12:31 / 13.04.2021
2575
To‘lov terminalini ajratish va o‘rnatish muddati qisqartirildi

Markaziy bank O‘zbekiston hududida bank kartalarining chiqarilishi va muomalada bo‘lishi qoidalari to‘g‘risidagi nizomga sharh e'lon qildi.

Bank kartalari muomalasiga oid bir nechta me'yoriy-huquqiy hujjatlar qayta ko‘rib chiqilishi va unifikatsiya qilinishi natijasida “O‘zbekiston hududida bank kartalarining chiqarilishi va muomalada bo‘lishi qoidalari to‘g‘risidagi nizom” yagona hujjat tarzida ishlab chiqildi va Adliya vazirligida joriy yil 3 aprelda davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. 

Markaziy bank xabariga ko‘ra, yangi tahrirdagi me'yoriy hujjatni ishlab chiqish jarayonida tijorat banklari va keng jamoatchilik, jumladan, tadbirkorlik sub'yektlari taklif va mulohazalari ham o‘rganib chiqilgan. 

Nizomda karta hisobvarag‘ini to‘ldirish amaliyoti karta hisobvarag‘ini ochgan yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkorlarning to‘lov topshiriqnomasi asosida istalgan talab qilib olinguncha depozit hisobvarag‘idan amalga oshirilishi belgilandi. Avvalgi tartibga ko‘ra karta hisobvarag‘ini to‘ldirish faqat asosiy talab qilib olinguncha depozit hisobvarag‘idan amalga oshirilgan.

Shuningdek, yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun chet el valutasidagi bank kartalarini emissiya qilish va ular tomonidan mazkur bank kartalari orqali nosavdo tusdagi valuta operatsiyalarini (xizmat safari xarajatlari va h.k.) amalga oshirishda foydalanish mumkinligi belgilandi.

To‘lov terminalini ajratish bo‘yicha qilingan murojaatlarni ko‘rib chiqish muddati bir oydan o‘n ish kuniga hamda mijozning o‘zida mavjud bo‘lgan to‘lov terminaliga dasturiy ta'minotni o‘rnatish yuzasidan kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish muddati bir haftadan uch bank ish kuniga qisqartirildi.

Bundan tashqari, hujjatdan “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi qonunda to‘lov tizimlari sub'yektlari va bank kartalariga doir belgilangan asosiy qoidalar va talablar ham o‘rin oldi.

Mazkur nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi bilan bir qatorda sohaga doir bir nechta me'yoriy-huquqiy hujjatlar bekor qilindi. Xususan:

“Tijorat banklari tomonidan bank kartalarini chiqarish va ularni O‘zbekiston Respublikasida muomalada bo‘lishi tartibi to‘g‘risida”gi nizom (ro‘yxat raqami 1344, 2004 yil 30 aprel);

“Yuridik shaxslar tomonidan milliy valutadagi korporativ bank kartalaridan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi nizom (ro‘yxat raqami 1470, 2005 yil 18 aprel);

“Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan milliy valutadagi bank kartalaridan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi nizom (ro‘yxat raqami 1850, 2008 yil 4 sentabr);

“To‘lov terminallari bilan jihozlash va aholi bilan pul hisob-kitoblarini amalga oshirishda ularni qo‘llash tartibi to‘g‘risida”gi nizom (ro‘yxat raqami 1986, 2009 yil 27 iyul).

Top