Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Uy-joy va avtomobil savdosida naqd puldan voz kechilishi va inson a’zolari savdogarlariga jazo – mahalliy dayjest
Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
Naqd pulga uy-joy va avtomobil oldi-sotdisi bekor qilinadi, naqdsiz hisob-kitoblar ommalashtiriladi
2026 yil 1 apreldan boshlab O‘zbekistonda bir qator to‘lovlar faqat naqd pulsiz shaklda qabul qilinadi.
Jumladan, quyidagilar uchun to‘lov faqat bank kartasi yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi:
▪️ davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar;
▪️ elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvidan foydalanganlik uchun to‘lovlar;
▪️ ko‘chmas mulk obektlari, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifaga kiruvchi transportlar va boshqalar.
Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvargacha barcha savdo va xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar tomonidan elektron to‘lovlarni qabul qilish uchun yagona QR kod joriy qilinadi. Bunda 2026 yil 1 iyuldan barcha savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi yuridik shaxslarda yagona QR kodli to‘lov tizimi orqali to‘lovlarni qabul qilish ham majburiy etib belgilanadi.
Inson a’zolari savdosi bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiy guruhga hukm o‘qildi
Inson a’zolari va to‘qimalari savdosi bilan shug‘ullangan uyushgan guruh a’zolari jinoiy jazoga tortildi.
Toshkent shahri, Toshkent, Farg‘ona, Buxoro hamda Qashqadaryo viloyatlarida yashovchi 12 nafar fuqarodan (4 nafari ayol) iborat jinoiy guruh ijtimoiy tarmoqlar orqali buyrak va jigar kasalliklaridan aziyat chekayotgan bemorlarni topgan. So‘ngra sog‘lom fuqarolarni mo‘may pul evaziga o‘z a’zosini sotishga qiziqtirgan. Shu tariqa chet eldagi tanishlari yordamida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni qalbakilashtirish orqali ularni go‘yoki qarindosh sifatida ko‘rsatgan va qo‘shni davlatlarning biridagi xususiy klinikada jarrohlik amaliyotlarini amalga oshirgan. Bemorlardan olingan katta miqdordagi pul mablag‘larining ma’lum bir qismi operatsiya uchun xususiy klinikaga hamda donorlarga berilgan, qolgani esa o‘zaro taqsimlangan.
Guruh a’zolari turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etildi.
Jizzaxda bedarak yo‘qolgan IIB xodimi Bo‘stonliqdan topildi
27 oktyabr kuni tongda yashash uyidan chiqib ketganicha qaytmagan Jizzax viloyati, Zafarobod tumani IIB xodimi Mamayusuf Rahmatullayev topildi va qo‘lga olindi, u Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida yashirinib yurgani aniqlandi.
Mamayusuf Rahmatullayevga nisbatan Zafarobod tumani prokuraturasi tomonidan 2025 yil 19 noyabr kuni Jinoyat kodeksining 168-moddasi, ya’ni firibgarlik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. U ayblanayotgan firibgarlik tafsiloti hozircha ma’lum emas.
Barcha dorixonalar «Elektron retsept» orqali ishlashga o‘tadi
2025 yil 10 dekabrdan boshlab Toshkent shahri va qator tumanlarda, 2026 yil yakuniga qadar esa butun respublika bo‘ylab dorixonalar uchun «Elektron retsept» tizimiga ulanish litsenziya olish va uni saqlab qolish uchun majburiy shart etib belgilanmoqda. Ta’kidlanishicha, bu tartib dorilarni faqat retsept asosida berishni qat’iy nazorat qilishga qaratilgan.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, dorixonalar tomonidan retsept asosida berilishi lozim bo‘lgan dori vositasini retsepsiz berganlik uchun javobgarlik belgilangan.
Endi shifokor tomonidan tayinlanadigan ayrim dori vositalarini xarid qilishda fuqarolarga dorixonaga albatta shifokor tomonidan tizimga kiritilgan elektron retsept asosida murojaat qilish tavsiya etilmoqda.
Qamchiqda 16 yoshli qiz osma dor yo‘lidan quladi
Ijtimoiy tarmoqlarda Qamchiq dovonida osma dor yo‘lida ayol pastga qulagani haqida xabarlar tarqaldi. Ma’lum bo‘lishicha, holat 11 dekabr kuni sodir bo‘lgan: osma dor yo‘lida uchayotgan 16 yoshli qiz «yuzaga kelgan nosozlik» sabab pastga qulagan.
FVV matbuot xizmatiga ko‘ra, qiz zudlik bilan shifoxonaga olib borilgan. Hozir uning ahvoli yaxshi ekani ta’kidlanmoqda.
Mavzuga oid
22:32 / 10.12.2025
800 ta paxta terish mashinasi va Piskentdagi daraxtkushlik – mahalliy dayjest
22:46 / 05.12.2025
Yangi energetika quvvatlari va Gulistondagi portlashdan so‘ng qamoqqa olinganlar - mahalliy dayjest
22:47 / 04.12.2025
Prezident gaz portlashida jabrlanganlar bilan uchrashdi va 4,5 mln tonnalik paxta rejasi – mahalliy dayjest
22:05 / 03.12.2025