Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Oliy ta’limda kontrakt to‘lovi muddati o‘zgarishi va korxonalarga zararli tashlamalarni 2 baravar kamaytirish talabi – mahalliy dayjest
Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
Oliy ta’limda kontrakt to‘lovi muddatlari o‘zgardi
Adliya vazirligi ta’lim tashkilotlarida to‘lov-kontrakt shakli va undan tushgan mablag‘larni taqsimlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartishlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Yangilangan tartibga ko‘ra, oliy ta’lim tashkilotlarida kontrakt asosida o‘qish uchun to‘lov quyidagi muddatlarda amalga oshiriladi:
- to‘lov miqdorining kamida 25 foizi – abituriyentlar uchun 15 sentabrgacha, yuqori bosqich talabalari uchun 1 oktyabrgacha yoki OTM rektori tomonidan uzaytiriladigan muddatgacha;
- to‘lov miqdorining kamida 50 foizi – 1 yanvargacha, 75 foizi – 1 martgacha, 100 foizi – 1 maygacha yoki OTM rektori tomonidan uzaytiriladigan muddatgacha to‘lanadi.
Davlat kompaniyalari prezident ruxsatisiz homiylik bilan shug‘ullanishni to‘xtatadi
Prezident farmoyishi bilan, davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori korxonalarga davlat rahbarining qarorlari va topshiriqlaridan tashqari boshqa hollarda homiylik yordamlarini ko‘rsatishni to‘xtatish buyurildi.
“Davlat korxonalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari va topshiriqlaridan tashqari boshqa hollarda homiylik yordamlarini ko‘rsatishni to‘xtatsin”, – deyiladi farmoyishning 9-bandida.
Hujjat bilan, “UzAssets” AJ boshqaruvidagi strategik yirik davlat korxonalarining 2026 yilgi biznes-rejalari 2 oy muddatda tanqidiy ko‘rib chiqilishi belgilandi.
Sanoat korxonalariga zararli tashlamalarni 2 baravar kamaytirish talabi qo‘yildi
Atmosfera havosi ifloslanishini kamaytirish maqsadida sanoat korxonalariga 2025 yil 1 dekabrgacha zararli tashlamalar hajmini kamida 2 baravarga qisqartirish vazifasi yuklatildi. Atrof-muhitga ta’siri yuqori bo‘lgan sanoat korxonalari quyidagi muddatlarda ekologik talablarni to‘liq bajarishi shart: I toifaga kiruvchi korxonalar – 2026 yil 1 yanvargacha; II toifa korxonalar – 2026 yil 1 iyulgacha.
Shu muddatlarga qadar korxonalar: avtomatik atmosfera monitoring stansiyalarini o‘rnatishi, chang-gaz hamda suv tozalash uskunalarini o‘rnatishi yoki mavjudlarini modernizatsiya qilishi, sanitar himoya zonalarini avtomatik kuzatuv postlari bilan jihozlashi zarur.
Qayd etilishicha, ushbu majburiyatlar bajarilmagan hollarda atrof-muhitni ifloslantirish uchun kompensatsiya to‘lovlari 5 baravargacha oshirilgan holda qo‘llanadi.
Raqobat qo‘mitasi «pulli parkovka» bo‘yicha o‘rganish boshladi
Raqobat qo‘mitasi 11 ta tovar bozorida ustun mavqega ega bo‘lmagan, lekin bitim shartlari, tovarlar sotiladigan hudud yoki narxga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatish imkoniyati mavjud bo‘lgan 66 ta korxona ro‘yxatini tuzdi.
Xususan, Toshkent shahrida faoliyat olib boruvchi avtoturargoh operatorlarining ustun muzokara kuchini e’tirof etish yuzasidan tegishli o‘rganishlar olib borilayotganligi ham ma’lum qilindi.
Qayd qilinishicha, poytaxt ko‘chalarida avtomobil qo‘yish joylaridan foydalanish haqi soatiga 12 ming so‘mdan boshlab belgilangani, tushayotgan mablag‘lar bo‘yicha ochiqlik va hisobdorlik yetishmayotgani jamoatchilik orasida turli muhokamalarga sabab bo‘lyapti.
Toshkentda havo ifloslanishiga qarshi reydlarda issiqxonalar, qurilish va sanoat korxonalari tekshirilmoqda
Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori Doniyor Turg‘unovning ma’lum qilishicha, 2025 yil 23 noyabr holatiga ko‘ra Markaziy Osiyo, jumladan O‘zbekistonda atmosfera havosining ifloslanishi kichik gradiyentli, yuqori bosimli atmosfera jarayoni va inversiya hodisasi ta’sirida turg‘un saqlanmoqda. Mazkur holatni yumshatish maqsadida Toshkent va unga tutash hududlarda keng qamrovli reydlar va amaliy tadbirlar olib borilmoqda.
Turg‘unovning ta’kidlashicha, hozirgi sharoitda inversiya hodisasi havoning vertikal harakatini cheklab qo‘ygan. Vertikal harakatning noto‘g‘ri taqsimlanishi natijasida mayda zarrachalar quyi havo qatlamlarida to‘planib, atmosfera havosining ifloslanish darajasi ma’lum vaqt davomida turg‘un saqlanib qolmoqda.
Mavzuga oid
22:47 / 04.12.2025
Prezident gaz portlashida jabrlanganlar bilan uchrashdi va 4,5 mln tonnalik paxta rejasi – mahalliy dayjest
22:05 / 03.12.2025
Toshkentda tungi ekoreydlar va Guliston bozoridagi fojia – mahalliy dayjest
23:11 / 02.12.2025
«Afrosiyob»dagi prezident va ko‘p qavatli uylarda yong‘in xavfsizligi choralari – mahalliy dayjest
21:31 / 01.12.2025