Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ekologiya uchun maxsus komissiya va non yopish orqali saratonga qarshi kurash – mahalliy dayjest
Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
Toshkentda ekologik vaziyatni yaxshilash uchun maxsus komissiya tuzildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev farmoniga muvofiq, Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha maxsus komissiya tuzildi.
Uning zimmasiga poytaxtda havo sifati, yashil hududlarni asrash va ko‘paytirish, transportdan chiqadigan zararli moddalarni kamaytirish, sanoat korxonalari faoliyatida ekologik talablarga rioya etilishini kuchaytirish kabi yo‘nalishlarda aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish va ularning ijrosini muvofiqlashtirish vazifalari yuklatilishi kutilmoqda.
Maxsus komissiya atmosfera havosi sifatiga salbiy ta’sir qiluvchi moddalar yoqqan issiqxonalar va boshqa obektlar faoliyatini vaqtincha to‘xtatishi yoki tugatishi mumkin.
Toshkentda eski avtomobillarni trade-in orqali yangilash tizimi joriy etiladi
Prezidentning Toshkent shahri ekologiyasini yaxshilashga qaratilgan farmoniga muvofiq, poytaxtda atmosfera havosini ifloslantirishni kamaytirish maqsadida 2010 yilgacha ishlab chiqarilgan, ekologik talablarga to‘liq javob bermaydigan avtomobillarni trade-in orqali yangilash mexanizmi joriy etiladi.
Ushbu mexanizm orqali eski avtomobillar egalariga ularni yangiroq, ekologik jihatdan xavfsizroq transport vositalariga almashtirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishi, bu esa o‘z navbatida poytaxt havosining ifloslanishini sezilarli darajada kamaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Barcha masjidlarda yomg‘ir so‘rab, «istisqo» namozi o‘qiladi
O‘zbekistonda kuz fasli yomg‘irsiz o‘tayotgani, kelgusi kunlarda ham yog‘ingarchilik kutilmayotgani tufayli muftiy tashabbusi bilan, 28 noyabr kuni juma namozidan keyin — O‘zbekistondagi barcha masjidlarda yomg‘ir so‘rab, jamoat bilan ikki rakaat istisqo namozi o‘qiladi.
Bundan tashqari, viloyatlar, tuman-shaharlar markaziy masjidlari va ziyoratgohlarda jonliq so‘yilib, yordamga muhtoj oilalar va boshqa ehtiyojmandlarga tarqatiladi.
Bundan tashqari, Umra ziyoratida bo‘lib turgan imom-domlalarga Ikki Haramda ham o‘z guruhlari ishtirokida istisqo namozini o‘qishlari tavsiya etilgan.
Zoyir Mirzayev ayollarning tandirda non yopmay qo‘yganini tanqid qildi
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ayollar tandirda non yopmay qo‘ygani sababli onkologik kasalliklar ko‘payganini aytdi. «Tandirda non yopgan ayolda rak kasali bo‘lmaydi», dedi u. Hokimning tushuntirishicha, tandir oldida organizm qiziydi, natijada «qon tez aylanadi va tomirlarni tozalaydi».
Uning so‘zlariga ko‘ra, Samarqandda ishlaganida koreyalik doktor kelib, ayollarda saratonning ko‘payish sabablarini tahlil qilgan.
«Nimaga ko‘payyapti, bu saraton kasalligi? 7-8 ta narsani yozgan. Kamharakatlik birinchi o‘rinda turibdi. To‘rtinchi faktor — tandirda non yopmaslik degandi. Tandirda non yopgan ayolda rak kasali bo‘lmaydi. Sababi tandirning oldiga borganda organizm qiziydi, keyin qon ikki barobar tez aylanarkan organizmda. Shuning tezligida qon tomirlarni tozalab tashlarkan. Qon iflos bo‘lsa, qaysidir bezga mikrob qo‘shilib, sekin-sekin bezlar uyg‘onadi-ku. Bu faktorlardan bittasi-da. Shuni yo‘qotdik-da bizlar», dedi Mirzayev.
Maishiy havo tozalagichlar bojdan ozod etiladi
O‘zbekistonga tadbirkorlik sub’yektlari va fuqarolar tomonidan olib kiriladigan maishiy havo tozalash uskunalari bojxona bojidan ozod etiladi. Bu prezidentning Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmonida belgilangan.
Farmonda atmosfera havosining RM2.5 zarralari bilan ifloslanish manbalarini aniqlash uchun Ekologiya qo‘mitasi huzurida Atmosfera havosini chuqur o‘rganishga qaratilgan maxsus laboratoriya tashkil qilinishi belgilangan.
Shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlari va fuqarolar tomonidan maishiy havo tozalash uskunalari O‘zbekiston hududiga olib kirilganda bojxona bojidan ozod etiladi. Ma’lumot uchun, havo tozalagichlar importi uchun 20 foiz, lekin har bir donasi uchun 3 dollardan kam bo‘lmagan miqdorda import boj o‘rnatilgan.
Mavzuga oid
22:47 / 04.12.2025
Prezident gaz portlashida jabrlanganlar bilan uchrashdi va 4,5 mln tonnalik paxta rejasi – mahalliy dayjest
22:05 / 03.12.2025
Toshkentda tungi ekoreydlar va Guliston bozoridagi fojia – mahalliy dayjest
23:11 / 02.12.2025
«Afrosiyob»dagi prezident va ko‘p qavatli uylarda yong‘in xavfsizligi choralari – mahalliy dayjest
21:31 / 01.12.2025