22:42 / 22.11.2020
9388
«International Job Organization» XBA rahbari ustidan sud boshlandi. Jabrlanuvchilar 2600dan ortiq

2620 nafar fuqaro jabrlanuvchi deb topilgan, ularga yetkazilgan zarar miqdori 18,5 milliard so‘mga yaqin. Zararning bor-yo‘g‘i 591 mln so‘mi qoplangan.

«International Job Organization» xususiy bandlik agentligining mansabdor shaxslariga oid jinoyat ishi bo‘yicha tergov yakuniga yetib, ish jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudiga oshirildi.

Kompaniya mansabdor shaxslari pul mablag‘larini noqonuniy jalb etish, firibgarlik va boshqa jinoyatlarda ayblanmoqda. Bu haqda JIB Shayxontohur tuman sudi vakiliga asoslanib, Kun.uz muxbiri xabar berdi.

Jinoyat ishida 2620 nafar fuqaro jabrlanuvchi deb topilgan va ularga yetkazilgan jami zarar miqdori 18 mlrd 484 mln so‘mni tashkil qiladi. Dastlabki tergov davrida yetkazilgan zararning bor-yo‘g‘i 591 mln so‘mi qoplangan.

Kompaniya rahbari – 1993 yilda Qirg‘izistonda tug‘ilgan, fuqaroligi bo‘lmagan shaxs – Abdurahmonov Sherzod Abdulhamidovich joriy yil 10 iyun kuni ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

XBA vakillari Koreya Respublikasi va Yevropa qit'asida joylashgan davlatlarga ishga yuborishni va'da qilib, fuqarolardan 45 mln so‘mgacha pul mablag‘larini olib kelgan.

Top