Bulunğur tumanida istiqomat qiluvçi Bibimaryam Xolbötayeva özining tirik inson bölişiga qaramay, davlatning ayrim elektron tizimlarida vafot etgan şaxs sifatida qayd etilganidan şikoyat qilmoqda.
Unga köra, bu holat 2022-yil 14-avgust kuni birinçi farzandini dunyoga keltiriş uçun tuğuruqxonaga murojaat qilganidan keyin sodir bölgan.
- Birinçi tuğruğimda tuğuruqxonaga borganman. Bolam sunʼiy tuğuruq orqali tuğilgan. Oradan uç kun ötib, men tuğuruqxonadan çiqqanimdan keyin qandaydir xatolik bilan bola ölimiga ona ölimi ham qöşib kiritilgan ekan. Şundan keyin meni davlat bazasida vafot etgan deb çiqarib yuborişgan, - deydi Bibimaryam Xolbötayeva.
Ayol bu holatdan keyingi yili ikkinçi marta tuğuruqxonaga borganida xabar topgan.
- Tizimdan meni topa olişmagan. «Fuqaro, siz baza böyiça ölik deb çiqyapsiz», deyişdi. Bu qanday bölişi mumkinligini söraganimizda, tuğuruqxona xodimlari xatolik özlaridan ötganini tan olişdi. Hatto kiçik qoğozga xatolik böyiça tilxat ham yozib berişdi, - deydi u.
Şundan söng uning yaqinlari turli idoralarga murojaat qilib, maʼlumotlarni töğrilaşga harakat qilgan. Natijada ayolning ayrim hujjatlaridagi muammo hal qilingan, ikkinçi farzandi uçun tuğilganlik haqidagi guvohnoma ham olingan.
Ammo muammo elektron biometrik tizimlarda saqlanib qolgan.
- Menga hujjatlaringiz hal böldi, deb aytişdi. Lekin Face ID orqali tekşirilganda hamon «fuqaro tirik emas» degan javob çiqyapti. Bu holatni kredit oliş uçun markazga borganimda yana kördim. Pasportimni berdim, Face ID orqali tekşirişganda «fuqaro tirik emas» deb çiqdi, - deydi Xolbötayeva.
Uning sözlariga köra, MyGov ilovasida ham xuddi şunday maʼlumot aks etgan.
- Isbot uçun MyGov ilovasini ham yuklab kördim. U yerda ham fuqaro vafot etgan deb körsatilgan. Pasport stoliga borsam, ular «muammo bizda emas, baza işlamaydi», deyişdi. Tuğuruqxonaga borsam, boş şifokor ham hayron böldi. «Sizni tirik deb kiritib berganmiz, bunday holat birinçi marta bölyapti», deyişdi, - deydi ayol.
Bibimaryam Xolbötayeva muammoni hal qiliş uçun bir qator davlat idoralarining işonç telefonlariga qönğiroq qilganini aytmoqda.
- Menga uç kun içida javob berişlarini aytişdi, ammo javob bölmadi. Keyin 1000 raqamiga qönğiroq qildim. Vaziyatni tuşuntirsam, «fuqaro, keçirasiz, agar siz tizimda ölgan deb topilgan bölsangiz, arizangizni qabul qila olmayman», degan javobni oldim, - deydi u.
Ayolning taʼkidlaşiça, turli idoralarga borib ham muammoni hal qila olmaganidan keyin u ommaga murojaat qilişga qaror qilgan.
- Men tirik insonman. Oilam, farzandlarim bor. Ammo davlatning elektron tizimida ölikman. Qaysi idoraga murojaat qilişni ham bilmay qoldim. Iltimosim – bu masala bilan kim şuğullanişi kerak bölsa, murojaatimni öşa mutasaddilarga yetkazişsin va muammomni hal qilişda yordam berişsin, - deydi Xolbötayeva.
Samarqand viloyat soğliqni saqlaş boşqarmasi vaziyat böyiça izoh berdi.
Örganişlar davomida aniqlanişiça, Bulunğur tumanida yaşovçi fuqaro 2022-yil 18-avgust kuni Bulunğur tumani soğliqni saqlaş bölimiga qaraşli tuğuruq bölimiga oğir holatda, baçadondan qon ketişi şikoyati bilan murojaat qilgan.
Şoşilinç tibbiy tekşiruvlar natijasida homilaning ona qornida nobud bölgani aniqlangan.
Şundan söng bemorga zarur tibbiy yordam körsatilib, nobud bölgan homila tuğdirib olingan hamda antenatal ölim holati belgilangan tartibda qayd etilgan.
Maʼlumotlarni elektron bazaga kiritiş jarayonida davolovçi şifokor Raʼno Ğofurova tomonidan yöl qöyilgan texnik xato oqibatida fuqaroning pasportidagi JŞŞIR raqami nobud bölgan farzandining maʼlumotlariga biriktirib qöyilgan.
2023-yilda fuqaro ikkinçi farzandi uçun tuğilganlik haqidagi guvohnomani oliş jarayonida elektron maʼlumotlar bazasidagi mazkur xatolik sababli muammoga duç kelgan.
Şundan söng tuman tibbiyot masʼullari hamda FHDO organlari xodimlari tomonidan fuqaroning maʼlumotlar bazasidagi xatolik bartaraf etildi. Mazkur kamçiliklar tuzatilgandan söng, 2023-yil oxirida fuqaroning şaxsini tasdiqlovçi yangi hujjat - ID kartani rasmiylaştiriş jarayonida u bilan boğliq heç qanday muammo yoki tösiqlar yuzaga kelmagan.
Tegişli taşkilotlar bilan hamkorlikda elektron maʼlumotlar bazasida Face ID tizimi bilan boğliq kamçiliklarni bartaraf etiş çoralari körildi, deyiladi VSSB matbuot xizmati xabarida.








