18:34 / 14.09.2019
0
10092

Xorazm viloyatida saksovul va yulg‘un daraxtlarini noqonuniy kesganlar jazolandi

Xorazm viloyatida saksovul va yulg‘un daraxtlarini noqonuniy kesgan fuqarolar qonun oldida javob berdilar.

Xorazm viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha inspeksiyasi xodimlari tomonidan 2019 yil davomida o‘tkazilgan reydlar natijasida Buxoro va Xorazm viloyatining Qizilqum barxanlaridan noqonuniy ravishda saksovul va yulg‘un daraxtlarini kesib, qo‘porib olib kelayotgan 189 nafar fuqaro aniqlandi.

Saksovul va yulg‘un daraxtlari qum ko‘chkilari va tabiiy ofatlarning oldini olishga xizmat qilishi, shuningdek yovvoyi hayvonlarning ozuqasi bo‘lgani sababli, ularning himoyasi O‘zbekiston Respublikasining «O‘simliklar dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonuniga asosan alohida nazoratga olingan.

Qonunbuzarlarning barchasi O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1 va 2-qismlari tartibida javobgarlikka tortildi va 47,3 million so‘m jarima, shuningdek, tabiatga yetkazilgan 127 million so‘m zarar undirib olindi. Saksovul va yulg‘un daraxtlari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi. 

Qayd qilish joizki, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasida «Daraxtlar, butalar, boshqa o‘rmon o‘simliklari va nihollarni g‘ayriqonuniy ravishda kesish, shikastlantirish yoki yo‘q qilish» qonunbuzarligini sodir etganlik uchun javobgarlik belgilangan.

Xususan, fuqarolarga eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solish ko‘zda tutilgan.

Xuddi shunday huquqbuzarliklar ma'muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, fuqarolarga eng kam ish haqining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Kun.uz muxbiri Nurmuhammad Said

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top