O‘zbekiston | 21:27 / 24.09.2025
11223
5 daqiqa o‘qiladi

To‘ylarni tartibga solish bo‘yicha navbatdagi urinish va abituriyentlar uchun yana bir imkoniyat – mahalliy dayjest

Vazirlar Mahkamasining «Oqilona iste’mol» dasturida to‘ylar, oilaviy tantanalar, marosim va boshqa shu kabi tadbirlar «belgilangan tartib» asosida qat’iy nazoratga olinishi belgilandi. Tartib 2021 yilda o‘rnatilgan.

2025-2026 o‘quv yili uchun bakalavriatga kirish imtihonlarida 56,7 va undan yuqori ball to‘plagan, biroq o‘qishga kirolmagan abituriyentlar vakant o‘rinlar qolgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga tanlovda ishtirok etishi mumkin.

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

To‘y marosimlari va oilaviy tadbirlarni o‘tkazish qat’iy nazoratga olinadi

Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 16 sentabrdagi qarori bilan «Oqilona iste’mol» dasturini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Unda dastur doirasida to‘ylar, oilaviy tantanalar, marosim va boshqa shu kabi tadbirlar belgilangan tartib asosida qat’iy nazoratga olinishi belgilangan.

Dasturga ko‘ra, to‘ylar, oilaviy tantana va marosimlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kengashi va Senat kengashi qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida o‘tkazilishi shart. Ushbu nizomda oilaviy tadbirlarda 200 nafargacha, shu munosabat bilan beriladigan osh marosimida esa 250 nafargacha ishtirokchi qatnashishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Qo‘shaloq to‘y va hasharlarda 250 nafargacha, unga bog‘liq osh marosimida esa 300 nafargacha mehmon bo‘lishi mumkin.

1 noyabrdan aholining ayrim toifalarini ro‘yxatga olish tashkil etiladi

Prezidentning «O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.

Ro‘yxatga olishning asosiy maqsadlari - mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash uchun 38 million aholining tarkibi va migratsiyasi, oilaviy holati, faoliyat turi, daromad manbalari to‘g‘risida Yevropa statistiklari konferensiyasining 2020 yildagi tavsiyalari asosida yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Mudofaa vazirligi, FVV, Milliy gvardiya, IIV, DXX, TIV, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga 2025 yil 1 noyabrdan boshlab aholining ayrim toifalarini ro‘yxatga olishni tashkil etish (ro‘yxat bo‘yicha) yuzasidan topshiriq berildi.

Bakalavrda vakant o‘rinlarga ro‘yxatdan o‘tish 25 sentabrdan boshlanadi

2025-2026 o‘quv yili uchun bakalavriatga kirish imtihonlarida 56,7 va undan yuqori ball to‘plagan, biroq talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar vakant o‘rinlar qolgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga tanlovda ishtirok etishi mumkin.

Ro‘yxatdan o‘tish muddati: 2025 yil 25 sentabrdan 3 oktyabrgacha. Tanlovda ishtirok etish tartibi: abituriyentlar my.uzbmb.uz shaxsiy kabineti orqali ro‘yxatdan o‘tadi.

Test topshirgan fanlar majmuasi va ta’lim tiliga mos yo‘nalishlardan 5 tagacha oliy ta’lim muassasasi va ta’lim yo‘nalishini (ta’lim shakli bilan birga) tanlash imkoniyati mavjud.

DXX 66 kg narkotik modda tarqalishining oldini oldi

Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan O‘zbekistonga olib kirilgan katta miqdordagi narkotik moddalar to‘xtatildi.

Jumladan, Farg‘ona viloyati, Beshariq tumanida yashovchi fuqaroning avtomashinasiga o‘rnatilgan gazballondan qariyb 60 kg giyohvand modda topildi. Samarqand viloyati, Urgut tumanida yashovchi fuqaro mashinasida qariyb 1 kg geroin moddasi borligi aniqlandi. Ular Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingani ma’lum bo‘ldi.

Hozir mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Toshkent viloyatida noyob lochinlarni noqonuniy saqlagan shaxs tabiatga 620 mln so‘m zarar yetkazdi

Chinoz tumanida fuqaro Qizil kitobga kiritilgan lochinlarni noqonuniy ravishda saqlagan. U hayvonot dunyosiga 620 mln so‘m zarar yetkazgan. Sapsan va Jig‘oltoy lochinlari vaqtincha saqlash uchun Toshkent hayvonot bog‘iga topshirilgan.

Ish yuzasidan yig‘ilgan barcha hujjatlar holatga huquqiy baho berish va tegishli chora ko‘rish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan.

Mavzuga oid