Iqtisodiyot | 12:31 / 30.08.2025
16275
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning davlat qarzi 43 mlrd dollardan oshdi. Bu pullar nimaga ishlatilgan?

2025 yilning 1 iyul holatiga O‘zbekistonning davlat qarzi 43,3 mlrd dollarga yetdi. Davlat qarzining 36,4 mlrd dollari – tashqi qarz, 6,9 mlrd dollari esa – ichki qarz. Davlat qarzi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,1 mlrd dollarga yoki 16,5 foizga oshgan. O‘zbekistonning eng yirik kreditorlari – Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki bo‘lib qolyapti.

Foto: AP

2025 yilning 1 iyul holatiga O‘zbekistonning davlat qarzi 43 mlrd 376 mln dollarni tashkil etdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.

Davlat qarzining 36,41 mlrd dollarini – tashqi qarz, 6,96 mlrd dollarini esa ichki qarz tashkil etgan.

Davlat qarzi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6 mlrd 135 mln dollarga ko‘paygan. YaIMga nisbatan ulushi ham 1,8 foizga oshib, 32,4 foizdan 34,2 foizga yetgan.

Taqqoslash uchun, 2024 yilning 1 iyul holatiga davlat qarzi 37 mlrd 241 mln dollarni tashkil etgan. Bir yil ichida ushbu ko‘rsatkich 16,5 foizga oshgan.

Jalb qilingan qarz mablag‘lari nimaga ishlatilgan?

Hisobot davri yakuniga ko‘ra, jami davlat tashqi qarzining 47 foizi (16,9 mlrd dollar) budjetni qo‘llab-quvvatlashga, 16 foizi (5,9 mlrd dollar) yoqilg‘i-energetika sohasiga, 9 foizi qishloq va suv xo‘jaligiga (3,1 mlrd dollar), 8 foizi (2,9 mlrd dollar) transport va transport infratuzilmasiga, 8 foizi uy-joy kommunal xo‘jaligiga (3 mlrd dollar) yo‘naltirilgan.

O‘zbekiston kimlardan qarz olgan?

1 iyul holatiga davlat tashqi qarzining kreditorlar kesimida taqsimlanishi quyidagicha:

  • Jahon banki — 7,8 mlrd dollar;
  • Osiyo taraqqiyot banki — 7,4 mlrd dollar;
  • Xalqaro investorlar (xalqaro yevrobondlar) — 5,7 mlrd dollar;
  • Xitoy moliya tashkilotlari – 3,8 mlrd dollar;
  • Yaponiya moliya tashkilotlari — 3,2 mlrd dollar;
  • Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki — 1,7 mlrd dollar;
  • Fransiya moliya tashkilotlari – 1,1 mlrd dollar;
  • Islom taraqqiyot banki — 935 mln dollar;
  • Koreya moliya tashkilotlari — 750 mln dollar;
  • Xalqaro valuta jamg‘armasi — 642 mln dollar;
  • Germaniya davlat banki — 481 mln dollar;
  • Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki — 401 mln dollar;
  • Boshqa moliyaviy tashkilotlar — 2,5 mlrd dollar.

Avvalroq, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov tashqi qarz masalasi ko‘p muhokamalarga sabab bo‘layotganini aytib, bu masalaga quyidagicha izoh bergandi.

Davlat qarzi ijtimoiy tarmoqlarda muhokama bo‘lyapti. O‘sib borayotgan iqtisodiyotimiz ko‘p mablag‘ga muhtoj. Tashqi investitsiyalar, DXSh asosidagi loyihalardan ham mablag‘lar kirib kelyapti. Davlat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq xarajatlar, ichimlik suv, yo‘l, infrastruktura, shuningdek, mudofaa qobiliyati, chegaralarimiz xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismini tashqi qarz evaziga qoplashga to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonning istalgan eng chekka hududlarida ham uy-joylarni tadbirkorlar quryapti. Tadbirkorlarda odamlar ipoteka olib, uyni sotib oladi, degan ishonch bor. Ipoteka muddati uzoq va banklarni ipoteka bilan qoplash mablag‘lari ham chet eldan olib kelinadi. Bu tashqi qarz mablag‘larimiz oshishiga olib keladi”, – degandi vazir.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilda jalb qilinadigan tashqi qarzning cheklangan hajmi 5,5 mlrd dollar bo‘lishi kutilyapti. Shundan 3 mlrd dollari davlat budjeti taqchilligini moliyalashtirish uchun, qolgan qismi esa investitsiya loyihalariga yo‘naltiriladi.

Umumiy tashqi qarz 70 mlrd dollarga yaqinlashdi

O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning dastlabki choragida O‘zbekiston umumiy tashqi qarzi 68,4 mlrd dollarni tashkil qilib, 4,3 mlrd dollarga oshgan. Bunda davlat tashqi qarzi 35,8 mlrd dollar (+1,9 mlrd), korporativ tashqi qarz esa 32,6 mlrd dollarga (+2,4 mlrd) teng bo‘lgan. Choraklik joriy operatsiyalar hisobining manfiy saldosi esa 160,7 mln dollargacha (yillik nisbatda 13 barobarga) qisqargani xabar qilingandi.

Mavzuga oid