O‘zbekiston | 21:11 / 30.01.2026
1271
5 daqiqa o‘qiladi

Xotirlangan Karimov, haydovchilikka o‘qishga subsidiya va ko‘paygan qizamiq – mahalliy dayjest

Bugun prezident Shavkat Mirziyoyev hukumat va parlament vakillari bilan birga marhum Islom Karimovni xotirladi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti O‘zbekistonni qizamiqdan xoli mamlakat maqomidan mahrum qildi, ayrim yoshlarga haydovchilik o‘quv kursi uchun subsidiya beriladi. Kunning shu va boshqa muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Birinchi prezident xotirasi yod etildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 yanvar kuni Toshkent shahrida Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo‘ydi. Tadbir birinchi prezident tavallud topgan kunga bag‘ishlandi.

Marosim davomida Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi. Birinchi prezidentning Vatan manfaatlari yo‘lidagi faoliyati, insoniy fazilatlari yodga olindi.

Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida bo‘lib o‘tgan marosimda Oliy Majlis palatalari, Prezident Administratsiyasi va hukumat vakillari, ilm-fan va madaniyat namoyandalari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Toshkentda FIFA Jahon chempionati kubogi keng jamoatchilikka namoyish etildi

O‘zekspomarkaz ko‘rgazmalar zalida FIFA Jahon chempionati kubogi keng jamoatchilikka taqdim qilindi. Tadbir World Cup Trophy Tour doirasida bo‘lib o‘tdi.

Marosim O‘zbekiston milliy terma jamoasining tarixda ilk bor Jahon chempionatiga yo‘llanma olgani fonida o‘tkazilgani bilan ham alohida ahamiyat kasb etdi. Tadbirda italiyalik mashhur futbolchi, jahon chempioni Marko Materatssi, shuningdek, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov ishtirok etdi. Ular yosh futbolchilar va muxlislar bilan uchrashib, Jahon chempionati kubogining mavqeyi va sportdagi intizom hamda ishtiyoq haqida fikr almashdi.

JSST O‘zbekistonni qizamiqdan xoli mamlakat maqomidan mahrum qildi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) so‘nggi bir necha yil ichida kasallanish holatlari ko‘paygani sababli O‘zbekistonni qizamiqdan xoli mamlakat maqomidan mahrum qildi.

Xalqaro tashkilot mutaxassislarining aniqlik kiritishicha, O‘zbekistonda 2024 yilda qizamiq epidemiyasi kuzatilgan. Qoidalarga ko‘ra, agar virus qaytib kelsa va uning yuqishi bir yildan ortiq vaqt davomida uzluksiz davom etsa, davlat o‘z maqomini yo‘qotadi.

Mutaxassislar ushbu kasallik avj olishining asosiy sababini ommaviy emlashdagi bo‘shliqlar deb atamoqda, buning oqibatida ayniqsa voyaga yetmaganlarda immunitet pasayadi.

2025 yilda O‘zbekistonda yarim milliondan ko‘proq odam ma’muriy jazoga tortildi

O‘tgan yili O‘zbekistonda jinoyat ishlari bo‘yicha tuman va shahar sudlarining tergov sudyalari tomonidan 825050 nafar shaxsga nisbatan 690879 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqildi.

Ko‘rilgan ishlar doirasida 509146 nafar shaxsga ma’muriy jazolar qo‘llangan. Xususan, 415531 kishiga nisbatan jarima, 91663 kishiga esa ma’muriy qamoq jazolari tayinlangan.

Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarning salmoqli qismi Toshkent shahri, Toshkent, Farg‘ona, Samarqand va Andijon viloyatlarida ko‘rilgan. Yarashilgani munosabati bilan 121906 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikdan ozod etilgan.

Ayrim yoshlarga haydovchilik o‘quv kursi uchun subsidiya beriladi

Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalardagi yoshlar uchun yangi imtiyoz joriy etilmoqda – 2026 yil 1 fevraldan e’tiboran “Yoshlar daftari” jamg‘armalari orqali avtomototransport haydovchilarini tayyorlash bo‘yicha o‘quv kurslari xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratiladi.

Mazkur subsidiya haydovchilik guvohnomasining A, B, D hamda DE toifalarini olish uchun to‘lanadi. Bu esa yoshlarning mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirish, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish va barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashishga qaratilgan.

Yoshlar subsidiya uchun tegishli tuman yoki shahar hokimliklari huzuridagi “Yoshlar daftari” bilan ishlovchi tuzilmalarga murojaat qilishi mumkin.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid