18:40 / 06.05.2020
45401
«Sardoba» suv omboridagi suvning uchdan bir qismi oqib ketgani ma'lum qilindi

1 may kuni Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv omborida ro‘y bergan texnogen ofat oqibatida omborda to‘plangan suvning taxminan 35 foizi yo‘qotilgan. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Ekopartiya a'zosi Islom Xushvaqtov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda ma'lum qildi.

Foto: Kun.uz

Islom Xushvaqtovning so‘zlariga ko‘ra, «Sardoba» suv omborining hajmi Toshkent dengizidan to‘rt baravar katta.

«Sardoba suv omborining umumiy hajmi 920 mln metr kubni tashkil etadi. Tasavvur qilish uchun aytish mumkinki, bu – Chorvoq suv omboridan 42 baravar kichik, Toshkent dengizidan esa 4 baravar katta hajmga teng.

Hisob-kitoblar hali yakunlangani yo‘q. Hozirgacha ma'lum bo‘lishicha, omborda saqlangan suvning taxminan 35 foizi (ya'ni 322 mln metr kub suv) texnogen falokat tufayli oqib chiqib ketgan», – dedi Ekopartiya deputati.

Eslatib o‘tamiz, hodisa oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lib, bir kishi bedarak yo‘qoldi. O‘zbekiston hududida 90 mingga yaqin, Qozog‘istonda esa 31 mingdan ortiq kishi evakuatsiya qilindi.

Texnogen ofatdan so‘ng O‘zbekiston va Qozog‘istondagi gidroinshootlarda tekshiruv ishlari boshlangan.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top