Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zgarishsiz qolayotgan asosiy soliqlar va Toshkentda issiq suv tarifining oshirilishi – mahalliy dayjest
Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
2026 yilda asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qoladi
Shavkat Mirziyoyev huzurida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda iqtisodiyotda kutilayotgan natijalar va 2026 yil uchun mo‘ljallangan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar muhokama qilindi.
Prezident yuqori o‘sish sur’atlarini yil yakunigacha saqlab qolib, yalpi ichki mahsulot hajmini 135 milliard dollardan oshirish iqtisodiy kompleksning asosiy vazifasi bo‘lishini qayd etdi.
2026 yilgi budjet loyihasida asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qolayotgan sharoitda budjet daromadlarini izchillik bilan oshirib borish, shu bilan birga, xarajatlar qismining samarali sarflanishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish shartligi qayd etildi.
Prezident ta’kidlaganidek, kelgusi yilda xarajatlarni keskin qisqartirish va samaradorlikni oshirish barcha darajadagi rahbarlar uchun asosiy mezon bo‘ladi.
Toshkentda issiq suv va issiqlik ta’minoti tariflari oshirildi
Toshkent shahar hokimi qarori bilan Veolia Energy Tashkent tomonidan ko‘rsatiladigan markazlashgan issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun yangi tariflar tasdiqlandi.
Qarorga muvofiq, issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun tariflar aholiga 15 foizga oshirildi.
12 noyabrdan boshlab issiqlik va issiq suv xizmatlari uchun yangi tariflar joriy etiladi:
- Markaziy isitish — 1 m² isitish maydoni/kun uchun 241,44 so‘m;
- Issiq suv (hisoblagichsiz) — 1 odam/oy uchun 52 303,39 so‘m;
- Issiq suv (umumiy dush bilan jihozlangan yotoqxonalarda) — 1 odam/oy uchun 38 908,16 so‘m;
- Issiq suv (hisoblagich bo‘lganda) — 1 m³ uchun 8 928,67 so‘m.
Toshkentda naqqoshlik san’ati markazi ochildi
Toshkentda «Naqsh» hunarmandchilik maktabi ochildi. Loyiha Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Britaniyaning eng qadimiy an’anaviy san’at maktabi – King jamg‘armasi (KFSTA) bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva maktab faoliyati bilan tanishdi.
«Naqsh» maktabining birinchi o‘quv yili besh kursdan tashkil topadi. Dastlabki mashg‘ulotlar Toshkentda, 2-bosqich Samarqandda – Ulug‘bek madrasasida o‘tkazilib, talabalar XV asr yodgorliklari misolida islom san’atiga oid naqshlarni o‘rganadi.
Ekologik reydlar: chiqindi tashlash bo‘yicha minglab holatlar aniqlandi
Prezident topshirig‘iga muvofiq respublika bo‘ylab davom etayotgan tozalik va ozodalik oyligi doirasida atrof-muhitni ifloslantirish holatlari yuzasidan kuchaytirilgan nazorat o‘rnatildi. 15–25 oktyabr kunlari belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash bo‘yicha 3 792 ta holat aniqlanib, huquqbuzarlarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rildi.
Oylik doirasida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Bosh prokuratura, Milliy gvardiya va Ichki ishlar vazirligi xodimlaridan iborat ishchi guruh tashkil etildi. Guruh tomonidan atrof-muhitni ifloslantirish bilan bog‘liq qonunbuzarliklar o‘rganilib, tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mirzaobod tumani sobiq hokimi jinoiy jazoga tortildi
Sudning hukmiga ko‘ra, tumanga 2020-2023 yillarda hokimlik qilgan Jonibek Yariyev mansab vakolatini suiiste’mol qilgan. U Sardoba suv omborida yuzaga kelgan toshqindan so‘ng yashash joyidan ayrilgan oilalar uchun qurilgan uylarni bir nechta holatda belgilangan talablarga zid ravishda berib yuborgan. Bu orqali davlat va jamiyat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan.
Jonibek Yariyev JIB Xovos tuman sudi hukmi bilan aybli deb topilgan. Unga davlat ishtirokidagi korxona, tashkilot, muassasalarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan 2 yilga mahrum qilib, ish haqining 20 foizini davlat davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2,5 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Shuningdek, sobiq hokimga BHM 105 baravari miqdorida jarima jazosi ham qo‘llangan.
Mavzuga oid
22:46 / 05.12.2025
Yangi energetika quvvatlari va Gulistondagi portlashdan so‘ng qamoqqa olinganlar - mahalliy dayjest
22:47 / 04.12.2025
Prezident gaz portlashida jabrlanganlar bilan uchrashdi va 4,5 mln tonnalik paxta rejasi – mahalliy dayjest
22:05 / 03.12.2025
Toshkentda tungi ekoreydlar va Guliston bozoridagi fojia – mahalliy dayjest
23:11 / 02.12.2025