Olis, muzli va aksariyat qismi ming yillar avvalgi holicha saqlanib qolgan Grenlandiya sayyoramizda sodir bo‘layotgan iqlim o‘zgarishlarida g‘oyat muhim rol o‘ynaydi, deb yozmoqda Euronews.
“Grenlandiya — iqlim o‘zgarishi, resurslar taqchilligi, keskinlashgan geosiyosiy vaziyat va yangi savdo yo‘nalishlarini o‘zida chambarchas bog‘lagan hudud”, — deydi Ohayo universitetining xavfsizlik va ekologiya professori Jyef Dabelko.
Uning aytishicha, dunyodagi eng katta orol hozir ko‘p jihatdan geosiyosiy va geoiqtisodiy raqobat markazida turibdi. Bunga iqlim o‘zgarishi ham qisman sabab bo‘lmoqda.
Saylangan prezident Donald Tramp so‘nggi paytlarda AQShning ko‘p yillik ittifoqchisi va NATO asoschisi bo‘lgan Daniyaga qarashli yarimavtonom hudud Grenlandiyani sotib olishga qiziqish bildirmoqda. Bu hududda AQShning yirik harbiy bazasi ham joylashgan.
Grenlandiyaning nimasi bunchalik jozibali?
Nyu York universiteti iqlimshunosi Devid Hollandning aytishicha, Grenlandiya isib borayotgan sayyoramiz uchun termostat (doimiy haroratni saqlab turadigan qurilma) vazifasini o‘taydi. U Yer sharining qolgan qismiga nisbatan to‘rt barobar tezroq isiyotgan mintaqada joylashgan.
Grenlandiya yerlari qa’rida telekommunikatsiyalar uchun zarur bo‘lgan noyob foydali qazilmalar, shuningdek, uran, milliardlab tonna o‘zlashtirilmagan neft va tabiiy gaz zaxiralari mavjud.
Ushbu foydali qazilmalarning ko‘pchiligi hozirda asosan Xitoyga yetkazib berilmoqda, shu sababli AQSh kabi boshqa mamlakatlar ham unga qiziqish bildirmoqda, deydi Jyef Dabelko. Uch yil oldin Daniya hukumati 57 ming kishi yashaydigan mazkur hududda dengizdagi neft konlarini qazishni to‘xtatgandi.
Ammo neft, gaz yoki foydali qazilmalardan tashqari, muz ham bor — katta miqdorda. Agar oroldagi muz erib ketsa, bu butun dunyo bo‘ylab sohil chegaralarini o‘zgartiradi va ob-havoga keskin ta’sir ko‘rsatadi.
Grenlandiyada shu qadar ko‘p muz to‘planganki, u butunlay erisa, dunyo okeani sathi 7,4 metrga ko‘tarilishi mumkin. 2022 yilgi tadqiqotda aytilishicha, taxminan 30 santimetr qalinlikdagi muz nima bo‘lishidan qat’i nazar erib ketadi.
1992 yildan beri Grenlandiya har yili qariyb 182 milliard tonna (169 milliard metr tonna) muz yo‘qotmoqda, 2019 yilda esa yo‘qotishlar 489 milliard tonnaga yetgan.














