O‘zbekiston | 22:28 / 12.09.2025
36976
10 daqiqa o‘qiladi

12 yillik ta’lim, yagona davlat imtihoni va maktab maslahatchilari – selektorda nimalar muhokama qilindi?

Maktabgacha tayyorgarlik yili boshlang‘ichga kiritilib, 12 yillik umumiy o‘rta ta’lim joriy etiladi. Har bir maktabda to‘garaklarni tashkil qiladigan maslahatchilar bo‘ladi. Maktabni bitirish, oliy ta’limga kirish va fanlar bo‘yicha sertifikat olish imtihonlari birlashtirilishi kutilmoqda. Davlat rahbari boshchiligida o‘tgan ta’limga oid yig‘ilishda shu kabi masalalar muhokama qilindi. Kun.uz selektordagi ayrim muhim yangiliklarni sharhlaydi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Maktab 6 yoshdan: O‘zbekistonda 12 yillik umumiy ta’lim tizimiga o‘tiladi

9 sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi sohasiga oid videoselektor yig‘ilishida umumiy o‘rta ta’lim 12 yillik tizimga o‘tishi muhokama qilingan.

Bu haqda sobiq maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari, hozirda Oliy ta’lim vazirning birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov ma’lum qildi. Qayd etilishicha, 12 yillik ta’limga o‘tish xalqaro standartlar bilan bog‘liq: 2022 yilgi PISA ma’lumotlariga ko‘ra, yuqori natijalarga erishgan mamlakatlarning 85 foizi 12 yillik maktab ta’limiga ega.

Bunda 6 yoshli bolalar uchun maktabga tayyorgarlik yili boshlang‘ich ta’limga kiritiladi. Tizim uch bosqichdan iborat bo‘ladi:

1 yil tayyorgarlik va 4 yil boshlang‘ich maktab;

5 yillik asosiy umumiy o‘rta ta’lim (5–9-sinflar);

maktablar, akademik litseylar, harbiy bilim yurtlari va texnikumlarda 2 yillik to‘liq umumiy o‘rta ta’lim.

Mamlakatda 3,6 mingta maktab va 1 mingdan ortiq davlat bog‘chalari tashkil etilishi, ularda bolalar yangi tayyorgarlik dasturidan o‘tishi aytilmoqda. Yangiliklarda bu tizim aynan qachon ishlay boshlashi haqida so‘z bormagan. Jarayonda ta’lim muassasalarida defitsit yuzaga kelishi qanchalik inobatga olingani ham noma’lum.

Maktab maslahatchisi lavozimi joriy etiladi

O‘zbekistondagi davlat maktablarida maktab maslahatchilari ishlay boshlaydi. “Kelajak” markazlarining umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlaridagi vertikal tizimini joriy etish hamda o‘quvchilarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida shunday lavozim bo‘lishi ta’kidlandi. Maslahatchilar o‘quvchilarning qobiliyati va qiziqishiga qarab, til, kasb, muhandislik, ijod, san’at va sport to‘garaklarini tashkil qiladi.

Uning maoshi umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti direktori o‘rinbosari lavozim maoshiga tenglashtiriladi, menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan maktab maslahatchilariga har oylik 30 foiz miqdorida qo‘shimcha ustamalar to‘lanadi.

Maktablarda o‘quvchilarning portfolio bazasi shakllantiriladigan erp.portfolio platformasi yaratiladi. U maktab maslahatchilari tomonidan yuritiladi hamda 2028–2029 o‘quv yilidan maktab shahodatnomalarida qayd etiladi.

Prezident: “O‘qituvchilar maoshini ming dollarga yetkazamiz degan gaplarim haqiqatga aylandi”

Shavkat Mirziyoyev 9 sentabr kuni ta’lim sohasidagi selektorda o‘qituvchilar maoshi ming dollarga yetganini aytdi. Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan davrda o‘qituvchilarning oyligiga qo‘shimcha 10 dan ziyod ustamalar joriy qilingan.

“E’tibor bering, bugun o‘z ustida ishlagan 60 mingdan ortiq o‘qituvchi 10-12 million so‘m maosh olyapti. Bu qachon bo‘lgan?” – dedi prezident.

Joriy oydan boshlab maktab direktorlari, bog‘cha mudiralari va ularning o‘rinbosarlari oyligi ham 10 million so‘mdan oshdi. Yangi baholash tizimiga o‘tgan 1,5 ming maktabning 300 tasi ijobiy natija ko‘rsatgani uchun butun jamoasi 40 foizgacha ustama oladi.

“Men xalqimizga vaqti kelib o‘qituvchilarning maoshini ming dollarga yetkazamiz degan gaplarim mana, uch yil ichida haqiqatga aylandi”, – degan Shavkat Mirziyoyev.

Bog‘cha tarbiyachilari ishlab turib, bakalavr darajasini olishi mumkin bo‘ladi

Ma’lum qilinishicha, bu yil yozda 118 ming tarbiyachining malakasi oshirilgan, lekin bu yetarli emas. Shu sabab o‘rta maxsus ma’lumotga ega tarbiyachilar uchun pedagogika oliygohlarida bakalavriatning alohida shakli joriy etiladi: tarbiyachi “1+5” shaklida haftada 1 kun o‘qib, 5 kun ishlaydi. Bu orqali bog‘chalarga har yili qariyb 10 ming oliy ma’lumotli mutaxassis kirib keladi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, xususiy bog‘cha bilan davlat bog‘chasi uchun ta’lim-tarbiya sifati bo‘yicha yagona yondashuv yo‘q. Shu munosabat bilan kelgusi yilda har bir viloyatda bog‘cha tarbiyachilari pedagogik mahoratini oshirishga metodik ko‘maklashuvchi tayanch “Yangi avlod” bog‘chalari barpo qilinadi.

Mutasaddilarga “Yangi avlod” bog‘chasi loyihasini eski va bir xil yondashuvlardan chekinib, yangicha ishlab chiqish topshirildi.

Kasbiy ta’lim agentligi ochiladi

Prezident hokimlarga kelasi yil 9-sinf bitiruvchilarining kamida 50 foizini texnikumlarga qamrab olish topshirig‘ini berdi. Kasbga o‘rgatishda Xitoy tajribasini joriy etish uchun har bir viloyatda 2 tadan “O‘zbekiston–Xitoy ustaxonasi” ochiladi. Til o‘rgatish uchun yuzdan ortiq xitoyliklar taklif etiladi.

“Bizda 450 ming o‘quvchini qabul qila oladigan 598 ta texnikum bor. Bu yoshlar uchun juda katta resurs, sharoit va imkoniyat. Lekin bu yil 9-sinfni 608 ming o‘quvchi bitirgan bo‘lsa, ularning atigi 182 ming nafari texnikumlarga boryapti. Bugundan boshlab bir yil yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish yili bo‘ladi”, – dedi prezident.

Mutasaddilar zimmasiga viloyat va tuman hokimlari bilan birgalikda Prezident va ixtisoslashgan maktabda orttirilgan tajriba asosida joriy yilda 598 ta texnikumga xalqaro standart bo‘yicha zamonaviy kasbga o‘qitish muhitini olib kirish vazifasi qo‘yildi.

Bu ishlarni olib borish uchun Kasbiy ta’lim agentligi tashkil qilinadigan bo‘ldi. Mutasaddilarga yil yakunigacha yangi agentlik bilan birgalikda tarmoqlardagi korxonalar uchun kerakli kasblar kesimida standart va talablarni ishlab chiqish vazifasi topshirildi.

Ta’limda yagona davlat imtihoni joriy etilishi mumkin

Selektorda ta’limda yagona davlat imtihoni tizimini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish orqali amaliyotga joriy etish taklifi ham berilgan. Qayd qilinishicha, ayni paytda o‘quvchilar 3 marta imtihon topshiryapti: maktab bitiruv imtihoni, oliy ta’limga kirish imtihoni, fanlar bo‘yicha sertifikat olish imtihoni. Mazkur imtihonlarni birlashtirish yo‘li bilan yagona davlat imtihoni (YaDI) topshirishga o‘tish va jarayonni soddalashtirish reja qilinyapti. Bu o‘quvchilarning vaqti va ota-onalarning moddiy resurslarini tejashga yordam berishi kutilmoqda.

Rossiyaning yagona davlat imtihoniga (Yedinyy gosudarstvennyy ekzamen — YeGE) o‘xshash tizimni joriy etish avval ham taklif qilingan edi. Biroq jarayon hali yakuniga yetkazilmagan.

Prezident maktab ta’limi bo‘yicha topshiriqlar berdi

Ixtisoslashgan maktablar

Yig‘ilishda aytilishicha, 3 yil ichida iqtidorli o‘quvchilar uchun 201 ta ixtisoslashgan maktab tashkil qilindi. Lekin 12 ta ixtisoslashgan maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari haligacha yakunlanmagan. Tegishli viloyatlar hokimlariga ishlarni yil oxirigacha yakuniga yetkazish topshirig‘i berildi.

Axborot texnologiyalari

O‘tgan yildan boshlab 1-sinflarda axborot texnologiyalari darslari yo‘lga qo‘yildi. Keyingi o‘quv yilidan yuqori sinflar uchun sun’iy intellekt bo‘yicha darslar kiritiladi.

Buning uchun 2 mingta sinf xonasiga kompyuter, 6300 ta interfaol doska kerak. Bu maqsadlarga zarur mablag‘larni keyingi yil davlat budjetida nazarda tutish topshirildi.

Iqtidorli o‘quvchilarga sharoit yaratish uchun viloyatlarda axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan Al-Xorazmiy, muhandislik bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek, tabiiy fanlar yo‘nalishida Ibn Sino maktablari filiallari tashkil etiladi.

Endi ularning barchasi hududlardagi texnika oliygohlariga nomma-nom biriktiriladi. Yaxshi natijaga erishgan bitiruvchilar ushbu oliygohlarning 2-kursiga qabul qilinadi.

Olimpiadalar

2026 yilda maktab o‘quvchilari o‘rtasida eng nufuzli ikkita – xalqaro kimyo va informatika olimpiadalari Markaziy Osiyo davlatlari ichida ilk bor O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi.

Bosh vazirga Toshkentda ushbu olimpiadalarni yuqori saviyada o‘tkazish uchun barcha tashkiliy masalalarni nazoratga olish topshirildi.

Raqamlashtirish

Maktablarga o‘quvchilarni qabul qilish, bog‘cha tarbiyalanuvchilari davomati haligacha raqamli platformaga to‘liq o‘tmagan. Mikrohududlar aniq belgilanmagani uchun 144 ta tumandagi 8 mingta maktabda o‘quvchilar eskicha tartibda qabul qilinmoqda, bog‘chalarda xodimlar tabeli qog‘ozda yuritilyapti.

Mutasaddilarga yil yakunigacha 144 ta tumandagi maktablarning mikrohududini aniq belgilash topshirildi. Keyingi o‘quv yiligacha maktab va bog‘chalardagi barcha xizmatlar to‘liq raqamli formatga o‘tishi shartligi qayd etildi.

Mavzuga oid