13:14 / 28.05.2022
24064

Andijon shahar hokimi deputatning daxlsizligi huquqidan mahrum qilindi

Bahrom Haydarov  davlat manfaatlariga 1,7 mlrd so‘m zarar keltirganlikda ayblanayotgandi. Uning daxlsizlik huquqidan mahrum qilinishini so‘rab Andijon viloyat prokuraturasi taqdimnoma kiritgan.

Foto: KUN.UZ

Bugunga qadar Haydarovning noqonuniy yer ajratgani, fuqarolarni haqorat qilgani va boshqa masalalarda qonunga zid xatti-harakatlari jamoatchilik tomonidan keskin qoralab kelingan.

Xususan, 2021 yil may oyida Bahromjon Haydarov naqd uchta me’yoriy hujjatga zid ravishda, ta’sis etilganiga endi 1 oy bo‘lgan firmaga shahar markazidan 14 sotix yer uchastkasini to‘g‘ridan to‘g‘ri berib yuborgan. Uning harakatlari yer auksion orqali sotilmagani uchun prezident qaroriga, sotilgan yer maydonida qurilish qilish Shaharsozlik kodeksi va Andijon shahar bosh rejasiga zid bo‘lgan.

2021 yil mart oyida Andijon shahar hokimi qarori bilan ajratilgan katta yer maydoni bo‘lib-bo‘lib sotilgani haqida blogerlar tomonidan turkum maqolalar e’lon qilingan.

Shuningdek, 2021 yil 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan 19-sessiyada shahar hokimi Bahromjon Haydarovning shaharning Yangi bozor hududida «ELEVADA UT GROUP» MChJ tomonidan 5 qavatli bino qurish, loyiha-smeta hujjatlari tayyorlashga ruxsat berish to‘g‘risi»dagi qarori deputatlarning faolligi natijasida bekor qilingandi.

Bundan tashqari, Bahromjon Haydarov o‘tgan yili noyabr oyida fuqaroni haqorat qilgani haqida xabar berilgandi.

Haydarov, shuningdek o‘zini jurnalist va blogerlardan himoyalash maqsadida maxsus “tan qo‘riqchi”lar xizmatidan ham foydalanib kelgan.

Eslatib o‘tamiz, 2016 yildan buyon Andijon shahriga hokimlik qilib kelgan Dilmurod Rahmatullayev 2019 yil avgust oyi oxirida lavozimidan ozod etilgan, uning o‘rniga Andijon viloyati hokimligi moliya boshqarmasi boshlig‘i sifatida ishlab kelgan Bahromjon Haydarov vaqtinchalik hokim vazifasini bajaruvchi sifatida tayinlangandi.

2019 yil 8 oktyabrdan Bahromjon Haydarov Andijon shahar hokimi lavozimiga rasman kirishgan.

Bahromjon Haydarov 1972 yilda Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh viloyatida tug‘ilgan, 1995 yil Andijon iqtisodiyot va boshqaruv institutini (sirtqi), 1998 yil O‘zbekiston Bank-moliya akademiyasini (kunduzgi) tamomlagan.

1994 yilda Andijon viloyati hokimligi moliya boshqarmasida ish boshlagan Bahromjon Haydarov 2017-2019 yillarda boshqarma boshlig‘i sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 

Ma’lumot uchun, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida”gi qonunning 11-moddasiga ko‘ra, Deputat o‘zining vakolatlari muddati mobaynida daxlsizlik huquqiga ega bo‘ladi. Tegishli xalq deputatlari Kengashining roziligisiz deputat mazkur hududda jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan ma’muriy jazoga tortilishi mumkin emas.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 2022 yil o‘tgan davri bo‘yicha tahlillariga ko‘ra Andijon viloyati korrupsion jinoyatlar va korrupsiyaga oid shikoyatlar soni bo‘yicha eng yuqori o‘rinni egallagan.

Top