O‘zbekiston | 20:43 / 16.03.2026
1036
4 daqiqa o‘qiladi

Yangi mis boyitish fabrikasi va sun’iy intellekt bo‘yicha etika me’yorlari – mahalliy dayjest

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida yangi - 3-mis boyitish fabrikasi ishga tushirildi. Sun’iy intellektga asoslangan yechimlarni yaratish, joriy qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha etika qoidalari qabul qilindi. Yong‘indan keyin Toshkentdagi Park in Mall savdo markazi faoliyati to‘xtatildi. Kunning shu va boshqa muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Olmaliqda yangi mis boyitish fabrikasi ishga tushirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 mart kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida barpo etilgan mis konsentratini filtrlash korpusida bo‘ldi.

3-mis boyitish fabrikasi tarkibidagi korpus yiliga 917 ming tonnaga yaqin mis konsentrati ishlab chiqarish quvvatiga ega. Zamonaviy sanoat press-filtrlari, nasos agregatlari, shlam va suv aylanma tizimlari o‘rnatilgan. Uskunalar xalqaro standartlar asosida ishlab chiqarilgan bo‘lib, yuqori samaradorlik va energiya tejamkorligi bilan ajralib turadi. Ayni vaqtda qurilish ishlari to‘liq yakunlanib, korpusda umumiy 5 ta press-filtrdan 3 tasi to‘liq ishga tushirilgan, yana 2 tasi ishga tushirishga hozirlanmoqda. Shu yilning o‘zida ishga tushadigan loyihalar hisobga olinsa, misni chuqur qayta ishlash quvvati 240 ming tonnaga yetadi.

Sun’iy intellekt bo‘yicha etika me’yorlari tasdiqlandi

Adliya vazirligi tomonidan sun’iy intellektga asoslangan yechimlarni yaratish, joriy qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha etika qoidalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Hujjatga ko‘ra, sun’iy intellekt texnologiya va tizimlaridan foydalanishda qonuniylik, shaxs, jamiyat va davlat manfaatlari hamda atrof-muhitni himoya qilish ustuvorligi, tushunarlilik, mas’uliyat va javobgarlik, adolatlilik va kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, ochiqlik va shaffoflik, ma’lumotlar himoyasi hamda ishonchlilik va xavfsizlik kabi asosiy etika tamoyillari belgilandi. Shuningdek, ayrim qarorlarni qabul qilishda faqat sun’iy intellekt tizimlari xulosalariga tayanmaslik talabi ham joriy etildi. Xususan, inson huquq va erkinliklariga daxldor yuridik ahamiyatga ega qarorlar, shuningdek sog‘liqni saqlash sohasida — kasalliklarni tashxislash yoki davolash usullarini belgilash kabi masalalarda qaror qabul qilishda sun’iy intellekt natijalariga to‘liq tayanish mumkin emasligi qayd etilgan.

Yong‘indan keyin Park in Mall savdo markazi faoliyati to‘xtatildi

15 mart kuni Toshkent shahri Shayxontohur tumanida joylashgan Park in Mall oilaviy savdo-ko‘ngilochar markazining uchinchi qavatida yong‘in sodir bo‘lganidan so‘ng, Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati tegishli hujjatlarga asosan markaz faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, cheklov chorasi yong‘in xavfsizligi sohasida aniqlangan kamchiliklar to‘liq bartaraf etilguniga qadar amal qiladi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘inga binodagi ijarachilar tomonidan elektr simlaridan noto‘g‘ri foydalanganlik sabab bo‘lishi mumkin.

Mart oyining ikkinchi yarmida tabiiy gaz uchun bazaviy me’yor 50 kub metrni tashkil etadi

O‘zbekistonda gaz iste’moli bo‘yicha qishki bazaviy me’yor muddati tugadi: 16 martdan boshlab 1 noyabrga qadar har oy uchun 100 kub metrgacha (Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 1 oktyabrgacha) bazaviy me’yor amal qiladi. Mart oyining qolgan kunlari uchun bazaviy me’yor 50 kub metr etib belgilandi.

Qayd etilishicha, bir oylik 500 kub metr bazaviy me’yor oyning birinchi yarmi uchun (1−15 mart kunlari) teng ulushlarda taqsimlanganda 250 kub metrni tashkil etadi. Bir oylik 100 kub metr bazaviy me’yor oyning ikkinchi yarmi uchun (16−31 mart kunlari) teng ulushlarda taqsimlanganda 50 kub metrni tashkil etadi va mana shu 50 kub metr gaz uchun ham aholi iste’molchilari bazaviy me’yor doirasida, ya’ni 1800 so‘mdan emas, 1000 so‘mdan to‘lov amalga oshiradi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid