Jamiyat | 11:56 / 17.10.2019
58516
6 daqiqa o‘qiladi

Qarshida «tez yordam»ning ayol shifokori va feldsher kaltaklandi, feldsher voqea joyida hushidan ketdi

Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida tez tibbiy yordam xodimlariga marhumning yaqinlari tomonidan tajovuz qilindi, feldsher va ayol shifokor kaltaklandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha, 16 oktabr kuni soat 08:28da Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qarshi filiali tez tibbiy yordam stansiyasi Call-markaziga qo‘ng‘iroq qilgan fuqaro Qarshi shahri, Depo ko‘chasi 28-uyda yashovchi,1967 yilda tug‘ilgan Sh. G. hushidan ketgani uchun «tez yordam» chaqirgan. Soat 8:36da chaqiriq joyiga vrach A.B., feldsher S.N. hamda haydovchi G‘.R.dan iborat «Tez yordam» brigadasi jo‘natilgan va ular manzilga zudlik bilan soat 08:42da yetib borgan. Ammo o‘sha xonadonda jam bo‘lgan kishilar tez tibbiy yordam xodimlarini shaxsiyatga tegadigan haqoratli gaplar bilan kutib olishgan.

Vrach va feldsher xonaga kirganida bemor yonbosh yotgan, qo‘llari va oyoqlari bukilgan holatda bo‘lgan. Vrach qon bosimini o‘lchash uchun uning qo‘lini to‘g‘rilashga uringanida qo‘li muzlaganini sezgan. Shundan so‘ng shifokor darhol bemorning bo‘ynidagi tomir urishini aniqlashga harakat qilgan. Tomir urishi sezilmagan, bemor nafas ham olmagan, ko‘z qorachig‘ining yorug‘likka ta'siri tekshirilganida esa umuman reaksiya bo‘lmagan.

Shundan so‘ng shifokor biologik o‘limni qayd etgan. Bu haqda yonida turgan feldsherga ma'lum qilgan. Buni eshitgan orqada turgan ikki erkak kishi feldsher S.N.ning beliga to‘satdan kuchli zarb bilan qattiq tepgan. Ayol kishi bo‘lishiga qaramasdan, vrach A.B.ni ham bir vaqtning o‘zida qattiq kaltaklashgan. Natijada, feldsher voqea joyida hushidan ketgan, vrach esa jiddiy tan jarohati olgan.

«Tez yordam» haydovchisi o‘sha uyda bo‘lganlardan biri ko‘magida shifokor va feldsherni mashinaga olib chiqib, RShTYoIM Qarshi filialiga olib kelgan. Mutaxassislar ko‘rigi va standart tekshiruvlarda feldsher S.N.ga yopiq bosh miya jarohati, bosh miya chayqalishi, ko‘krak, orqa va bel, bosh ensa sohasi yumshoq to‘qimasi lat yeyishi, vrach A.B.ga yopiq bosh miya jarohati, bosh miya chayqalishi, yumshoq to‘qimalarning lat yeyishi tashxisi qo‘yilgan. Ular ayni paytda RShTYoIM Qarshi filialining neyroxirurgiya bo‘limida davolanyapti. 

Chaqiriq bo‘lgan xonadondagi marhumning jasadini uning yaqinlari o‘zlarining avtomashinasida RShTYoIM Qarshi filialiga o‘zlari olib borishgan. Reanimatsiya bo‘limi shifokorlari u taxminan bir soatcha avval vafot etganini tasdiqlagan. Shundan so‘ng shifoxona ma'muriyati ichki ishlar bo‘limiga xabar bergan. Ayni paytda huquqni muhofaza qilish idoralari voqea tafsilotlarini o‘rganmoqda.

«Shu o‘rinda biz ham vaziyatga izoh berib, shuni aytishimiz mumkinki, «tez yordam» brigadasi chaqirilgan manzilgan kechikmasdan bor-yo‘g‘i 6 daqiqada yetib borgan. Har qanday holatda ham yaxshilik qilish umidida xonadoniga kirib kelgan va o‘z xizmat vazifasini vijdonan bajarayotgan shifokorga qo‘l ko‘tarish, tajovuz qilish, unga tan jarohati yetkazishni aslo oqlab bo‘lmaydi. Bu insoniylikka, xalqimizning yaxshilikka yaxshilik bilan javob qaytarishdek ezgu qadriyatlariga aslo to‘g‘ri kelmaydi.

Afsuski, keyingi paytlarda xalqimizning asriy qadriyatlariga va an'analariga zid bo‘lgan bunday nomaqbul holatlar ko‘payib boryapti. Ayniqsa, shoshilinch va tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimida bu kabi holatlar kunda-kunora uchrab turibdi.

Shundan kelib chiqib, Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ko‘magida «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan edi. Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi mazkur qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Hozirda mazkur qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Ushbu hujjat loyihasining qabul qilinishi natijasida tibbiyot xodimlariga nisbatan bunday tajovuzlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini qo‘llash mumkin bo‘ladi.

Yana bir bor qayd etish joizki, shifokor hech qachon bemorga yomon bo‘lishini istab harakat qilmaydi, u hamisha insonlarga yaxshilik qilishga intiladi. Ko‘makka muhtoj bemorlarga shifo baxsh etish, favqulodda holatlarda inson hayoti va salomatligini asrash uchun bor kuch va salohiyatini baxsh etadi. Shunday ekan, bunday fidoyi kasb egalariga, ularning halol mehnatiga nisbatan adolatsizlik va nohaqliklarning oldini olish, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur sharoitlarni yaratish muhim vazifadir.

Fuqarolarimiz ham insonlar salomatligi yo‘lida kun-u tun xizmat qilayotgan shifokorlar mehnatini qadrlashni o‘zlarining vijdoniy burchlari, deb bilishlari va bu borada qonun ustuvorligini ta'minlashga hamda qat'iy jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga o‘z hissalarini qo‘shishlari zarur», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzuga oid