Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Pedagoglarga yangi imtiyozlar va Ustyurtdagi juda katta gaz zaxirasi – mahalliy dayjest
Prezident pedagoglarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Ekologiya vazirligi 20 ta obekt faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi. Qashqadaryoda soliqdan qarzdor fuqarolarning mashinalari jarima maydoniga qo‘yildi. Qoraqalpog‘istondagi Ustyurt platosida juda katta gaz zaxirasi topildi. Buxoroda hokim yordamchisi pora bilan ushlandi. Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
Prezident pedagoglarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi tashabbuslarni ilgari surdi
Shavkat Mirziyoyev ta’lim sohasi xodimlari bilan muloqot qildi va ularni yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi tashabbuslarni e’lon qildi. Ular orasida ipoteka krediti imtiyozi, oliygohlarga o‘qishga kirgan farzandi kontrakt summasiga chegirma, kompyuter xaridiga 10 million so‘mgacha imtiyozli kredit, davlat xizmatlari to‘lovining 2 karra kamaytirilishi va boshqa imtiyozlar bor.
Shuningdek, ayrim maktab va bog‘cha, texnikum va oliygoh pedagoglariga yiliga bir marta O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish uchun samolyot va poyezd chipta narxiga 15-20 foiz chegirma beriladi.
Ekologiya vazirligi 20 ta obekt faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi
Joriy yil 8 oyi davomida Toshkent shahri atmosfera havosini yaxshilash maqsadida vazirlik tomonidan bir qator ishlar amalga oshirildi.
Xususan, Toshkent shahrida 12 ta hududiy ishchi guruh tashkil etildi. Sanoat korxonalari, ijtimoiy soha obektlari va issiqxona xo‘jaliklaridan atmosferaga tashlamalarni kamaytirish maqsadida tuzilgan ishchi guruhlarga vazirlik va idoralardan jami 150 nafardan ortiq mutaxassis jalb qilindi.
2025 yil yanvar-avgust oylarida 281 ta qonunbuzilish holati aniqlandi. 154 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 20 ta obekt faoliyatini vaqtincha to‘xtatish haqida sudga ariza kiritildi, 179 ta qonunbuzilish holati bartaraf etildi.
Qashqadaryoda soliqdan qarzdor fuqarolarning mashinalari jarima maydoniga qo‘yildi
Viloyat soliq boshqarmasining qayd qilishicha, 9 ming fuqaroning 46 mlrd so‘mlik soliq qarzini undirish bo‘yicha tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, bir haftada 131 nafar fuqaroning 2,1 mlrd so‘mlik soliq qarzi uchun transport vositalari jarima maydonchalariga joylashtirilgan.
Natijada 102 nafar fuqarodan 1,1 mlrd so‘mlik soliq qarzdorligi undirilishi ta’minlangan.
Qoraqalpog‘istondagi Ustyurt platosida juda katta gaz zaxirasi topildi
Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, ilgari neft-gaz sohasidagi qidiruv ishlari faqat 2,5–3 ming metr chuqurlikda olib borilardi. Bu yil sanoatimiz tarixida birinchi marta Ustyurtda 6,5 ming metr yer qa’rini burg‘ilab, juda katta gaz zaxirasi topilgan.
Prezident so‘zlariga ko‘ra, «to‘rtinchi sanoat inqilobi»ni amalga oshirish uchun dunyoda tellur, litiy, selen, grafit, molibden kabi texnologik minerallarga talab bir necha karra ko‘paygan. «Tahlillarga ko‘ra, dunyodagi volfram, molibden, rux va titan zaxiralarining 10−15 foizi mintaqamizga to‘g‘ri keladi», deb qo‘shimcha qildi u.
Buxoroda hokim yordamchisi pora bilan ushlandi
Buxoro viloyati Peshku tumanida hokim yordamchisi tezkor tadbirda pora bilan qo‘lga olindi. U hokimiyat zaxirasidagi yer maydonini onlayn auksion savdolari orqali sotib olib berish evaziga fuqarodan 6 ming dollar talab qilgan. Kelishilgan pulni olganda esa tezkor tadbirda ushlangan.
Hokim yordamchisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 2-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozir tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
22:46 / 05.12.2025
Yangi energetika quvvatlari va Gulistondagi portlashdan so‘ng qamoqqa olinganlar - mahalliy dayjest
22:47 / 04.12.2025
Prezident gaz portlashida jabrlanganlar bilan uchrashdi va 4,5 mln tonnalik paxta rejasi – mahalliy dayjest
22:05 / 03.12.2025
Toshkentda tungi ekoreydlar va Guliston bozoridagi fojia – mahalliy dayjest
23:11 / 02.12.2025