21:06 / 05.06.2021
24096
Navoiy viloyati hokimligi 369 mln so‘mga Malibu sotib olmoqda. Bu – qonunchilikka zid

Navoiy viloyati hokimligi 369 mln so‘mga yangi Malibu-2 avtomobilini sotib olmoqda. Yangi avtomobil hokimning yangi o‘rinbosari uchun mo‘ljallangan. Biroq hukumat qaroriga asosan, viloyat hokimlarining o‘rinbosarlari uchun 367,5 mln so‘mdan qimmat avtomobil sotib olish mumkin emas.

Foto: UzAuto Motors

Navoiy viloyati hokimligi 369 mln so‘mga yangi Malibu-2 avtomobilini sotib olmoqda. Tegishli ma'lumotlar davlat xaridlari portaliga joylangan.

Ma'lum bo‘lishicha, hokimlik yangi avtomobil xaridi borasida 2021 yil 18 may kuni «Navoiy Avtotexxizmat» MChJ bilan shartnoma tuzgan. 3 iyun kuni bu shartnoma shartlariga o‘zgartish kiritish bo‘yicha qo‘shimcha kelishuv imzolangan.

Navoiy viloyati hokimligi matbuot xizmati Kun.uz so‘roviga javoban ma'lum qilishicha, 369 mln so‘mlik mashina yangi joriy etilgan viloyat hokimi o‘rinbosari lavozimi uchun mo‘ljallangan.

Biroq, aprel oyidagi hukumat qaroriga asosan, viloyatlar hokimlarining o‘rinbosarlari uchun sotib olinadigan avtomobillarning eng yuqori narxi 1500 BHM deb belgilangan. Bu – hozirgi vaqtda 367,5 mln so‘mni tashkil etadi (1500x245000).

Davlat xaridlari portalidagi ma'lumotga ko‘ra, xarid haqidagi shartnomaga muvofiq hokimlik mashina narxining 100 foizini iyun oyida to‘lashi kerak. Biroq hokimlik matbuot xizmati Kun.uz'ga taqdim etgan izohda Malibu-2 avtomobili hali sotib olinmaganini iddao qildi.

«Ayni paytda «Malibu» rusumidagi avtomashina xarid qilinmagan, faqatgina tender asosida sotib olish uchun lot shakllantirilgan.

Tender tanloviga qo‘yilgan avtomashina «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi O‘zbekistan Respublikasi Qonunining 21-moddasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 apreldagi «Turizm va sport vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi PQ-5054-sonli qaroriga asosan, 2021 yilning 28 aprel kuni Navoiy viloyati hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangan Mirzayev Sa'dullo Mirzayevichga mo‘ljallangan», – deyiladi Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati izohida.

Rasmiy bildirishda, shuningdek, aprel oyidagi hukumat qaroriga binoan xizmat avtomobillari mansabdorlarga shaxsan biriktirilishi, qaror «talablaridan kelib chiqqan holda tender loti shakllantirilgani» aytiladi.

Davlat xaridlari portalidagi ma'lumotga ko‘ra, Navoiy viloyati hokimining 3 iyundagi farmoyishiga asosan, viloyat mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan 601,1 mln so‘m mablag‘ viloyat hokimligiga xizmat avtomashinasi sotib olishga yo‘naltiriladi. Bu 601,1 mln so‘mning barchasi – davlat mulkini xususiylashtirishdan tushgan mablag‘lardir.

Hokimning bu farmoyishidan ko‘rinishicha, Prezident Administratsiyasining 2021 yil 12 maydagi 08-851-sonli xatiga asosan, madaniyat va san'at, ma'naviyat va ma'rifat, ijodiy yo‘nalishlarda viloyatga tashrifi rejalashtirilgan ishchi guruh a'zolarining ovqatlanishi va mehmonxona xarajatlari uchun mahalliy budjetning zaxira jamg‘armasidan 150 mln so‘m ajratilgan.

Ma'lumot uchun, «NAVOIYAVTOTTEXXIZMAT» MChJ 1995 yilda davlat ro‘yxatidan o‘tgan, asosiy faoliyat turi – avtomobillar chakana savdosi. Yetkazib beruvchining ustav fondidagi 52 foiz ulush «Komron Progress Trading Navoiy» MChJga tegishli. Rahbar – Baxtiyorov Abror Baxtiyorovich.

Korxonaning qolgan ulushlari «Sergeli Avtotexxizmat» MChJ (14,30 foiz), «O‘zavtotexxizmat» MChJ (10,20 foiz), Niyoz Ibodov (10,10 foiz) va nomi oshkor qilinmagan jismoniy shaxslarga (13,40) tegishli.

«Komron Progress Trading Navoiy» MChJ 2016 yilda tashkil etilgan. Asosiy faoliyat turi – g‘alla, urug‘lar va hayvonlar uchun ozuqalarning ulgurji savdosi. Ustav fondi – 1,2 mlrd so‘m.

Korxonaning 99,1 foiziga Umarova Salima Baxronovna, 0,9 foiziga Boybekova To‘xta Adizova egalik qiladi. Korxona rahbari – Zokirov Furqat Erkin o‘g‘li.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilda Navoiy viloyatidagi 8 ta tuman hokimlariga Malibu-2 avtomobillari tarqatilgani jamoatchilik e'tiroziga sabab bo‘lgandi.

  • Avvalroq Oliy ta'lim vazirligi Malibu-2 sotib olayotgani, Qoraqalpog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi yangi rahbari ishni Malibu-2 xaridi bilan boshlagani xabar qilingandi.
  • 2020 yil davomida, pandemiya bo‘lishiga qaramay, ko‘plab davlat amaldorlari qimmatbaho avtomashinalar sotib olgani e'tirozlarga sabab bo‘lgandi.
Top