O‘zbekiston | 21:31 / 01.12.2025
1834
5 daqiqa o‘qiladi

Iste’molchilar murojaati uchun qulaylik va Toshkentdagi ommaviy eko-reydlar – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Iste’molchilar murojaati uchun yangi onlayn platforma ishga tushirildi

Raqobat qo‘mitasi tomonidan iste’molchi huquqlarini himoya qilish sohasida yana bir qulay axborot texnologiyasi joriy etildi. Yangi onlayn platforma orqali jismoniy va yuridik shaxslar o‘z murojaatini masofadan turib yuborish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Mazkur platforma orqali foydalanuvchi nafaqat murojaat taqdim etishi, balki uning ko‘rib chiqilishi jarayonini ham real vaqt rejimida kuzatib borishi va yakuniy qaror bilan onlayn tanishishi mumkin. Ta’kidlanishicha, bu esa murojaatlarni ko‘rib chiqishda oshkoralik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Iste’molchilar o‘z murojaatini Fair tech yagona axborot tizimi orqali yuborishi mumkin.

Toshkentda 100 dan ortiq ifloslantiruvchi obekt faoliyati to‘xtatildi

2025 yil 24–28 noyabr kunlari Toshkent shahrida atmosfera havosini ifloslantirish manbalarini aniqlash va cheklash maqsadida o‘tkazilgan keng qamrovli reydlar natijasida 100 dan ortiq ifloslantiruvchi obekt faoliyati to‘xtatildi, yuzlab shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Jumladan, 67 ta issiqxona faoliyati to‘xtatildi, 53 ta noqonuniy qurilish aniqlandi, talablarga javob bermagan 34 ta obekt faoliyati vaqtincha to‘xtatildi, havoni me’yordan ortiq ifloslantirgan 206 haydovchiga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rildi, yukni yopmasdan harakatlangan 837 ta transport vositasiga jarima choralari qo‘llandi.

Mutasaddilarga ko‘ra, bunday reydlar va profilaktik tadbirlar atmosfera havosi sifatini yaxshilash hamda ekologiya talablariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida davomli ravishda o‘tkazib boriladi.

O‘zbekiston universitetlarining OpenAI ekotizimi bilan integratsiyasi chuqurlashtiriladi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov OpenAI kompaniyasining ta’lim bozoriga chiqish va davlat tuzilmalari bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha mas’ul bo‘lim rahbari Valeri Foke hamda Silkroad Innovation Hub asoschisi va rahbari Asset Abdualiyevni qabul qildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari uchun sun’iy intellekt texnologiyalariga oid ta’lim dasturlari, treninglar, onlayn platformalar va akseleratsiya imkoniyatlaridan foydalanishni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, pedagoglar va olimlar uchun sun’iy intellektga oid resurslar, professional jamoalar va bilim almashish maydonlaridan samarali foydalanish imkoniyatlarini yaratish muhimligi qayd etildi.

Qishki o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha ariza qabul qilish 20 dekabrdan boshlanadi

Davlat OTM o‘rtasida o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha qishki jarayon 20 dekabrdan boshlanadi.

O‘qishni ko‘chirishga faqat davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida va quyidagi ikki uzrli sabab asosida ruxsat beriladi:

- talaba oila qurgan taqdirda, turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi OTMga o‘qishini ko‘chirish istagida bo‘lsa;

- davlat organlari xodimining ish joyi o‘zgarganda, uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandi o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lsa (bu holda tegishli vazirlik/idora rahbarining tavsiya xati talab etiladi).

Arizalar 20 dekabrdan 20 yanvargacha hududiy ishchi guruhlarga oflayn shaklda topshiriladi.

O‘zbekiston tarixida ilk bor ayol karatechi jahon chempioniga aylandi

Misrning Qohira shahrida o‘tayotgan karate bo‘yicha jahon chempionatida o‘zbekistonlik sportchi Gulshan Alimardonova (-50 kg) oltin medalni qo‘lga kiritib, mamlakat tarixida ayol karatechilar orasida ilk bor jahon chempioni bo‘ldi.

Shu paytga qadar karate bo‘yicha jahon chempionatida yurt sharafini himoya qilgan sportchilar ichida faqat Dostonbek Otabolayev oltin medalga ega chiqqan edi. Endi esa unga Gulshan Alimardonova hamqadam bo‘lib, o‘z nomini jahon arenasidagi chempionlar qatoriga qo‘shdi.

Mavzuga oid