O‘zbekiston | 22:46 / 05.12.2025
997
4 daqiqa o‘qiladi

Yangi energetika quvvatlari va Gulistondagi portlashdan so‘ng qamoqqa olinganlar - mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Yangi energetika quvvatlari hisobiga O‘zbekiston aholisining yillik elektr iste’moli to‘liq qoplanadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tgan marosimda qariyb 11 milliard dollarlik 42 ta yangi quvvat va infratuzilma obekti foydalanishga topshirildi, yana 21 ta yangi loyiha qurilishiga start berildi.

Hududlarda jami 3 ming 500 megavatt quvvatga ega 16 ta quyosh, shamol, issiqlik va gidroelektr stansiya ishga tushirildi. Ushbu obektlar to‘liq quvvatda ishlay boshlashi natijasida yiliga 15 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi generatsiya qilinadi. Kelgusi yilda «yashil» energiya ishlab chiqarish hajmini 23 milliard kilovatt-soatga yetkazish rejalashtirilgan.

– E’tibor bering, bu – O‘zbekiston aholisining yillik elektr energiya iste’moli to‘liq qoplanadi, deganidir, – dedi prezident.

Toshkentda metro uzunligi 103 kilometrga, «parkovka» o‘rinlari 150 mingtaga yetkaziladi

Toshkent shahrida transport tizimi boshqaruvini takomillashtirish va tirbandliklarni kamaytirish maqsadida prezident qarori qabul qilindi. Hujjat bilan poytaxt transport tizimini 2030 yilgacha rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.

Qarorga muvofiq, Toshkentda aholining jamoat transportidan foydalanish darajasini 60 foizga yetkazish, avtobuslarning o‘rtacha harakat tezligini 18 km/soatdan 24 km/soatgacha oshirish, transport vositalari uchun 150 mingta o‘ringa ega to‘xtab turish joylarini tashkil etish, metropoliten tarmog‘i uzunligini 103 kilometrga yetkazish rejalashtirilgan.

Hujjatga binoan, poytaxtda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ochiladi.

Toshkentda svetoforlar «aqlli» tizimga ulanadi va transport oqimiga avtomatik moslashadi

Toshkent shahrida transport va yo‘l infratuzilmasini boshqarishni zamonaviy darajaga olib chiqish maqsadida axborot texnologiyalari bilan integratsiyalashgan intellektual transport tizimi ishlab chiqiladi.

Qarorga ko‘ra, intellektual transport tizimi doirasida videokuzatuv kameralari va turli sensorlar orqali transport, piyoda va yo‘lovchi oqimlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar yig‘iladi. Ushbu ma’lumotlar asosida harakat tahlil qilinib, svetoforlarni boshqarish, svetofor fazalarini real vaqt rejimida avtomatik moslashtirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Konstitutsiya kuni munosabati bilan necha kun dam olinadi?

2025 yil 8 dekabr — O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilingan kun bo‘lib, joriy yilda u haftaning dushanbaga to‘g‘ri keladi.

Bayram arafasida dam olish kunlari bo‘yicha quyidagi tartib amal qiladi:

6 dekabr, shanba – 5 kunlik ish haftasidagi xodimlar uchun dam olish kuni, 6 kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun ish kuni hisoblanadi;

7 dekabr, yakshanba – dam olish kuni;

8 dekabr, dushanba – O‘zbekiston konstitutsiyasi kuni munosabati bilan rasmiy bayram va dam olish kuni;

9 dekabr, seshanba – barcha uchun ish kuni etib belgilangan.

Shu tariqa, 5 kunlik ish haftasida ishlovchi xodimlar uchun 6, 7 va 8 dekabr kunlari ketma-ket 3 kun dam olish imkoniyati yaratiladi.

Gulistondagi portlashdan so‘ng 3 kishi qamoqqa olindi

2 dekabr kuni Guliston shahri, Taraqqiyot mahallasidagi umumiy ovqatlanish shoxobchasi oshxonasida suyultirilgan gazballoni portlashi oqibatida yuz bergan fojiadan so‘ng korxona mas’ul shaxslariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi va ular qamoqqa olindi.

Kuchli portlash oqibatida 29 nafar fuqaro turli darajadagi kuyish jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazilgan. Og‘ir tan jarohatlari tufayli 3 nafar fuqaro vafot etgan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, shoxobchaning 3 nafar mansabdor shaxsi protsessual tartibda qamoqqa olingan.

Mavzuga oid