O‘zbekiston | 22:03 / 14.01.2026
1350
4 daqiqa o‘qiladi

Trampga chora ko‘rishni so‘ragan fuqaroning jazolanishi va bolaga ota ismini familiya sifatida berish imkoniyati – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Prezident Vatan himoyachilarini tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Qurolli kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiy xizmatchilarga tabrik yo‘lladi.

Davlat rahbari tabrigida askar va serjantlar, ofitser va generallar, shuningdek, Qurolli kuchlar faxriylarini samimiy muborakbod etib, vatan himoyasidek sharafli va mas’uliyatli ishga hayotini bag‘ishlagan yurt posbonlariga yuksak hurmat va ehtirom bildirdi. Shu bilan birga, vatan oldidagi burchini bajarish chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan qahramonlar xotirasiga chuqur ehtirom izhor etildi.

Trampga chora ko‘rishni so‘ragan fuqaro jazolandi

Toshkentda 102 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, Donald Tramga chora ko‘rishni so‘ragan fuqaro ma’muriy jazoga tortildi.

Andijon viloyatida tug‘ilgan 37 yoshli A.K. 6 yanvar kuni mast holatda Toshkent shahar IIBB 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilgan va AQSh prezidenti Donald Trampga chora ko‘rishni so‘ragan. Shundan so‘ng, ichki ishlar xodimlarining IIB binosiga borish haqidagi qonuniy talablarini bajarmagan. A.K. sudda aybiga iqrorlik bildirgan va o‘sha kuni mast bo‘lganini aytgan.

Bektemir tuman sudi uni «maxsus xizmatlarni qasddan aldab chaqirganlikda» aybli deb topib, jarima jazosi tayinladi.

Bolaga ota ismini familiya sifatida berishga ruxsat etilishi mumkin

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar Oila kodeksiga shu haqda qo‘shimcha kiritish ko‘zda tutilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.

Ushbu loyiha bilan Oila kodeksining 69-moddasiga qo‘shimcha kiritish taklif etilmoqda. Bu moddada bolaning familiyasi ota-onaning familiyasiga qarab belgilanishi ko‘zda tutilgan. Hozirgi vaqtda ota ismini bolaga familiya sifatida berish imkoniyatining yo‘qligi qonunchilik hujjatlari turlicha talqin qilinishiga hamda fuqarolarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Shundan kelib chiqqan holda, Oila kodeksining 69-moddasiga otaning ismini bolaga familiya sifatida berish bo‘yicha qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.

6 viloyatda chiqindini termik qayta ishlash orqali elektr olish zavodi barpo etilmoqda

Ekologiya qo‘mitasi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi 2025 yil davomida amalga oshirgan ishlar sarhisobini ma’lum qildi.

Infratuzilmani kengaytirish doirasida 6 ta hududda ekosanoat zonalari, 11 ta hududda jami 14 ta qayta yuklash punktlari tashkil etilayotgani qayd etildi.

Agentlik ma’lum qilishicha, Andijon, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida chiqindilarni termik usulda qayta ishlash orqali elektr energiyasi oluvchi zavodlar barpo etilmoqda. Toshkent shahri, Samarqand va Buxoro viloyatlarida esa tibbiyot chiqindilarini yoqish hisobiga issiqlik energiyasi ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda.

Mavzuga oid