O‘zbekiston | 22:13 / 09.10.2025
10741
5 daqiqa o‘qiladi

Siam egizaklarining ajratilishi va Boysundagi ko‘mir ustida talato‘p – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Har bir mahallada favqulodda vaziyatlarning oldini olish choralari targ‘ib etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish tizimini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi.

Ta’kidlanishicha, favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha profilaktika ishlari asosan davlat idoralarida amalga oshirilyapti. Lekin bunday holatlarning 70 foizdan ortig‘i aholi xonadonlarida nosoz, muddati o‘tgan gaz va elektr jihozlaridan foydalanish, xavfsizlik madaniyatiga rioya qilmaslik oqibatida yuzaga kelyapti. Shuning uchun tizim ishini mahallalarda tashkil etib, favqulodda vaziyatlarning oldini olish, xavfsizlik madaniyatini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar bilan har bir mahalla, har bir ko‘cha va xonadonni qamrab olishi zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, sohada raqamli infratuzilma yaratish, favqulodda vaziyat haqida xabar berishdan boshlab, uni to‘liq bartaraf etishgacha bo‘lgan hamma jarayonlarni raqamlashtirish, shuningdek, yangi ishlash mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha topshiriq berildi.

Chirchiqda siam egizaklari shoshilinch ravishda noyob operatsiya orqali ajratildi

Chirchiq shahrida joylashgan Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Toshkent viloyati filialida noyob operatsiya o‘tkazildi.

Homiladorlikning 33-34-haftasida «kesarcha kesish» yo‘li bilan muddatidan avval dunyoga kelgan siam egizaklari tug‘uruqdan 9 soat o‘tib, shoshilinch ravishda, ustiga ustak, mahalliy sharoitda o‘ta murakkab amaliyot orqali ajratib olindi.

Besh soat davom etgan yuqori texnologik operatsiya Respublika perinatal markazi qoshidagi Neonatal xirurgiya markazi rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor Ergashev boshchiligidagi bir guruh mutaxassislar tomonidan muvaffaqiyatli bajarildi. Salomatligi yaxshilangan ona va bolalarga shifoxonadan uyiga javob berildi.

Boysundagi ko‘mir tarqatish punktida talato‘p yuzaga keldi

Tarmoqlarda Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida ko‘mir uchun yuzaga kelgan navbat va buning oqibatida yuz bergan talato‘p aks etgan video tarqaldi.

Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida tabiiy gaz yetib bormagan olis hududlarda yashovchi aholiga ko‘mir yetkazib berishda muammolar borligi aytilmoqda. Kun.uz'ga bu borada murojaat kelib tushdi.

Unda ta’kidlanishicha, videodagi talato‘p «ko‘mir vaqtida yetkazib berilmagani» ortidan vujudga kelgan. Ta’kidlanishicha, ko‘mir Angren shahridan keltiriladi, biroq u vaqtida kelmagani uchun navbatlar paydo bo‘lgan.

«Bu narxlar qayerdan olingan?» — dorixonachilar yangi majburiy to‘lovdan shikoyat qildi

O‘zbekistonda dorixonalarga litsenziyadan tashqari GPP sertifikatini ham olish talabi qo‘yildi. Uni olish – pulli. Olinganidan keyin har yili yana to‘lov evaziga yangilab turish ham kerak. Aks holda, dorixona litsenziyasidan ayriladi. To‘lov miqdori ayniqsa viloyatlardagi dorixonalar uchun og‘irlik qilyapti. Tadbirkorlar sertifikat narxi va muddatini qayta ko‘rib chiqishni so‘ramoqda.

Sertifikat olish uchun dorixonachilar salkam 8,5 mln so‘mgacha majburiy to‘lov qilishi kerak. Buning ustiga 3 yil muddatga beriladigan sertifikat har 9 oyda qayta inspeksiyadan o‘tkaziladi, bunga esa 3 mln so‘mdan ko‘proq pul to‘lanadi.

Buxoroda oltinni noqonuniy qazigan 37 kishi qo‘lga olindi

Shofirkon tumanidagi Quljuqtov massivida noqonuniy ravishda oltin qazib olayotgan 37 nafar shaxs ushlandi.

Tadbir davomida Ford rusumli 3 ta mashina, 8 ta perforator, 6 ta kompressor va tarkibida oltin moddasi mavjud bo‘lgan 400 qopga yaqin ruda hamda boshqa qo‘lbola yasama asbob-uskunalar ashyoviy dalillar sifatida olingan. Noqonuniy faoliyat orqali davlat va jamiyat manfaatlariga jami 20 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazilgani aniqlangan.

Mavzuga oid