Mamlakatdagi 94-95 foiz chorvani yetishtirib beruvchi aholi vakillarining ko‘pchiligida chorva boqishga joy, yedirish uchun ozuqa yo‘q.
Shu sababli, odamlar bugun mol, qo‘ylarini bozorda ancha arzon narxda, asosan, qassoblarga sotishga majbur bo‘lmoqda.
Mutaxassislarga ko‘ra, ahvol shu darajada davom etib, shoshilinch choralar ko‘rilmas ekan, mamlakatni juda og‘ir oqibatlar: chorva sonining kamayib ketishi, go‘sht va sut mahsulotlari narxining esa keskin oshishi kutadi.
Kun.uz muxbiri O‘zbekiston chorvachiligi tushib qolgan bugungi og‘ir ahvol, uning sabablari va ko‘rilishi kerak bo‘lgan shoshilinch choralar yuzasidan qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Nasriddin Xalilov bilan intervyu uyushtirdi.
Intervyuning birinchi qismi avvalroq e'lon qilinib, matnlashtirilgan holda taqdim etilgan edi. Quyida suhbatning ikkinchi qismi matni juz'iy qisqartirishlar bilan e'lon qilinmoqda.
— Bugun ozuqa yo‘qligi sabab, ko‘plab o‘zbekistonliklar chorva mollarini bozorga chiqarib sotmoqda. Chorva narxi keskin tushib ketgan. Ekspertlarning fikricha, bu holat keyinchalik chorva sonining keskin kamayishi va go‘sht narxining o‘sishiga olib keladi. Siz, shu soha olimlaridan biri sifatida bu fikrlarga qanday qaraysiz?
— Mantiqli savol. Muammo to‘g‘ri qo‘yilyapti. Shu ketishda ketsa, go‘sht va sut mahsulotlari narxi qimmatlashib boraveradi. Eng muhimi, tuyoqlar, chorva mollarining bosh soni kamayadi.
Xo‘sh, bunday paytlarda nima qilish kerak?

Hozir biz 1 mln. gektardan ziyod suvli maydonda g‘alla ekamiz. Undan bo‘shagan maydonlar yoshlarga bo‘lib berilyapti. Shu jarayonda yerlarni olayotgan yoshlar fermer xo‘jaliklari bilan shartnoma tuzib, chorva uchun ozuqa, yashil massa ham yetishtirishi kerak. Biz hozir shu kabi qo‘shimcha rezervlar bilan chorva sonini saqlab qolishga harakat qilishimiz kerak. Agar bunday qilinmasa, yuqorida taxmin qilgan muammomiz – 1-2 yil ichida qalqib chiqadi. Bu vaqtda esa muammoni yechish qiyin bo‘ladi.









