O‘zbekiston | 22:59 / 07.11.2025
4834
5 daqiqa o‘qiladi

Migrantlar uchun imtiyozli sug‘urta va avtobuslarning yo‘nalish raqami ko‘rinmasligi – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Migrantlar uchun imtiyozli sug‘urta tariflari ishlab chiqiladi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi taklifi bilan migrantlar hayoti va sog‘lig‘ini ixtiyoriy sug‘urta qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Sug‘urta tashkilotlariga quyidagilarni joriy etish tavsiya etildi:

- xorijda mehnat faoliyati davrida hayot va sog‘liq sug‘urtasi;

- patent/ruxsatnoma rad etilishi xavfini sug‘urtalash;

- xorijda ishga joylashish uchun kreditlar qaytmasligi xavfini sug‘urtalash;

- O‘zbekiston hududida ixtiyoriy tibbiy sug‘urta polisi berish yoki migrant bo‘lgan mamlakatda assistans xizmatlari orqali tibbiy yordamni tashkil etish.

Shuningdek, mehnat migrantlarining hayoti, sog‘lig‘i va tavakkalchiliklarini sug‘urtalash tartibi bo‘yicha nizom qabul qilinadi.

Toshkentliklar avtobuslarning yo‘nalish raqami ko‘rinmasligidan shikoyat qildi

Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim avtobuslarda yo‘nalish raqamlari ko‘rinmasligi yuzasidan tanqidlar yangradi. «Toshshahartransxizmat» AJ holatni o‘rganib, avtobuslarni texnik ko‘rikdan o‘tkazdi.

Tekshiruv jarayonida ba’zi transport vositalarining trafaret oynasidagi qorayish yoki yopishtirilgan belgilarga oid kamchiliklar aniqlanib, ular bartaraf etildi. Kompaniya haydovchilar va texnik xodimlarga yo‘nalish raqamlari va belgilarini doimo toza, ravshan va yo‘lovchilarga aniq ko‘rinishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.

Farg‘ona viloyatida 1,4 mlrd so‘m subsidiya mablag‘lari o‘zlashtirilgani aniqlandi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (KQQA) Farg‘ona viloyatida subsidiyalarning maqsadli sarflanishini o‘rganib, 2023–2024 yillarda tadbirkorlik sub’yektlariga berilgan 9,3 mlrd so‘m subsidiyadan kamida 1,4 mlrd so‘mi o‘zlashtirilganini aniqladi.

Jumladan, kasanachilarga subsidiya ajratishda ko‘plab korrupsiya holatlari yuz bergan. Shuningdek, «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan 47 nafar fuqaroga takroran subsidiya ajratilgan.

To‘plangan materiallar asosida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Toshkentda issiq suvdagi zang holatlari tekshiriladi

Veolia Energy agar issiq suv sifati tashqi tarmoqlardagi nosozliklar bilan bog‘liq ekani tasdiqlansa, belgilangan tartibda to‘lovlarni qayta hisoblash masalasi ko‘rib chiqilishi haqida xabar berdi.

Qayd qilinishicha, fuqarolarning shu mazmundagi barcha murojaatlari ro‘yxatga olinadi va boshqaruv kompaniyalari, MJTK va bevosita boshqaruv vakillari bilan birgalikda uylar texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Ta’kidlanishicha, agar issiq suv sifati tashqi tarmoqlardagi nosozliklar bilan bog‘liq ekani tasdiqlansa, belgilangan tartibda to‘lovlarni qayta hisoblash masalasi ko‘rib chiqiladi.

Pochta va kurerlik jo‘natmalari uchun yangi bojxona tartibi tasdiqlandi

Hukumat qarori bilan «Xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalarini bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi. Hujjat xalqaro pochta va ekspress jo‘natmalardagi tovarlarni bojxonada shaffof va standartlashgan tartibda rasmiylashtirishni ko‘zda tutadi.

Pochta va kurerlik jo‘natmalari orqali yuboriladigan yoki olib kiriladigan tovarlar bojxona nazoratidan o‘tkaziladi. Pochta aloqasi operatori va ekspress tashuvchi jo‘natmalarni bojxona organlariga ko‘zdan kechirish/ko‘rik uchun taqdim etadi.

Jo‘natmalar bojxona nazoratida tashish shartlariga rioya etgan holda manzil bojxona postigacha yetkaziladi. Tashish, yuklash/qayta yuklash, tushirish, saqlash va shu kabi yuk operatsiyalari bilan bog‘liq xarajatlar operator yoki ekspress tashuvchi hisobidan qoplanadi. 

Mavzuga oid