23:10 / 18.12.2020
31705
Rossiya chegarasi O‘zbekiston fuqarolari uchun hamon yopiq. Muzokaralardan naf bo‘lmayapti

Ayni paytda Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolaridan farqli o‘laroq, O‘zbekiston fuqarolarining Rossiya hududiga kirishiga ruxsat yo‘q. Faqatgina hukumat qoshidagi tezkor shtab tomonidan chegara xizmatlariga taqdim etilayotgan ro‘yxat asosida tashkiliy tarzda ishga yuborilayotgan shaxslar RFga kiritilmoqda.

Foto: tvsamara.ru

Mehnat ta'tili yoxud pandemiya tufayli O‘zbekistonga qaytgan, biroq o‘zi ishlayotgan korxona uni qayta-qayta ishga chaqirayotganiga qaramay, u yerga bora olmayotgan vatandoshlardan Kun.uz'ga ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.

Kun.uz muxbiri O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar tiklanmayotganining sabablari, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari nima uchun Rossiyaga kiritilmayotgani, bu borada hukumatlararo muzokaralar qaysi bosqichda ekani yuzasidan rasmiylarga murojaat qildi.

«Rossiya chegaralarini qachon ochishi noma'lum»

Navro‘z Ashurmatov, Transport vazirining matbuot kotibi:

— Ayni paytda Rossiya Federatsiyasi hududiga kirishi mumkin bo‘lgan shaxslar toifasi bor. Jumladan, elchilar, O‘zbekistonning diplomatik konsulxonalari vakillari va ularning oila a'zolari, davolanish uchun kelayotgan shaxslar, xorijda yaqin yoki kasal qarindoshi bor insonlar, diplomatik vakolatxonalar so‘rovi bilan tranzit o‘tayotgan yo‘lovchilargina ketishmoqda. Ular ham PZR test topshirishi va «Rospotrebnadzor» sayti orqali ro‘yxatdan o‘tishi talab etiladi. Mana shunday protseduralari bor.

Bundan tashqari, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan tashkiliy tarzda Rossiyaga ishlashga yuborilayotgan fuqarolarimiz mamlakat hududiga kiritilmoqda. Biroq avvalgiday o‘zi individual tarzda ishlash uchun ushbu davlatga bormoqchi bo‘layotganlarga hozircha ruxsat yo‘q.

Rossiya qachon chegaralarini ochishi noma'lum. Bu yilning hisobidan, menimcha, ruxsat bermasa kerak. Chunki Yevropada koronavirus bilan kasallanishning yangi to‘lqini kuzatilmoqda. Rossiya Federatsiya Maxsus komissiyasi ham chegaralar ochilmayotganini aynan pandemiya bilan izohlamoqda.

Bu borada aytishim mumkin bo‘lgan bitta yangilik shuki, o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng Rossiyadan mehnat muhojirlarini O‘zbekistonga olib qaytish uchun Moskvadan poyezd qo‘yilishiga ruxsat berildi. Ammo bu faqat qaytuvchilar uchun, Rossiyaga boruvchilar uchun emas.

O‘zbekistonliklar ayni paytda yakka tartibda na samolyot, na poyezd va na avtobus va avtomobilda Rossiya hududiga kira olmaydilar.

Bizga ham tezroq ruxsat berilsa, reyslar ochib yuborilsa, qaniydi. Aviatsiya, temir yo‘l, avtobus reyslaridan foydalanadigan yo‘lovchilarning asosiy qismi Rossiyaga qatnardi, u yerdan qaytardi. Cheklovlar tufayli ushbu yo‘nalishlarda harakatlanish bugun to‘xtab qolgan.

Qatnovlarning jonlanishi «Uzbekistan Airways» yoki «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga bog‘liq masala emas. Rossiya hukumati reyslar tiklanishiga ruxsat berishi bilan O‘zbekistondagi transport kompaniyalari jadval asosida oldingidek qatnovlarni amalga oshiraveradi.

Shu o‘rinda qayd etish kerakki, Xitoy ham boshqa davlatlar bilan chegaralarini ochgani yo‘q. Bu mamlakatda biznesi bor yoki shu yerda o‘qiydigan vatandoshlarimiz ham qiynalishmoqda. Janubiy Koreya bilan ham muntazam parvozlar yo‘lga qo‘yilmagan, ammo charter reyslar amalga oshirilmoqda. Hozirga kelib Dubay, Almati, Minsk, Frankfurt va Istanbul aeroportlari boshqa davlat fuqarolari uchun ochilgan.

«Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolariga ruxsat bor. Negadir O‘zbekistonga ruxsat berilmayapti»

Ortiqxo‘ja Norov, Tashqi mehnat migratsiya agentligi axborot xizmati rahbari:

— Yurtdoshlarimiz yakka tartibda Rossiyaga ishlash uchun keta olmayotganidan xabarimiz bor. Biroq bu muammoning yechimi bizga emas, Rossiya tarafiga bog‘liq bo‘lib turibdi. Bu yerda gap transport qatnoviga bog‘liqmas. Bitta muammo bor: hozirgi paytda O‘zbekiston fuqarolarining Rossiya hududiga ruxsatsiz kirishi mumkin emas.

