Bugun ijtimoiy tarmoqlar aholining hokimliklar bilan muloqot qilishlari uchun maydon vazifasini o‘tamoqda, u yoki bu hujjatlar, hodisalar va jarayonlar bo‘yicha jamoatchilik fikrini o‘rganishda foydalanib kelinmoqda. Xususan, fuqarolar mansabdor shaxslarga ularning shaxsiy va u ishlaydigan davlat organining sahifalari orqali murojaat qilmoqda, ijtimoiy-iqtisodiy muammolari bo‘yicha ochiq fikr bildirmoqda, deb yozadi «Yuksalish» umummilliy harakati axborot xizmati.

Qayd etilishicha, ko‘p hollarda bu muammolarga blogerlar, alohida internet-nashrlar, ijtimoiy tarmoqlarning minglab foydalanuvchilarining faol fuqarolik pozitsiyasi tufayli o‘zaro maqbul yechimlarni topishga erishilmoqda. Fuqarolarning fikrlari, konstruktiv takliflari, garchi ular ijtimoiy tarmoqlar orqali bildirilgan bo‘lsa-da, inobatga olinmoqda, bu bilan davlat va jamoatchilik boshqaruvida aholining keng ishtiroki ta'minlanmoqda.

Lekin ijtimoiy tarmoqlardagi munozaralar va ijtimoiy hayot aralashtirib yuborilishining salbiy ta'sirlari ham bor. Misol tariqasida populizm, jamoat ongini manipulyatsiya qilish, “trollar fabrika”si, feyk (yolg‘on) xabarlar, insonlarning sha'ni va qadr-qimmatini, tashkilotlarning ishchanlik obro‘sini qoralovchi axborotlarni tarqatish, internet-bulling kabilarni aytish mumkin.

Ratsional argumentlar hissiy qoliplarga yutqazadi

Yolg‘on xabarlar ishonchli va obektiv axborotlarga qaraganda tez tarqaladi va ba'zan katta zarar keltiradi. Yangilikdek tuyuladigan yolg‘on xabarni tarmoq foydalanuvchilari tezroq ulashishga harakat qiladi, bu esa turli-tuman mish-mishlar, uydirmalar, agressiyani keltirib chiqaradi, davlat organlari, biznesga ishonchsizlik paydo qiladi. Xabar ulashishda birinchi bo‘lish amalda qo‘llaniladi: kim birinchi aytgan bo‘lsa, u haq. Agarda yolg‘on xabar ortidan rasman raddiya bildirilsa, bu odamlar unga ishondi, degani emas. Bunda ratsional argumentlar hissiy qoliplarga yutqazadi. Britaniya siyosatchisi Uinston Cherchil aytganidek: «Haqiqat ishtonini kiyguncha, yolg‘on dunyoning yarmini aylanib chiqishga ulguradi».

Pandemiya davrida mish-mishlar va asossiz axborotlar tarqalishi odamlar orasida vahima uyg‘otadi. Masalan, ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Yunusobod tumanida o‘g‘rilar narkotik modda shimdirilgan tibbiy niqoblarni tarqatayotgani, O‘zbekiston bo‘ylab vertolyotlarda dezinfeksiya ishlari amalga oshirilishi haqidagi yolg‘on xabarlar, karantin paytida har bir yurtdoshlarimizga haftasiga 300 ming so‘mdan berilishi, pandemiya sabab kirish imtihonlari bekor qilinishi va boshqa shu kabi mish-mishlar tarqaldi. Davlat tuzilmalari bularning barchasini rad etdi va fuqarolarni yolg‘on axborotlarni tarqatishdan avval ma'lumotlarini tekshirishga chaqirdi.