O‘zbekiston | 21:55 / 15.01.2026
2657
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston uchun 4 tahdid va dronlarning jangovar shay operatorlari – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

DXX raisi O‘zbekiston uchun asosiy 4 ta tahdidni sanadi

DXX raisi Bahodir Qurbonov Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida chegara bo‘linmalari va aeroportlar xavfsizligini ta’minlash tizimidagi yangiliklar bilan tanishtirdi. Shuningdek, O‘zbekiston uchun tahdid sifatida ko‘rilgan 4 ta masalani ko‘tardi.

DXX raisi bugungi kunga kelib davlat chegarasining 42 foizi videokuzatuv tizimi bilan jihozlangani, 1117 kilometr optik tolali aloqa liniyasi tortilganini aytdi.

Bahodir Qurbonov bugungi kunda yuzaga kelayotgan asosiy tahdidlar va ularga qarshi kurash bo‘yicha ham ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston uchun quyidagi 4 asosiy tahdid mavjud: terrorchilik xurujlari, davlat chegarasi orqali transchegaraviy tahdidlar, giyohvandlik moddalari aylanmasi bilan bog‘liq tahdidlar va korrupsiya tahdidi.

Mudofaa vaziri barcha dron operatorlari jangovar shay ekanini ma’lum qildi

Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida hisobot bergan Mudofaa vaziri Shuhrat Xolmuhamedov askarlar FPV-dronlarni boshqarishni qisqa muddatda to‘liq o‘rganib olgani haqida ma’lumot berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uchuvchisiz komplekslar mutaxassislarini tayyorlash markazi tashkil etilib, 340 nafar mutaxassis o‘qitildi va sinovdan o‘tkazildi. Askarlar eng qiyin bo‘lgan FPV-dronlarni boshqarish, nishonlarga aniq zarba berish ko‘nikmalarini o‘zlashtirdi. Ta’kidlanishicha, bugungi kunda barcha FPV-dron operatorlari jangovar vazifani bajarishga tayyor.

Vazirning ta’kidlashicha, havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari yangi olingan zenit komplekslarini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazgan.

Prezidentga Xivadagi Kongress markazi va Farg‘onadagi ekspomarkaz loyihasi taqdim etildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev turizm, transport va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Jumladan, Xiva shahrida Kongress markazi, Konfutsiy instituti va Lyu Ban ustaxonasi, Urganch–Xiva avtomobil yo‘liga muqobil yangi yo‘l, Farg‘ona shahrida ekspomarkaz, Burhoniddin Marg‘iloniy ilmiy-tadqiqot markazi, Buxoro davlat universitetining yangi zamonaviy kampusi va boshqalar taqdim etildi.

Shuningdek, Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish doirasida uning infratuzilmasini kengaytirish, yo‘lovchilar va yuklarga xizmat ko‘rsatish sifatini, logistika imkoniyatlarini oshirish orqali hududning transport salohiyatini yangi bosqichga olib chiqish, bundan tashqari, Urganch vokzalidan yangilangan aeroportga alohida temiryo‘l liniyasi tortilishi loyihalari ham muhokama qilindi.

Ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarishning klaster tizimi joriy etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev ko‘p kvartirali uy-joy fondini boshqarish tizimini takomillashtirish va aholiga sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlashga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Unda 2026-2030 yillarda ba’zi shahar va tumanlarda ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarishning klaster tizimini huquqiy eksperiment sifatida joriy etish taklif qilindi.

Eksperiment doirasida uylar holati tahlil qilinib, “yashil, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi, kamida 7 ming xonadondan iborat lotlar shakllantiriladi hamda 5 yillik rivojlantirish dasturlari ishlab chiqiladi. Lotlar va master-rejalar tuman kengashlari tomonidan tasdiqlanadi, boshqaruvchi tashkilotlar esa “Mening uyim” tizimi orqali mulkdorlar tomonidan ovoz berish yo‘li bilan tanlanadi.

Mavzuga oid