Aslida Rossiyada pandemiya boshlarida joriy etilgan karantin cheklovlari ortidan boshqa mamlakat fuqarolarining Rossiya hududiga kiritilishi to‘xtatilgandi. Ayni paytga kelib Qozog‘iston, Qirg‘iziston fuqarolariga nisbatan ushbu cheklov bekor qilingan. Ular istalgan vaqtda istalgan turdagi transport vositasida Rossiyaga borishi mumkin. Faqat nimagadir O‘zbekiston fuqarolariga ruxsat berilmayapti.

Agentligimiz tomonidan fuqarolarni tashkillashtirgan holda Rossiyaga yuborish ham oson kechayotgani yo‘q. O‘zbekistonliklarning Rossiyaga kirishi uchun ruxsatni biz emas, balki ish beruvchilarning o‘zlari olishmoqda.

Rossiyada koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha tezkor shtab bor. Unga bosh vazir o‘rinbosari Tatyana Golikova raislik qiladi. Bugungi kunda O‘zbekiston fuqarolarining Rossiya hududiga kirishi uchun aynan shu shtabning ruxsati talab etilmoqda. Bunda mamlakatga kiritilishiga ruxsat berilgan fuqarolarning ro‘yxati (ism-familiyalari) chegara xizmatlariga taqdim etilmaguncha ular Rossiyaga kiritilmayapti. Muammo shunda.

Bu muammoga yechim topish maqsadida bir necha marta uchrashuvlar, muzokaralar bo‘ldi. Vazirlar Mahkamasi va vazirlik darajasidagi delegatsiyamiz Rossiyaga bordi, ularning vakillari O‘zbekistonga kelishdi. Ammo o‘zbekistonliklarning Rossiya hududiga emin-erkin kirib chiqishiga qo‘yilgan to‘siq haligacha olib tashlanmadi.

Qozog‘iston fuqarolariga nima uchun mumkin, biznikilarga mumkin emas, buning sababini bilmayman. Bu vaziyatni pandemiya bilan izohlashmoqda. Ammo hamma davlat fuqarolari kira olmaganda edi, bunga ishonsa bo‘lardi. Bu masalaga aralashish uchun bizning vakolatimiz yo‘q.

Shu paytgacha qancha fuqaromizni Rossiyaga ishlash uchun tashkiliy ravishda jo‘natgan bo‘lsak, ularning mamlakatga kirishiga ruxsatni biz olayotganimiz yo‘q. Bizdan ishchi so‘rayotgan Rossiyadagi nufuzli neft-gaz, qurilish kompaniyalarining o‘zlari tezkor shtabdan o‘zbekistonlik ishchilarning kirishiga ruxsatni olishmoqda, shundan so‘ng biz odamlarni yuboryapmiz. Ular ruxsatni qay tarzda olayotganidan xabarimiz yo‘q. Hamma ham bunday ruxsat olayotgani yo‘q, asosan yirikroq ish beruvchilar buning uddasidan chiqmoqda, kichik firmalarga O‘zbekistondan ishchi olib kirishga ruxsat berilmayapti.

Ishchilar qanday tanlab olinayotganiga kelsak, ayrimlar pandemiyagacha o‘zlarida ishlagan odamlarning ro‘yxatini berib, shular kelolmayapti, yordam beringlar deb aytayotgan bo‘lsa, ba'zilar bizga ish so‘rab murojaat qilgan, ro‘yxatimizda bor odamlarni o‘zlariga kerak mutaxassisliklar asosida tanlab olishmoqda.

Deylik, kimgadir 50 nafar payvandlovchi, 100 nafar g‘isht teruvchi kerak. Bunday paytda bazamizdagi ishga muhtoj mutaxassislarni taklif etamiz. Ular videokonferensiya orqali ishchilar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri gaplashib, til bilishi, malakasi va salomatligiga qarab, ma'lum bir qismini tanlab olishmoqda. Ayrimlar shaxsan kelib ishga boruvchilar bilan suhbatlashishmoqda.

Ish beruvchilarning ro‘yxatlari asosida biz tanlab olingan fuqarolarning pasport ma'lumotlari asosidagi ro‘yxatini ularga yuboramiz. Ruxsat olingandan so‘ng o‘zbekistonliklar charter reys asosida Rossiyaga yuborilmoqda.

Yakka tartibda Rossiyaga keta olmaganlar Belarus orqali ushbu davlat hududiga o‘tishayotgani haqida eshitdim. Lekin bu nolegal, ertaga bu xatti-harakat uchun fuqaro faqatgina deportatsiya qilinmaydi, balki chegarani noqonuniy tartibda kesib o‘tgani bilan jinoiy javobgarlikka ham tortilishi mumkin.

***

Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmatining ma'lum qilishicha, hozirgi paytda mazkur masala yuzasidan O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan muzokaralar davom ettirilmoqda. Vazirlik mas'ul xodimi tez orada bu borada rasmiy munosabat bildirilishini ma'lum qildi.

  • O‘zbekiston rasmiylari Rossiya bilan qatnovlarni tiklashga tayyorligi va ikkinchi tomon bilan muzokaralar olib borayotgani haqida bundan uch oy oldin bayonot berishgan edi.
  • 17 dekabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin yillik an'anaviy matbuot anjumanida mamlakat chegaralari imkon bo‘lishi bilan ochilishini aytdi.
  • 18 dekabr kuni MDH sammitida O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston o‘zaro aviaqatnovlarni imkon qadar tezroq tiklash tarafdori ekanini bayon qildi.
Top