O‘zbekiston | 22:23 / 10.03.2026
6646
5 daqiqa o‘qiladi

5 kishini o‘ldirgan avariya va fosh etilgan jinoiy guruhlar – mahalliy dayjest

Navro‘z umumxalq bayramini munosib nishonlash maqsadida Toshkent shahrida keng ko‘lamli madaniy-ma’rifiy tadbirlar va xalq sayillari tashkil etiladi. 2026 yilning dastlabki ikki oyida 45 ta jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Davlat xaridlarida raqobatga zid 28 mingdan ortiq holat aniqlandi. Kunning shu va boshqa muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Toshkentda Navro‘z munosabati bilan xalq sayillari tashkil etiladi

2026 yilgi Navro‘z umumxalq bayramini munosib nishonlash maqsadida Toshkent shahrida keng ko‘lamli madaniy-ma’rifiy tadbirlar va xalq sayillari tashkil etiladi.

Prezident qaroriga ko‘ra, “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!” degan ezgu g‘oya asosida tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy va targ‘ibot tadbirlari dasturi ishlab chiqilib, uning amalga oshirilishi ta’minlanadi.

Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbirlari, “Men ham ko‘chat ekaman” aksiyasi hamda umumxalq hasharlari o‘tkaziladi.

Ikki oyda 45 ta jinoiy guruh fosh etildi

2026 yil yanvar–fevral oylarida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida o‘tkazilgan 6025 ta maxsus tezkor tadbir davomida 45 ta jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.

Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu tadbirlar natijasida tovlamachilik, noqonuniy qurol saqlash, qimorxona tashkil etish, odam savdosi, orttirilgan immunitet virusi infeksiyasini tarqatish va fohishaxona saqlash bilan bog‘liq ko‘plab jinoyatlar fosh etildi. Xususan, tezkor tadbirlar davomida 116 ta tovlamachilik, 315 ta noqonuniy qurol bilan bog‘liq, 86 ta qimorxona tashkil etish, 40 ta odam savdosi, shuningdek, 790 ta OIV infeksiyasini tarqatish va fohishaxona saqlash kabi jinoyat holatlari aniqlangan.

Yangi quriladigan uylarda «aqlli» suv hisoblagichlar majburan o‘rnatiladi

2027 yildan O‘zbekistondagi yangi ko‘p kvartirali uylarni qurish loyihalarida zamonaviy elektron ichimlik suv hisoblagichlarini o‘rnatish majburiy etib belgilandi.

Prezident farmoniga muvofiq, ko‘p kvartirali uylar qurilishida yer ajratish va ruxsat berish tartib-taomillari jarayonlarini o‘z ichiga oluvchi investitsiya-qurilish davrining davomiyligini 1,5 baravargacha qisqartirish belgilandi. Shuningdek, xonadonga kiradigan ichimlik suv tarmog‘i uchun faqat bitta o‘lchov nuqtasi bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Davlat xaridlarida raqobatga zid 28 mingdan ortiq holat aniqlandi

Raqobat qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilda davlat buyurtmachilari tomonidan o‘tkazilgan boshlang‘ich qiymati 18,8 trln so‘m bo‘lgan 23 mingdan ortiq davlat xaridlari o‘rganib chiqildi. Tahlillar natijasida 16135 ta savdo jarayonida jami 28304 ta raqobatga zid harakatlar qayd etildi.

Xususan, 16017 ta holatda savdolarni o‘tkazish tartibi qonun hujjatlariga zid ravishda buzilgan. Shuningdek, 1145 ta holatda ishtirokchilar faoliyatini muvofiqlashtirish, 801 ta holatda esa savdo ishtirokchilarini asossiz ravishda chetlatish holatlari aniqlangan. Qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan korporativ buyurtmachilarga nisbatan moliyaviy jarimalar qo‘llanib, kelgusida bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.

Navoiyda YTH oqibatida 5 kishi halok bo‘ldi

Navoiyda yana bir ayanchli YTH sodir bo‘ldi.

Ma’lum bo‘lishicha, YTH 7 mart kuni soat 16:30 lar atrofida “Navoiy–Zarafshon–Uchquduq” avtomobil yo‘lining Konimex tumani hududidan o‘tgan qismida sodir bo‘lgan. “Navoiy-Zarafshon” yo‘nalishida harakatlanib borayotgan Chery mashinasi qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan Kia bilan to‘qnashgan. To‘qnashuv paytida har ikki mashinaning harakat tezligi belgilangan cheklovdan yuqori bo‘lgani aytilmoqda.

YTH oqibatida Kia mashinasida bo‘lgan bir oilaning 3 a’zosi hamda Chery mashinasida bo‘lgan 2 kishi vafot etgan. Ularning 3 nafari voqea joyida halok bo‘lgan.

Ayni shu yo‘lda avvalroq ham YTH sodir bo‘lib, 4 kishi vafot etgandi.  

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid