Yakkabog‘dagi chigal masala: Prezident topshirig‘i asosida ajratib berilgan yerda tadbirkor o‘z faoliyatini boshlay olmayapti
Prezidentning 2018 yil 13-14 dekabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida Yakkabog‘ tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasi issiqxonalar tashkil etish to‘g‘risida bergan topshirig‘i tumandagi mas'ul idoralar “sharofati” bilan hamon ijro etilgani yo‘q. Tadbirkorning umri sud ostonalarida o‘tmoqda.
Tahririyatimizga Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidan tadbirkor Elyor Qudratov murojaat qilib, o‘z tadbirkorlik faoliyatini yuritishda boshqa yuridik shaxslar tomonidan to‘sqinlikka duch kelayotgani va tuman ma'muriy sudidan noroziligini bildirdi.
![](https://storage.kun.uz/source/6/JZZNN8QwIwVjU8yJWUxfwQEYuer3EGbt.jpg)
Ma'lum bo‘lishicha, Elyor Qudratovga Yakkabog‘ tuman hokimining 2020 yil 8 maydagi HQ-776/05-sonli qarori bilan tumandagi “Jambul” MFY hududidagi tuman zaxira yer fondidan 0,23 gektar yer issiqxona tashkil etish uchun ajratilgan.
Qayd etish lozimki, tuman hokimligi ushbu hududda yana uchta tadbirkorga issiqxonalar tashkil qilish uchun yer maydoni ajratib bergan.
Bunga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 13-14 dekabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida Yakkabog‘ tumanida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturini ishlab chiqish yuzasidan umumiy 50 gektar maydonda issiqxonalar tashkil etish to‘g‘risida bergan topshirig‘i asos qilib olingan.
![](https://storage.kun.uz/source/6/d-OqY1sk80MXYhSBMa3pe2Id8PuFg_l_.jpg)
Elyor Qudratov yer maydoni uchun tegishli tashkilotlarning barchasidan texnik xulosalarni olib, issiqxona barpo etish uchun kirishganida uning ishi to‘sqinlikka uchragan.
Issiqxonalar uchun ajratilgan hudud “Yakkabog‘ qurilish mollari bozori” MChJ (raisi Zohidjon Eshmo‘minov)ga Yakkabog‘ tuman hokimining 2009 yilgi qarori bilan ajratilgan 6 gektar yer maydonida joylashganligi sababli, shuningdek, bu yer maydonlari Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 iyundagi 493-sonli qaroriga zid ravishda, “E-IJRO Auksion” yagona elektron savdo maydonchasi orqali sotuvga chiqarilishi lozimligini talab qilib, “Yakkabog‘ qurilish mollari bozori” MChJ tuman ma'muriy sudiga ariza kiritgan.
![](https://storage.kun.uz/source/6/dmZQCfiBqPe6byBx3kOZIY4gYu00nClV.jpg)
Yakkabog‘ tuman ma'muriy sudi “Yakkabog‘ qurilish mollari bozori” MChJ arizasini qanoatlantirgan va hokimning 2020 yilgi qarorlarini haqiqiy emas deb topgan.
![](https://storage.kun.uz/source/6/sTaAxC2jNG7dkksebf8IITMnCVSSe0a.jpg)
Tadbirkor Elyor Qudratovning Kun.uz muxbiriga hikoya qilishicha, garchi ushbu hudud hujjat bo‘yicha bozorga qarashli bo‘lmasa ham (hokim qaroriga ko‘ra ajratilgan yer maydoni allaqachon kadastr idorasida ro‘yxatdan o‘tgan va Elyor Qudratov soliq to‘lab kelmoqda) ular ushbu yerga da'vogarlik qilishmoqda.
![](https://storage.kun.uz/source/6/LMqlWvh--PSf_ynA5E9dMnYHQe0TXp5B.jpg)
“Bozorga tegishli deyilayotgan ushbu yerga norasmiy egalik qilayotganlar menga “Agar yer kerak bo‘lsa — mendan sotib olasan”, deyishdi. Bunga ko‘nmaganimdan keyin, bir nechta yigitlar kelib, qurilish ishlariga xalaqit berib, janjal chiqarishga urinishdi”, — deydi E.Qudratov.
Masalaning huquqiy jihatiga to‘xtaladigan bo‘lsak, Vazirlar Mahkamasining “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berishning zamonaviy va shaffof mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2018 yil 30 iyundagi №493-sonli qarorining 1-ilovasi bo‘lmish “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini elektron auksion orqali doimiy foydalanishga berish tartibi to‘g‘risida nizom”ning 2 -qismi “v” bandida “Ushbu Nizom talablari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan aniqlangan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda orqada qolayotgan tumanlar va shaharlarda yer uchastkalari ajratishda tatbiq etilmaydi”, deb belgilab qo‘yilgan.
Ya'ni prezident o‘z tashrifida Yakkabog‘ tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun 50 gektar maydonda issiqxonalar barpo etishni vazifa qilib belgilagan.
Biz tahririyat nomidan Kadastr agentligi Qashqadaryo viloyati boshqarmasining Yakkabog‘ tuman filialiga murojaat etib, “Jambul” MFY hududidagi nizoli 6 ga yer maydoni kimga tegishli ekanligiga oydinlik kiritishni so‘radik.
![](https://storage.kun.uz/source/6/uPsUbJtM1RJO72yEFnTAMR-7gS4C8xLo.jpg)
Bizga ma'lum qilinishicha, 2009 yilgi tuman hokimi qarori davlat reyestridan o‘tmasdan faoliyat ko‘rsatib kelmoqda, tuman hokimining o‘sha qaroriga asosan shaxsiy mulk huquqida bo‘lgan yer va bino-inshootlar davlat ro‘yxatiga olish kitobida qayd qilinmagan, kadastr yig‘majildlari tayyorlanmagan. Anglashiladiki, ushbu hududda 11 yildan buyon tegishli hujjatlarsiz faoliyat ko‘rsatib kelinmoqda.
![](https://storage.kun.uz/source/6/9jm422Rm6YQfRXBCmkm1TNLwGDLOPz_P.jpg)
Qiziq, 6 gektar yerga da'vogarlik qilayotganlar 11 yil ichida shuncha maydon uchun soliq to‘ladimikan? Bu savolga Yakkabog‘ tuman davlat soliq inspeksiyasi javob bersa yaxshi bo‘lar edi.
Albatta, tadbirkorlar qo‘l qovushtirib o‘tirishgani yo‘q. Elyor Qudratov va boshqalar Qashqadaryo viloyati ma'muriy sudi apellyatsiya instansiyasiga murojaat qilishgach, viloyat ma'muriy sudi 2020 yil 12 noyabrda Yakkabog‘ tuman ma'muriy sudining 2020 yil 20 avgustda chiqargan hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni qaytadan ko‘rib chiqish uchun Shahrisabz shahar ma'muriy sudiga yuborgan.
Elyor Qudratovning telefon orqali ma'lum qilishicha, Shahrisabz shahrida ko‘rilishi kerak bo‘lgan sud qandaydir yo‘l bilan yana Yakkabog‘ tumaniga ko‘chirilgan.
Qiziq vaziyat yuzaga kelyapti. Agar “Yakkabog‘ qurilish materiallari bozori” MChJ yer ajratilgan maydon o‘ziga tegishli ekanini faqat 2009 yilgi qaror bilan isbotlashga urinayotgan bo‘lsa, nega kadastr idorasi 11 yildan buyon MChJ tasarrufida hech qanday yer qayd etilmaganini bayon qilmoqda?
Agar MChJning yer maydoni tadbirkorlarga auksionsiz berilganiga e'tirozi bo‘lsa, nega ishni prokuratura emas, sud o‘rganmoqda?
Bu ishda adolatni kim yuzaga chiqara olar ekan? Tadbirkor Elyor Qudratov ishni avval ham ko‘rib chiqqan Yakkabog‘ tuman ma'muriy sudi bu gal adolatli bo‘la olishiga shubha bilan qaramoqda.
Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz maxsus muxbiri
Tavsiya etamiz
Toshkent bozorlarida patta narxi oshadi. Savdogarlar nima deydi?
O‘zbekiston | 19:32 / 10.02.2025
Sertifikatga ega o‘zbek tili o‘qituvchilariga ham 50 foiz ustama beriladi
O‘zbekiston | 16:36 / 10.02.2025
Quyosh energiyasi orqali daromad olish: O‘zbekistonda quyosh panellari bilan biznes faoliyati
O‘zbekiston | 15:00 / 10.02.2025
Trampning o‘tmishdagi kumiri. Uilyam Mak-Kinli haqida nimalar ma’lum?
Jahon | 14:52 / 09.02.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Tadqiqot: Rossiya yo‘qotishlarni Ukrainaga qaraganda yaxshiroq tiklayapti
Jahon | 15:39
-
Olmazor tumanida ishlab chiqarish korxonasi yonib ketdi
Jamiyat | 15:38
-
“Sog‘lom inson – sog‘lom millat” umummilliy harakati boshlanadi
O‘zbekiston | 15:12
-
Haftasiga atigi bitta tuxum iste’moli yurak kasalliklaridan o‘lim xavfini pasaytiradi - tadqiqot
Jamiyat | 14:59
Mavzuga oid
![](https://storage.kun.uz/source/thumbnails/_medium/11/FSq3__vovIBoJjZyANnUGsNi1L0z3X-k_medium.jpeg)
17:32 / 30.01.2025
Soliq qo‘mitasi tadbirkorlarni tekshirish samaradorligi bo‘yicha eng yomon tashkilot deb topildi
![](https://storage.kun.uz/source/thumbnails/_medium/11/Qjz1tIAuVQwAhPn-QBJx3YKj8zPe8Uu5_medium.jpg)
20:20 / 20.01.2025
Nodavlat OTMlarga norasmiy “soliq” solish davom etayotgani aytilmoqda. Vazirlik buni rad etdi
![](https://storage.kun.uz/source/thumbnails/_medium/11/CUjXKq7UEvq9_t5b49vSrN1uhYMBqk4y_medium.jpg)
11:04 / 17.01.2025
200 nafar tadbirkor xalqaro moliya bozoridan 2 mlrd dollar jalb qilishga tayyorlanadi
![](https://storage.kun.uz/source/thumbnails/_medium/11/9JDYOzUjgswH0GxbP6_jRrM-MT4e9Kis_medium.jpg)
09:55 / 15.01.2025