19:58 / 30.06.2021
9806
Samarqand davlat universitetining O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti tashkil etildi

Hukumatning 2021 yil 29 iyundagi 408-sonli qarori bilan Samarqand davlat universitetining Pedagogika instituti negizida Samarqand davlat universitetining O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti tashkil etildi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, pedagogika sohasi bo‘yicha tarbiya va o‘qitish usullari, ta'lim jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llash ko‘nikmalariga ega professional oliy ma'lumotli kadrlarni tayyorlash institutning asosiy vazifalaridan biri etib belgilangan. Institut davlat oliy ta'lim muassasasi sifatida tashkil etilgan.

Qayd etilishicha, institutda o‘quv jarayoni Finlandiya ta'lim dasturlari va texnologiyalari asosida tashkil etiladi. U 2021/2022 o‘quv yilidan o‘z faoliyatini boshlaydi.

Mazkur institut tashkil etilgani tufayli SamDUda pedagogika ta'lim sohasining bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va ularning negizidagi tegishli magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qabul to‘xtatiladi.

Ta'kidlanishicha, 2021/2022 o‘quv yili uchun institutga kunduzgi, sirtqi hamda kechki ta'lim shakli bo‘yicha qabul parametrlari davlat komissiyasi qaroriga asosan belgilanadi. 2022/2023 o‘quv yilidan esa har yili tasdiqlanadigan respublika OTMga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Top