Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Moped/skuter haydash uchun guvohnoma va 6 mln so‘mdan oshgan o‘rtacha oylik - mahalliy dayjest
Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
Moped va skuter haydash uchun guvohnoma olish osonlashadi
Hukumat qaroriga binoan, 2026 yil 1 yanvardan boshlab moped va skuter kabi transport vositalarini boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasining “A1” kichik toifasi joriy etiladi. Uni olish uchun avtomaktabda o‘qish talab qilinmaydi. “A”, “B”, “C”, “D” toifadagi guvohnoma egalari moped va skuterlarni ham boshqarish huquqini oladi.
“A1” toifadagi haydovchilik guvohnomasiga nazariy va amaliy imtihonlarni topshirish uchun o‘qishni tugatgani haqida guvohnoma talab etilmaydi. Nazariy imtihonda 20 ta testdan kamida 16 tasiga to‘g‘ri javob bergan “A1” toifaga nomzodlar nazariy imtihonni topshirgan deb hisoblanadi va amaliy imtihonga qo‘yiladi.
O‘zbekistonda o‘rtacha oylik 6 mln so‘mdan oshdi
Sentyabr oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi o‘rtacha ish haqi 6 mln 167 ming so‘mni tashkil etdi. Eng katta oylik Toshkent shahri (10,4 mln so‘m) va Navoiyda (7,6 mln so‘m), eng kami esa Qashqadaryo (4,2 mln so‘m) va Surxondaryoda (4,3 mln so‘m). Sohalar bo‘yicha eng baland ish haqi sug‘urta sohasida (20,9 mln so‘m), eng kami esa maktabgacha ta’limda (2,7 mln so‘m).
Oylik maoshlarning eng yuqori o‘sishi Samarqand (+24,8 foiz), Namangan (+20,9 foiz) va Sirdaryo (+20,7 foiz) viloyatlarida kuzatilgan.
Hisobot davrida faqatgina ikkita ma’muriy hududda (Toshkent shahri va Navoiy viloyati) nominal ish haqi respublikadagi o‘rtacha darajadan yuqori bo‘lib, qolgan barcha hududlarda bu ko‘rsatkich respublika darajasidan turli miqdorda past shakllangan.
Radarlar qayd etgan qoidabuzarliklar uchun jarima ballari yoziladi
2026 yil 1 apreldan boshlab, foto va videoradarlar orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun ham jarima ballarini hisoblash boshlanadi. Hozir faqat YHX xodimlari qo‘l rejimida tuzgan bayonnomalar bo‘yicha ball hisoblanmoqda.
Yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarima ballarini hisoblash tartibi 2025 yil 1 iyundan boshlandi. Shundan buyon faqat YHX xodimi tomonidan qo‘l rejimida qayd etilgan qoidabuzarliklarga nisbatan jarima ballari hisoblanmoqda.
Bu tizimda qoidabuzarliklarning yigirmaga yaqin turi uchun 0,2 balldan 2 ballgacha jarima ballari belgilangan. Xususan, tezlikni ruxsat etilganidan soatiga 20 kilometrgacha oshirib yuborganlik uchun 0,5 ball hisoblanadi. 12 oy ichida 12 ball to‘plagan haydovchilar 6 oydan 3 yilgacha muddatga haydovchilik guvohnomasidan mahrum bo‘ladi.
Yangi Toshkentda ko‘p funksiyali yerosti majmualari barpo etiladi
Yangi Toshkent shahrining zamonaviy konsepsiyasiga ko‘ra, shaharning markaziy qismlarida ko‘p funksiyali yerosti majmualari barpo etiladi. Ularda transport va servis xizmatlari, shuningdek nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulayliklar xalqaro standartlar asosida joriy qilinadi.
Konsepsiyaga muvofiq, shaharning markaziy hududlarida ko‘p funksiyali yerosti majmualari barpo etilib, aholi va mehmonlar uchun transport, servis va ijtimoiy xizmatlar bir nuqtada jamlanadi.
Yerosti majmualari shahar yuklamasini yerostiga qisman taqsimlash, piyodalar harakatini xavfsiz va qulay qilish, servis xizmatlariga tezkor yetishuvni ta’minlashga xizmat qiladi.
Toshkentda 144 tup archa kesib tashlandi
25 oktyabr kuni Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani Nukus ko‘chasi va Bobur ko‘chasi kesishmasidan boshlab, Bobur ko‘chasi bo‘ylab avtomobil yo‘lida o‘nlab daraxt kesib tashlangani aks etgan video tarqaldi.
O‘rganishlar natijasida jami 144 tup mojjyevelnik daraxti moratoriy talablariga zid ravishda kesib tashlangani ma’lum bo‘ldi.
Bu prezident farmoniga asosan joriy etilgan moratoriy talablariga zid hisoblanadi. Ayni vaqtda daraxtlar kesilgan hududda manzarali daraxtlar ekish ishlari boshlab yuborilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tabiatga yetkazilgan zarar 620 mln 472 ming so‘mni tashkil etmoqda. Aniqlangan holatlar bo‘yicha aybdorlarga tegishli jazo ko‘rish uchun hujjatlar rasmiylashtirilib, prokuratura organlariga yuborish choralari ko‘rilmoqda.
Mavzuga oid
22:46 / 05.12.2025
Yangi energetika quvvatlari va Gulistondagi portlashdan so‘ng qamoqqa olinganlar - mahalliy dayjest
22:47 / 04.12.2025
Prezident gaz portlashida jabrlanganlar bilan uchrashdi va 4,5 mln tonnalik paxta rejasi – mahalliy dayjest
22:05 / 03.12.2025
Toshkentda tungi ekoreydlar va Guliston bozoridagi fojia – mahalliy dayjest
23:11 / 02.12.2025