Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Dorilar narxining ehtimoliy tushishi va Boysun konida yoqib yuborilgan gaz – mahalliy dayjest
Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
1 yanvardan 2,6 ming turdagi retseptli dorilarning narxi tushishi kutilmoqda
Prezidentga farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish, sohaga investitsiyalarni jalb qilish, “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasteri sanoat hududida amalga oshirilayotgan loyihalar, sifat va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdimot qilindi.
Taqdimot davomida import qilinayotgan dorilarning referent narxlarini shakllantirishda turli manipulyatsiyalarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar va takliflar bo‘yicha axborot berildi. Hozir 7,6 mingta import dori vositasidan 4,9 mingtasi referent mamlakatlarning narx reyestrida mavjud emas.
Taklif etilayotgan chora-tadbirlarga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan 2,6 ming turdagi retseptli dorilarning narxi o‘rtacha 40-50 foizga tushishi kutilmoqda.
Boysundagi kondan yana gaz sizib chiqdi
Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi «Mustaqillikning 25 yilligi» konidan gaz sizib chiqayotgani aks etgan videolar tarqaldi.
Energetika vazirligi bergan izohga ko‘ra, 2 noyabr kuni «M-25» konining 202-son gaz qudug‘ida avvaldan yoqib qo‘yilgan olovning vaqtincha so‘nish holati kuzatilgan. Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu holat kondagi geologik jarayon natijasida yuz bergan. Shundan so‘ng havoga zararli moddalar tarqalishining oldini olish maqsadida gaz tezkor ravishda yana yoqib yuborilgan.
Qayd etilishicha, ushbu jarayon atrof-muhit ifloslanishining oldini olishda standart yondashuv hisoblanadi va xalqaro sanoat xavfsizligi talablariga to‘la javob beradi.
Nikohdan ajralishlarning asosiy sababi fe’li to‘g‘ri kelmasligi ekani ma’lum bo‘ldi
Senatning navbatdagi yalpi majlisida oila institutini mustahkamlash va nikohdan ajralishlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan Oila va xotin-qizlar qo‘mitasiga parlament so‘rovini yuborish masalasi ko‘rib chiqildi.
Qayd qilinishicha, 2024 yilda nikohdan ajratishga doir 32217 ta ariza qanoatlantirilgan, shundan 17535 ta holatda (54 foiz) xarakter (fe’li) to‘g‘ri kelmasligi, 1807 ta holatda (6 foiz) boshqa nikoh munosabatiga kirishganligi, 1222 ta holatda (4 foiz) oilaga tayyor emasligi, 1033 ta holatda (3 foiz) o‘zaro ishonchsizlik sabab qilib ko‘rsatilgan.
Bundan tashqari, 2024 yilda FHDYo organlarida 7499 ta oila o‘zaro oilaviy kelishmovchilik sababli ajratilgan.
Chiqindi to‘lovini uyma-uy undirish amaliyoti to‘xtatiladi
2026 yil 1 yanvardan chiqindilar uchun to‘lovlarni uyma-uy yurib undirish amaliyoti to‘xtatiladi. To‘lovlar va abonentlar hisobi Toza makon billing tizimi va elektron to‘lov platformalari orqali yuritiladi, ayrim olis punktlarda esa bank kassalari va “O‘zbekiston pochtasi” bo‘limlari istisno tariqasida xizmat ko‘rsatadi.
Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi ma’lumotiga ko‘ra, yangi tartib to‘lovlarni raqamlashtirish, shaffoflikni oshirish va qarzdorlikni qisqartirishga qaratilgan.
FVV isitish mavsumi uchun xavfsizlik eslatmalarini e’lon qildi
Ob-havo sovishi munosabati bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) aholini is gazidan zaharlanish, gaz-havo aralashmasining chaqnashi va yong‘inlarning oldini olishga qaratilgan qoidalarga qat’iy rioya qilishga chaqirdi.
Bunda, isitish pechi va dudburonlar soz bo‘lishi, berkitilmasligi, yoriq-sizib chiqishlarsiz holatda tekshirilishi kerak.
Gaz uskunalarini ulash faqat me’yorga muvofiq amalga oshiriladi, rezina shlang orqali ulash taqiqlanadi.
Qo‘lbola/nosoz elektr va gaz isitish jihozlaridan foydalanmang — hayot uchun xavfli. Dudburon va havo chiqarish kanallarini maxsus tashkilotlarga o‘z vaqtida tozalating.
Mavzuga oid
22:47 / 04.12.2025
Prezident gaz portlashida jabrlanganlar bilan uchrashdi va 4,5 mln tonnalik paxta rejasi – mahalliy dayjest
22:05 / 03.12.2025
Toshkentda tungi ekoreydlar va Guliston bozoridagi fojia – mahalliy dayjest
23:11 / 02.12.2025
«Afrosiyob»dagi prezident va ko‘p qavatli uylarda yong‘in xavfsizligi choralari – mahalliy dayjest
21:31 / 01.12.2025