O‘zbekiston | 22:56 / 24.02.2021
11710
4 daqiqa o‘qiladi

«O‘zstandart» agentligi: sifatsiz sement ishlab chiqarayotgan va import qilayotgan bir necha tadbirkorlar aniqlandi

O‘tgan yili sifatsiz sement ishlab chiqargan 2ta mahalliy korxona va Tojikistondan o‘rnatilgan talabga nomuvofiq sement import qilgan tadbirkorga nisbatan qonuniy chora ko‘rilgan.

«O‘zstandart» agentligi huzuridagi departament boshlig‘i Zoirjon Omonov 2020 yilda tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan sement mahsuloti sifatini nazorat qilish bo‘yicha bajarilgan ishlar to‘g‘risida ma'lumot berdi, deya xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri.

Qayd etilishicha, o‘tgan yili bir necha mahalliy korxonalar va xorijdan import qilinayotgan mahsulotlarda amaldagi sifat talablariga mos kelmaydigan holatlar aniqlangan.

«Ishlab chiqarish va importni tartibga solish bo‘yicha 2020 yilda hukumatning 450–sonli qarori qabul qilindi. Ushbu qaror bilan ishlab chiqarilgan, import qilinayotgan va bozorlarda sotilayotgan sement mahsulotlarining tizimli nazoratini o‘rganib borish belgilangan.

Bu borada biz Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi bilan 2020 yil mobaynida zarur tadbirlarni amalga oshirdik.

Xususan, 11ta savdo nuqtalarida 11 marta nazorat xaridi amalga oshirilib, mahsulotlar tegishli laboratoriyalarga topshirildi.

Natijada mahalliy korxonalardan 2 tasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan sementning markasi amaldagi talablarga nomuvofiqligi aniqlandi. Ushbu korxonalarga zudlik bilan tegishli ko‘rsatmalarni berib, zaruriy chora-tadbirlarni belgiladik.

Takroriy sinovlarni yana qaytadan amalga oshirdik. Sertifikatlash idorasi tomonidan parallel ravishda navbatdan tashqari inspeksiya nazorati o‘tkazilib, o‘sha ikki korxonadagi nomuvofiqliklarni bartaraf qilishga erishdik. Chetdan import qilinayotgan sement mahsulotlari bo‘yicha 28 ta namunalar olinib laboratoriyalarga taqdim qilindi.

Xususan, Tojikistondan kirib kelayotgan sement mahsulotining amaldagi talablarga nomuvofiqligini aniqladik. Importyorga o‘zimizning tavsiyalarimizni berdik. Uning mahsulotlarini sertifikatlashtirish 2 yarim oy muddatga to‘xtatilib,to laboratoriyada mahsulotning sinov natijasi ijobiy bo‘lganidan keyingina qayta yo‘lga qo‘yildi.

Tsement mahsulotlarining amaldagi standartlar bo‘yicha ishlab chiqarilgan kunidan boshlab saqlash muddati 45 kundan 60 kungacha. Ya'ni u qadoqlanmagan sement bo‘lsa, 45 kundan keyin kimyoviy xususiyatini yo‘qotib markasi tushadi. Qadoqlangan bo‘lsa, 60 kun deb belgilangan. Biz o‘rgangan sement mahsulotlari o‘sha belgilangan muddatidan o‘tganligi ma'lum bo‘lgan. Qurilish inspeksiyasiga mahsulotni sotmaslik to‘g‘risida yozma ko‘rsatma chiqarganmiz», – dedi Zoirjon Omonov 24 fevral kuni jurnalistlar bilan muloqotda.

O‘tgan yilgi sement importini soddalashtirish hamda ichki bozorni sifatli sement bilan ta'minlash bo‘yicha hukumat qarorida mamlakatga olib kirilayotgan sement namunasi import qiluvchi sub'yekt tomonidan ixtiyoriy ravishda sertifikat beruvchi idoraga berilishi, uning sotilishi esa, ayni sertifikat olinganidan so‘nggina amalga oshirilishi belgilangandi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda 2020 yilning 9 oyida 7,8 million tonna sement ishlab chiqarilgan. Tsement ishlab chiqarish korxonalari tomonidan respublika miqyosida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning jami hajmida eng yuqori ulush Toshkent, Navoiy va Farg‘ona viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Mavzuga oid