Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kitobxonlik targ‘iboti bo‘yicha yangi dastur va Xivaga pulli avtomobil yo‘li – mahalliy dayjest
Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
1 fevraldan kitobxonlikni targ‘ib qilish bo‘yicha yangi dastur boshlanadi
2026 yil 1 fevraldan boshlab qonunchilikka muvofiq aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilishga qaratilgan “Kitob – ma’rifat manbai” dasturi amalga oshiriladi.
Mazkur dasturning asosiy maqsadi jamiyatda mutolaa madaniyatini yuksaltirish, yoshlarning ma’naviy-axloqiy rivojlanishiga hissa qo‘shish hamda kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishni oshirishdan iborat.
Dastur doirasida jamoat transportida internet tarmog‘i orqali Mutolaa platformasidan foydalanish imkoniyatlari yaratiladi. Qulaylik uchun transport vositalarida maxsus QR-kodlar joylashtirilib, yo‘lovchilar ular orqali elektron kitoblardan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Urganch–Xiva yo‘nalishida pulli avtomobil yo‘li quriladi
Xorazm viloyatida transport infratuzilmasini tubdan yaxshilash maqsadida Urganch–Xiva yo‘nalishida yangi pulli avtomobil yo‘li qurilishi rejalashtirilmoqda.
Loyiha doirasida umumiy uzunligi 32 kilometr bo‘lgan yangi avtomobil yo‘li barpo etiladi. Ushbu yo‘l mavjud yo‘nalishlarga muqobil bo‘lib, transport qatnovini sezilarli darajada yengillashtirishi, safar vaqtini qisqartirishi va harakat xavfsizligini oshirishi ta’kidlanmoqda. Yo‘l to‘liq foydalanishga topshirilgach, undan foydalanish pulli asosda amalga oshiriladi.
Buxoro shahrida avtobuslarda naqd pul qabul qilish to‘xtatiladi
Buxoro shahrida avtobuslarda yo‘l haqini to‘lashda naqd pulsiz to‘lov tizimi joriy etiladi. Birinchi bosqichda 1 fevraldan ba’zi yo‘nalishlarda yo‘lkirani to‘lashda naqd pul qabul qilish to‘xtatiladi. 1 apreldan boshlab qolgan barcha yo‘nalishlarda ham to‘lovlar faqat elektron tarzda qabul qilinishi ta’kidlanmoqda.
Buxoro shahri hokimligi 1 oy muddatda shahardagi barcha avtobus bekatlarini elektron chipta sotishning o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatuvchi avtomatlashtirilgan infokiosklarni shahardagi barcha avtobus yo‘nalishlari hamda bekatlariga bosqichma-bosqich o‘rnatish choralarini ko‘rishi kerak.
IIV yuqori lavozimli xodimlari hibsga olindi
Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari, general-mayor Bekmurod Abdullayev qamoqqa olindi. U aynan nimada ayblanayotgani haqida aniq ma’lumot yo‘q.
Bekmurod Abdullayev 2021 yil aprel oyidan ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i lavozimida ishlagan, 2025 yil 3 noyabr kuni ishdan olingan edi.
Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti sobiq boshlig‘i Rustam Tursunov ham qamoqqa olindi. Unga qarshi ochilgan jinoyat ishi haqida rasmiy ma’lumot berilmadi.
Rustam Tursunov 2021 yil fevral oyidan Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i sifatida ish boshlagan, 2025 yil noyabr oyi boshida prezident farmoyishi bilan lavozimidan ozod etilgandi.
Farg‘onada metan zapravkalar yopiqligi sababli avtobuslar yo‘nalishga chiqmagani ma’lum bo‘ldi
Ijtimoiy tarmoqlarda metan gaz yo‘qligi sababli Farg‘ona shahridagi yo‘nalishli avtobuslar ishga chiqmasligi haqida xabar tarqaldi.
Transport vazirligi axborot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatov izohiga ko‘ra, haqiqatan ham avtobuslar yo‘nalishga chiqmagan. Gaz «zapravka»lar ishlamagani sababli avtobuslar metan gaz to‘ldirolmagan.
Avtobuslarning qachondan odatdagi tartibda ishga qaytishi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilmadi.
Mavzuga oid
22:04 / 23.01.2026
Hastimomga borgan prezident, yana bolalar ozuqasidagi xavfli toksin va aholini ro‘yxatga olishga oid eslatma – mahalliy dayjest
21:33 / 22.01.2026
Ozodlikka chiqqan “zamhokim” va o‘zgaradigan avtoraqamlar – mahalliy dayjest
21:34 / 20.01.2026
«Metan zapravkalar»ga navbatdagi cheklov va Chorvoqdagi turizm loyihasining jamoatchilik muhokamasi – mahalliy dayjest
21:14 / 19.01.2026