14:40 / 21.04.2021
5582
Soliq to‘lovchilardan ortiqcha to‘lov olinishiga yo‘l qo‘ygan 19ta tuman DSI rahbarlari jazolandi

Davlat soliq qo‘mitasi soliq to‘lovchilardan ortiqcha to‘lov undirilishi noqonuniyligini ma'lum qildi, bunga yo‘l qo‘ygan 19ta tuman DSI rahbarlari jazolangan.

DSQ matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 2021 yil I chorakda ortiqcha to‘lovlar undirilishiga yo‘l qo‘ygan 3ta tuman DSI rahbari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Bundan tashqari, yana 16ta tuman DSI rahbarlariga «hayfsan» berildi hamda maxsus unvoni darajasi pasaytirildi.

Xabarda soliq to‘lovlari bo‘yicha belgilangan majburiyatini bajargan shaxslardan ortiqcha to‘lov talab qilish noqonuniyligi ta'kidlangan.

«Davlat soliq qo‘mitasi hududiy davlat soliq organlari xodimlarini soliq to‘lovchilardan ortiqcha to‘lov talab qilmasliklari yuzasidan qat'iy ogohlantirdi. Ortiqcha to‘lovlar olinishiga yo‘l qo‘yilgan taqdirda DSQ tomonidan qonuniy choralar ko‘riladi», - deyiladi rasmiy xabarda.

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda soliq organi xodimlari sotuvchi ayollarning buyumlarini tortib olishga urinib, yerda sudragani aks etgan video tarqalgandi. Holat tarmoqda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Shundan so‘ng Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev ushbu holat aks etgan video bo‘yicha munosabat bildirib, soliqchilarning xatti-harakati uchun uzr so‘radi.

Davlat soliq qo‘mitasi yuz bergan voqeadan so‘ng Olmaliq shahar Davlat soliq inspeksiyasining 11 nafar xodimi, jumladan, voqeada bevosita ishtirok etgan uch nafar soliq inspektori ishdan bo‘shatilgani va ularning barcha maxsus unvonlari bekor qilinganini ma'lum qildi.

Top