19:49 / 06.02.2021
12494
Samarqandda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining soxta xodimi talabalarga qoniqarli baho qo‘yishni talab qildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining qarori bilan o‘zini Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimi sifatida tanishtirib, Samarqanddagi universitetlaridan birining talabalariga davlat imtihonidan qoniqarli baho qo‘yishni talab qilgan shaxsga tegishli jazo tayinlandi.

Ma'lum bo‘lishicha, 2021 yilning 21 yanvar kuni Samarqand viloyatida yashovchi M.S. ushbu hududdagi oliy ta'lim muassasasi rahbariyatiga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimi sifatida tanishtirgan hamda mazkur universitet talabasi – tanishi D.Yu. va guruhning boshqa 17 nafar talabasiga chet tili fani bo‘yicha o‘tkazilayotgan davlat imtihonidan qoniqarli baho qo‘yishni talab qilgan.

Agentlik tomonidan e'lon qilingan xabarda qayd etilishicha, fuqaroning ushbu noqonuniy talabi OTM tomonidan bajarilmagach, fuqaro M.S. takroran qo‘ng‘iroq qilib, ushbu vaziyatni zudlik bilan ijobiy hal qilishni, aks holda mas'ullar Toshkent shahriga chaqirtirilishi bilan tahdid qiladi.

«Joriy yilning 29 yanvar kuni mazkur holat yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga murojaat kelib tushdi hamda fuqaro M.S.ning noqonuniy xatti-harakatlariga nisbatan qonuniy chora ko‘rish so‘raldi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda tegishli idoralar tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida fuqaro M.S.ning noqonuniy xatti-harakatlari to‘g‘risida olingan dastlabki ma'lumotlar o‘z tasdig‘ini topdi.

Holat yuzasidan 3 fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida mazkur ish ko‘rib chiqildi. Sud jarayonida M.S. va D.Yu. aybiga iqror ekani, mazkur noqonuniy xatti-harakatlarni avvaldan til biriktirgan holda amalga oshirganiga iqror bo‘lib, hozirda qilmishidan pushaymonligini aytdi», deyiladi agentlikning rasmiy munosabatida.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining qarori bilan fuqarolar M.S. va D.Yu. Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1975-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilib, tegishli jazo tayinlangan.

Mazkur moddada ta'lim muassasasi pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga ta'lim oluvchilar bilimini to‘g‘ri va xolis baholashiga ta'sir ko‘rsatish bilan ifodalangan tarzda qonunga xilof ravishda aralashish yoki ta'lim muassasasi pedagog xodimining xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solish ko‘zda tutilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘zini agentlik xodimi sifatida tanishtirib, biror narsa ta'ma qiluvchi, xizmat buyuruvchi yoki boshqa noqonuniy xatti-harakatlarni amalga oshiruvchi fuqarolarga duch kelganda 71 202 04 00 (715) telefon raqami orqali holat haqida zudlik bilan xabar berishni so‘ragan.

Avvalroq Samarqandda soxta o‘t o‘chiruvchilar va IIB xodimi, Toshkent viloyatida soxta «GAI» xodimi, Sirdaryoda soxta prokuror, Toshkentda soxta Milliy gvardiya mayori, Surxondaryoda o‘zini «ichki ishlar organi mayori» deb tanishtirib yurgan soxta xodim qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.

Top