11:26 / 15.04.2021
35057
Soliqchilar sotuvchi ayollardan birini yerda sudragani aks etgan video tarqaldi

Ijtimoiy tarmoqlarda soliq organi xodimlari sotuvchi ayollarning buyumlarini tortib olishga urinib, yerda sudragani aks etgan video tarqaldi. Bu holat internet foydalanuvchilari orasida muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Foto: Videodan kadr

Videoda ma'lum bo‘lishicha, soliqchilar ko‘chada sotuvchilik qilayotgan ayollarning buyumlarini tortib olib, mashinaga yuklashga uringan. Jarayonni videoga olgan ayolning aytishicha, 10 A 042 RA raqamli avtomobilda kelib, sotuvchi ayollarning buyumlarini tortib olishga uringan shaxslar soliq organi xodimlaridir. Ayollardan biri buyumlarini berishni xohlamagan, soliq organi xodimi uni yerda sudrab, sumkasini majburan olib qo‘ygan.

«Uyimda non qolmadi, ber narsalarimni», deya baqiradi sotuvchi ayol.

Soliqchilardan biri «bu yer bozor emas»ligini aytadi. «Necha marta kelish kerak», deya dag‘dag‘a qiladi u.

Hozircha voqea qachon va qayerda sodir bo‘lgani ma'lum emas. Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, qo‘mita bu holatni o‘rganmoqda va tez orada rasmiy ma'lumot beriladi.

Shuningdek, DSQ matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda ushbu video tarqalgan guruhlarda shunday izoh qoldirgan:

«Davlat soliq qo‘mitasi mazkur holatni o‘rganib chiqib, batafsil ma'lumot beradi. Har qanday holatda ham soliq organlari xodimlariga kuch ishlatish vakolati berilmagan. Shuning uchun avvalo videoda ishtirok etganlar shaxsiga oydinlik kiritiladi. Keltirilgan faktlar tasdiqlangan taqdirda aybdorlarga nisbatan qat'iy choralar ko‘riladi». 

Top