Bu uruş qanaqa şartlarda tugaydi, uruşning natijalari dunyo tartibotida nimalarni özgartiradi – Trampga qiziq emas. Lekin bu savollar biz uçun öta muhim. Markaziy Osiyoni qanday geosiyosiy şart-şaroitlar kutayotgani şu savollarning yakuniy javobiga töğridan töğri boğliq.
Rossiya–Ukraina uruşini töxtatiş borasida jiddiy urinişlar ketmoqda. AQŞ prezidenti Trampning xalqaro siyosatdagi eng asosiy va’dasi – “Rossiya-Ukraina uruşini bir kunda töxtatiş” edi. Trampning prezidentlik kursisiga ötirganiga yarim yildan oşib ketdi, lekin hali bu uruş töxtagani yöq. Biroq, Tramp bu uruşni tezroq töxtatiş harakatida, buning uçun u köp narsaga tayyor ekani aniq.
AQŞ prezidentining maqsadi – uruşni tezroq töxtatiş. lekin bu uruş qanday şartlar bilan tugaşi, dunyo tartibotga qanday ta’sir qilişi Trampni jiddiy öylantirmaydi.
Keyingi uçta ön yillik içida AQŞning global qadriyatlari, geomafkurasi keskin transformatsiya böldi. Bu – xalqaro munosabatlarda juda katta özgariş. Sobiq SSSR qulagan 1990-yillarning boşlarida, endi sovuq uruşdan çiqqan AQŞ xalqaro maydonda inson huqulari, demokratiya va liberalizmning asosiy homiysi, himoyaçisi edi. Butun dunyoda inson huquqlari va demokratiyani qöllaşni, özining asosiy missiyasi deb bilar edi. Albatta, bu borada öşa vaqtlari ham ikki standartlilik, çekinişlar va böşliqlar köp bölgan. Lekin rasmiy Vaşington “dunyo qançalik demokratik bölsa, biz uçun şunçalik qulay böladi” degan qat’iy işonçda edi. Lekin mana, oradan ön yilliklar ötib, AQŞ inson huquqlari, liberal tartibotning asosiy homiysi maqomidan tuşib, izolyatsionizm va iqtisodiy natsionalizm tomon oğişgan davlatga aylanib ulgurdi.
Bir vaqtlar AQŞ musulmon dunyosida ham demokratiyani qöllab-quvvatlaşga intilar edi. Biroq, 2001 yil 11 sentabrdan keyin, ayniqsa, Arab bahori voqealaridan söng AQŞ musulmon dunyosida demokratik siyosiy jarayonlar va tizimlarni qöllaşdan manfaatdor emas. Çunki musulmon dunyosida demokratiyaning ildiz otişi, Vaşingtondagi mutafakkirlar nazarida, musulmon dunyosining geosiyosiy mustaqilligini oşiradi, Isroil sabab AQŞdan masofalaşuv kuçayadi. Şuning uçun bugun AQŞ musulmon dunyosida avtoritar boşqaruvlardan manfaatdor ekani köpçilik kuzatuvçilarga ayon.
Rossiya–Ukraina uruşi borasida Donald Trampning eng asosiy motivi – tezroq Nobel mukofoti oliş. Zelenskiyning maqsadi esa – Ukraina hududiy yaxlitligi va suverenitetini imkon qadar saqlab qoliş. Putinning maqsadi esa – Ukraina ustidan nazoratni qölga kiritiş, Ğarbni global hokimiyatdan yiqitiş yoki Ğarb qudratini zaiflaştirib, şu yöl orqali Rossiyani global qutb sifatida, imperiya sifatida şakllantirişga muvaffaq bölişdir.
Bugun Trampning asosiy yondaşuvi Ukraina va Yevropa davlatlarini qattiq xavotirga solyapti. Çunki u uruşni tezroq tugatiş maqsadida Putin bilan kelişib, Putinning şartlarini qabul qilmoqda. Boşqaça qilib aytganda, oldinlari Ğarb davlatlari Putinni “agressor”, “bosqinçi” deb bilgan bölsa, endi Tramp muzokaralar olib boriş orqali uning fikrlaşini va xatti-harakatlarini legitimlaştirdi.
Agar hozir Tramp Putin bilan kelişib, bu uruşni qisman yoki töliq Putinning şartlari asosida tugatsa, yangi dunyo tartiboti şakllangan böladi: bu tartibot, xuddi ötmişdagi kabi “kim kuçli bölsa – şu haq” degan tartibot hisoblanadi. Ikkinçi jahon uruşidan keyingi tartibotning eng asosiy qadriyatlari hisoblanmiş “hududiy yaxlitlik” va “davlatlarning suvereniteti” eskirgan böladi.
Bugun dunyoda köp qutblilik şakllanib bormoqda. Lekin bu köp qutblilikning örta va kiçik davlatlar uçun xavotirli tomoni şundaki, katta davlatlar öz manfaatlari uçun boşqa davlatlarning hududiga va suverenitetiga tajovuz qilib boşladi va bu holat endi AQŞ tomonidan ham “norma” sifatida qabul qilinmoqda.
Ukrainadagi uruşning tugaşi – albatta ijobiy holat. Begunoh insonlar ölimi töxtaydi. Davlatlar orasidagi munosabatlar normalllaşadi. Jamiyatlar rivojlanişda davom etadi. Iqtisodiyot ösadi. Lekin “kuçlilar huquqi” asosidagi öyin qoidasi – post-sovet hududi, Markaziy Osiyo mintaqasi uçun xavotirli pretsedent hisoblanadi.
Markaziy Osiyo davlatlari kelajakda mana şunday xavotirli vaziyatga imkoniyat bermaslik uçun özaro hamkorlik va integratsiyani, qolaversa, turkiy davlatlar va millatlar örtasidagi birlik va jipslikni strategik yuqori darajaga çiqarişi – eng katta zarurat bölib qolaveradi.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatşunos












