Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentdan Xivaga elektropoyezd va ikkita Malibu ishtirokida sug‘urta firibgarligi – mahalliy dayjest
Toshkent – Xiva yo‘nalishida «Jaloliddin Manguberdi» tezyurar poyezdi qatnovi 3 maydan boshlanadi. Sug‘urta bozorida soxta yo‘l-transport hodisasiga asoslangan sug‘urta firibgarligi sxemasi aniqlandi, unda ikkita Malibu ishtirok etgan. Ko‘p kvartirali uylarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalari belgilandi. Sirdaryoda norasmiy nikohdagi ayol erining qonuniy xotini va qizini o‘ldirdi.
Toshkent – Xiva yo‘nalishida «Jaloliddin Manguberdi» tezyurar poyezdi qatnovi 3 maydan boshlanadi
Transport vazirligi xabariga ko‘ra, poyezd 7 soat 30 minutda manzilga yetib boradi. Chipta narxi 780 ming so‘m.
Poyezd Toshkentdan Xivaga haftaning seshanba, payshanba, shanba kunlari, Xivadan Toshkentga haftaning chorshanba, juma, yakshanba kunlari yo‘lga chiqadi.
Harakat jadvali: Toshkent Markaziy vokzalidan Xivaga jo‘nash 07:00, yetib borish 14:31. Xivadan Toshkent Markaziy vokzaliga jo‘nash 07:20, yetib kelish 14:51.
Toshkentda sug‘urta firibgarligi sxemasi fosh qilindi
Sug‘urta bozorida soxta yo‘l-transport hodisasiga asoslangan uyushtirilgan sug‘urta firibgarligi sxemasi aniqlandi. Uch kishi jinoiy reja tuzib, soxta yo‘l-transport hodisasi va qalbaki hujjatlar orqali sug‘urta tashkilotlaridan sug‘urta to‘lovlarini olib kelgan. Uyushgan guruh 14 ta epizodning 8 tasida bu ishni uddalagan: sug‘urta kompaniyalaridan jami 110 mln so‘mga yaqin mablag‘ sug‘urta tovoni sifatida olingan.
Epizodlarda asosan 2 ta mashina «jabrlanuvchi» sifatida ishtirok etgan: davlat raqami 01 L 368 AC bo‘lgan oq rangli Malibu hamda davlat raqami 01 S 897 MS bo‘lgan qora rangli Malibu. Sud jinoiy sxema ishtirokchilarini yirik miqdorda jarimaga tortdi.
Ko‘p kvartirali uylarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalari belgilandi
Qoidalarga ko‘ra, ko‘p kvartirali uylar uchun boshqarish organlari tomonidan umumiy texnik pasport yuritiladi.
Haftada 1 marta ko‘p kvartirali uylarning lift xonalari tozalanadi hamda lift uskunalari doimiy texnik monitoring qilinadi. Uy hayvonlarini umumiy foydalanishdagi joylarda, zinapoyada, cherdakda, yerto‘lada, shuningdek umumiy foydalanishdagi oshxonada, balkonda va lodjiyada saqlash taqiqlanadi. Shuningdek, uylarga tutash yer uchastkalarida maktabgacha va maktab yoshidagi bolalar o‘ynashi uchun, katta yoshdagi aholining dam olishi uchun, jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanish uchun, maishiy chiqindilarni yig‘ish uchun, it va boshqa uy hayvonlarini sayr qildirish uchun maydonchalar bo‘lishi shart.
Sirdaryoda norasmiy nikohdagi ayol erining qonuniy xotini va qizini o‘ldirdi
Sirdaryo viloyati Shirin shaharchasida mudhish qotillik sodir etildi. 1997 yilda tug‘ilgan M.S. o‘z xonadonida uy yumushlari bilan band bo‘lgan. Erining shar’iy nikohidagi xotini – 29 yoshli N.X. uyga bostirib kelib, uni va ikki qizini pichoqlagan. So‘ngra qochib ketgan. Qizlarning kattasi 5, kichigi 3 yoshda bo‘lgan.
Oqibatda ayol va 5 yoshli qizi Sh.S. voqea joyida vafot etgan. 3 yoshli qizi I.S. esa og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Hozir u jonlantirish bo‘limida qolmoqda.
Holat yuzasidan Sirdaryo viloyati o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “a,v,j” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi N.X. protsessual tartibda ushlangan.
Mavzuga oid
19:05 / 30.04.2026
Energiya iste’moliga cheklovning taqiqlanishi va matbuot erkinligi bo‘yicha «juda jiddiy» vaziyat – mahalliy dayjest
20:42 / 29.04.2026
Haj mavsumining boshlanish sanasi va haker tomonidan sotuvga qo‘yilgan ma’lumotlar – mahalliy dayjest
19:50 / 28.04.2026
Marg‘ilonda yangi turizm majmuasi va 7 millionga yaqinlashgan o‘rtacha ish haqi – mahalliy dayjest
18:35 / 27.04.2026