AQŞning Nyu-York ştatidagi Buffalo şahri federal sudi 29 iyul kuni 28 yoşli Hadi Matarni britan-hind yozuvçisi Salmon Ruşdiyga suiqasd qiliş bilan boğliq iş böyiça xalqaro terrorizm hamda boşqa bir qator jinoyatlarda aybdor deb topdi. Associated Press agentligi xabar berişiça, hakamlar hay’ati qaror qabul qiliş uçun ikki soatga ham yetmaydigan vaqt sarflagan.
Davlat aybloviga köra, Matar Livanning «Hizbulloh» harakati ta’sirida harakat qilgan. Ayblov tomonining ta’kidlaşiça, bu harakat öz navbatida Eronning marhum oliy rahbari oyatulloh Ruhulloh Xumayniyning 1989 yilda çiqargan fatvosiga amal qilgan. Unda Salmon Ruşdiy özining romani uçun öldirilişiga çaqirilgan edi.
Hukm e’lon qilingaç, AQŞ boş prokurorining milliy xavfsizlik böyiça yordamçisi Jon Ayzenberg mazkur hujumni «Eron terrorizmining global miqyosini namoyon etuvçi xavotirli misol» deb atadi. Uning sözlariga köra, adolat qaror topgan.
Hadi Matar Nyu-York ştati sudining hukmi bilan Salmon Ruşdiyga hujum qilgani uçun 25 yillik qamoq jazosini ötamoqda. Bu hukm 2025 yil may oyida çiqarilgan. Endi federal sud işi doirasida unga umrbod ozodlikdan mahrum qiliş jazosi tayinlanişi mumkin. Yakuniy hukm 3 noyabr kuni e’lon qilinişi kutilmoqda.
Hadi Matar 2022 yil 12 avgust kuni Nyu-York ştatidagi ta’lim markazida ma’ruza qilişga hozirlanayotgan Salmon Ruşdiyga piçoq bilan hujum qilgan edi. Yozuvçi tanasining turli qismlaridan oğir jarohat olgan va hujum oqibatida öng közidan ayrilgan.
Hadi Matar AQŞda livanlik muhojirlar oilasida tuğilgan. U Nyu-Jyersi ştatida yaşagan va kiyim-keçak dökonida işlagan. Onasining aytişiça, öğli 2018 yilda Yaqin Şarqqa qilgan safaridan keyin özgarib, ança yopiq insonga aylangan.
Salmon Ruşdiyning romani 1989 yilda naşr etilganidan keyin bir qator mamlakatlarda keskin e’tirozlarga sabab bölgan va 20 ta davlatda taqiqlangan. Şu yili oyatulloh Xumayniy asarni haqoratli deb baholab, yozuvçini öldirişga çaqiruvçi fatvo çiqargan.
Salmon Ruşdiyning sözlariga köra, romanning asosiy mavzusi Londonda yaşayotgan janubiy osiyolik muhojirlar hayoti bölib, din bu hikoyaning faqat bir qismi hisoblanadi.








