga yengilliklar yaratiladi

2025 yil 1 noyabrdan barcha tadbirkorlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini jismoniy shaxslardan naqd pulga xarid qilganda, kirim hujjatlarini elektron shaklda rasmiylashtirishi mumkin bo‘ladi. Bu tartib avval faqat umumiy ovqatlanish korxonalari va eksportyorlarga amal qilgan edi.

Shuningdek, 2026 yil 1 yanvardan sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazishda mobil videokameradan foydalanish majburiy bo‘ladi. Mobil videokamerasiz o‘tkazilgan tekshiruvlar noqonuniy hisoblanadi.

Yangi qonun loyihasi soliq hisobotini kechiktirganlik uchun jarimalarni kamaytirishni, hisobotlar taqdim qilinmagan holatda bitta umumiy jarima qo‘llanishini ham nazarda tutadi. Oxirgi uch oyda hisobotlarni o‘z vaqtida topshirgan tadbirkorlarga esa jarima 5 kun davomida qo‘llanmaydi.

Soliqdan eng ko‘p qarzi bor qurilish kompaniyalari ma’lum qilindi

2025 yil 1 avgust holatiga ko‘ra, 100 million so‘mdan ortiq qarzi bo‘lgan qurilish korxonalari soni 1163 taga yetdi. Umumiy qarzdorlik 1 trillion so‘mdan oshib ketgan.

Shundan 385 milliard so‘mlik qarz, ya’ni qarzdorlikning 38 foizi faqat 10 ta yirik kompaniya hisobiga to‘g‘ri keladi. Ular orasida “Reliable Stroy Invest” – 81,5 milliard so‘m, “Mohir-Quruvchi” – 65,3 milliard so‘m va “Aziya Invest Favorit” – 63 milliard so‘m qarzdorligi bilan yuqori o‘rinlarda turibdi.

Hududlar kesimida eng katta qarzdorlik Toshkent shahrida qayd etilgan – 393 milliard so‘m. Keyingi o‘rinlarda Andijon viloyati – 123 milliard va Navoiy viloyati – 82 milliard so‘m qarzdorlik bilan qayd etilgan.

Soliq qo‘mitasi korxonalarning qarzdorligini bartaraf etish uchun qonun doirasida choralar ko‘rilayotganini ma’lum qildi.

O‘zbekistonliklarni haqoratlagan tiktoker qamaldi

Abdulloh nomi bilan tanilgan tiktoker Valeriy Yugay sud hukmi bilan 3 yil 1 oyga ozodlikdan mahrum etildi. U milliy va diniy adovat qo‘zg‘atish, shuningdek, prezidentga tajovuz qilishda aybdor deb topilgan. Jazoni manzil-koloniyada o‘taydi.

Hukm hali qonuniy kuchga kirmagan. Yugay belgilangan tartibda yuqori sud instansiyalariga apellyatsiya yoki kassatsiya shikoyati berish huquqiga ega.

Eslatib o‘tamiz, bloger 2024 yilda Janubiy Koreyada bo‘lganida ijtimoiy tarmoq orqali o‘zbekistonliklarni haqorat qilgan chiqishlari bilan jamoatchilik noroziligini keltirib chiqargan edi. Joriy yil mart oyida esa u Abu Dabidan Samarqandga qaytarilib, huquq-tartibot organlari tomonidan ushlangan.

Muallif:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid